12:26 / 06.01.2023
767

Germaniya Putinni Ukrainadan qo‘shinlarni butunlay olib chiqib ketishga chaqirdi

Germaniya Putinni Ukrainadan qo‘shinlarni butunlay olib chiqib ketishga chaqirdi
Annalena Berbok / Foto: Anadolu agency
Berlin Putinning Ukrainada o‘t ochishni to‘xtatish haqidagi qarorini e’tiborga oldi, dedi Germaniya hukumati vakili. Bu qaror ukrainaliklarga tinchlik va xavfsizlik olib kelmaydi, deb ma’lum qildi Germaniya tashqi ishlar vaziri Berbok.

Germaniya hukumati Rossiya prezidenti Vladimir Putinning 6 va 7 yanvar kunlari Ukrainada Rojdestvoda o‘t ochishni to‘xtatish tartibini joriy etish haqidagi buyrug‘iga vazminlik bilan munosabat bildirdi. «Biz bu bayonotni e’tiborga oldik», dedi federal hukumat vakili payshanba kuni Berlinda. Uning so‘zlariga ko‘ra, har qanday jangovar harakatlarni to‘xtatish odamlarning hayotini saqlab qoladi, ammo yakunda Rossiya o‘z qo‘shinlarini Ukrainadan butunlay olib chiqib ketishi va shu tariqa istalgan vaqtda bu urushni to‘xtatishi kerak. «Biz Rossiyani shunday qilishga chaqiramiz», — deya qo‘shimcha qildi u.

Germaniya tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok, o‘z navbatida, Kreml egasining bayonotini keskin tanqid qildi. «O‘t ochishni to‘xtatish kelishuvi Rossiya okkupatsiyasi ostida har kuni qo‘rquvda yashayotgan odamlarga tinchlik va xavfsizlik olib kelmaydi», — deb yozdi Berbok Twitter'da. Uning so‘zlariga ko‘ra, Putin «qisqa tanaffusdan keyin urushni davom ettirish» niyatida ekanligi aniq. Agar Putin tinchlikni istasa, «askarlarini uyiga olib ketardi va urush tugardi». Shuning uchun Germaniya «ukrainaliklarni yana tinch va erkin yashashi uchun qo‘llab-quvvatlashda davom etadi», dedi nemis vaziri.

AQSH prezidenti Jo Bayden payshanba kuni Vashingtonda Putin sulh e’lon qilish orqali Ukrainaga qarshi urushda bir muddat tin olishga harakat qilayotganini aytdi. Unga ko‘ra, Putin 25 dekabr kuni katoliklarning Rojdestvo bayrami va yangi yil bayramlarida «kasalxonalar, bolalar bog‘chalari va cherkovlarni bombardimon qilishga» tayyor edi. «Menimcha, hozir u tin olishga harakat qilmoqda», — dedi Oq uy rahbari.

Ukrainada Putinning qarori «ikkiyuzlamachilik» deb ataldi. «Ukraina chet el hududiga hujum qilmayapti va tinch aholini o‘ldirmayapti, xuddi Rossiya kabi», — deb yozdi Ukraina prezidenti devoni rahbari maslahatchisi Mixail Podolyak Twitter'da. «Ukraina o‘z hududida faqat okkupatsion armiya a’zolarini yo‘q qilyapti. Rossiya bosib olingan hududlarni tark etishi kerak - shundan keyingina u «vaqtinchalik sulhni» boshlaydi. Ikkiyuzlamachilikni o‘zingizga qoldiring», deyiladi bayonotda.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin mudofaa vaziri Sergey Shoyguga 6 yanvar tushdan 7 yanvarga o‘tar kechasi yarim tungacha o‘t ochishni to‘xtatish rejimini joriy etish bo‘yicha topshiriq berdi, deb xabar qildi 5 yanvar, payshanba kuni Rossiya prezidenti matbuot xizmati. Xabarda aytilishicha, rejim Ukrainadagi tomonlar o‘rtasidagi harbiy aloqaning butun chizig‘i bo‘ylab amal qiladi.

Putin o‘z qarorini payshanba kuni Ukrainadagi urushda Rojdestvo sulhiga chaqirgan patriarx Kirillning murojaatini inobatga olgan holda qabul qildi. «Pravoslavlikka e’tiqod qiluvchi ko‘p sonli fuqarolar jangovar hududlarda istiqomat qilayotganidan kelib chiqib, biz Ukraina tomonini o‘t ochishni to‘xtatishni e’lon qilishga va ularga Rojdestvo arafasida, shuningdek, Rojdestvo kunida tegishli marosimlarda qatnashishlariga ruxsat berishga chaqiramiz», — deyiladi Putinning ko‘rsatmasida.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo