date
views 340

Rossiyalik hakerlar AQSHning uchta yadro laboratoriyasiga hujum qildi

Rossiyalik hakerlar AQSHning uchta yadro laboratoriyasiga hujum qildi
Foto: Reuters
Cold River deb nomlanuvchi rus hakerlari guruhi yozda AQSHdagi uchta yadroviy tadqiqot laboratoriyasiga hujum qildi, deb xabar berdi Reuters.

Avgust-sentyabr oylari orasida prezident Vladimir Putin Rossiya Federatsiyasi o‘z hududini himoya qilish uchun yadro qurolidan foydalanishga tayyorligini e’lon qilganida, Cold River tomonidan Brukxeyven (BNL), Argon (ANL) va Livermor milliy laboratoriyasiga (LLNL) hujum qilingan.

Shu bilan birga, jurnalistlar nima uchun ushbu laboratoriyalar nishon sifatida tanlangani, shuningdek, hujumlar muvaffaqiyatli bo‘lgan-bo‘lmaganini aniqlay olmagan. Kiberxavfsizlik bo‘yicha tadqiqotchilar va G‘arb rasmiylariga ko‘ra, 24 fevral kuni Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bostirib kirishi ortidan Cold River hakerlari Kiyev ittifoqchilariga qarshi faollashgan.

Qayd etilishicha, Amerika laboratoriyalariga hujum MAGATE ekspertlari hozirda ishg‘ol ostida bo‘lgan eng yirik Zaporojiye atom elektr stansiyasini tekshirish uchun borganida sodir bo‘lgan.

Jurnalistlarning yozishicha, Cold River guruhi ilk bor 2016 yilda Britaniya Tashqi ishlar vazirligiga qilingan hujumdan keyin razvedka mutaxassislari nazariga tushgan edi. Ular, shuningdek, so‘nggi yillarda o‘nlab boshqa shov-shuvli hakerlik hujumlarida ishtirok etgan.

«Bu juda jiddiy hakerlik guruhlaridan biridir. Ular Kremlning axborot operatsiyalarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘llab-quvvatlashda ishtirok etadi», deydi Amerikaning CrowdStrike kiberxavfsizlik firmasining razvedka bo‘yicha katta vitse-prezidenti Adam Meyers.

Ko‘plab G‘arb rasmiylariga ko‘ra, Rossiya hukumati hakerlik va kiberjosuslik bo‘yicha dunyoda yetakchi hisoblanadi. Biroq, Moskvaning o‘zi hakerlik operatsiyalarini amalga oshirayotganini doimo rad etadi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Rossiyalik hakerlar AQSHning uchta yadro laboratoriyasiga hujum qildi