
Umayya ibn Xalaf o‘zining musulmon quli Bilol ibn Rabohni jazirama sahro quyoshi ostida va issiq qum ustida qiynoqqa solar va unga: «O‘lguningcha yoki Muhammad ibn Abdullohga kofir bo‘lmagunincha shunday qolasan!», derdi.
Bilol esa o‘zining mashhur «Ahadun Ahad» so‘zlarini takrorlayverdi. Buni eshitgan mushriklarning g‘azabi jazirama quyoshidan ham ko‘proq alanga olaverdi.
Ancha zamonlar o‘tib, bir kuni sahobalar undan: “Ey Bilol, nega Allohning boshqa ismi o‘rniga «Ahadun Ahad» deding?” deb so‘rashgan edi. Shunda Bilol roziyallohu anhu javob berdi: «Avval boshqa gaplarni aytdim. Ammo keyin men ularni eng ko‘p g‘azablantirgan narsa Allohning mana shu ismi ekanini payqadim va uni takrorlayverdim».
Quraysh mushriklari Allohning kimligini bilishar va unga sig‘inamiz degan fikrda yurishardi. Lekin ular, shuningdek, Lot va Uzzo kabi kichikroq «xudolar» ham bor, ularga ham sig‘inish kerak, chunki kichik “xudo”lar eng buyuk Xudo deb bilgan Allohning huzurida shafoat qilishlari mumkin, deb o‘ylashar edi. Bu ular o‘zlarini aldagan shirk edi.
Agar Bilol «Alloh, Alloh» desa, ular ranjimas, chunki ular Allohning Xoliq (Yaratuvchi) yoki Alloh (Xudo) kabi boshqa ismlarini ham bilardilar.
Agar ulardan: «Osmonlaru yerni kim yaratdi?» – deb so‘rasang, albatta, «Alloh!» – derlar...» (Zumar surasi, 38-oyat).
Lekin Allohning ular hech qachon qabul qilmagan yagona sifati Uning mutlaq birligi, ya’ni yagonaligi edi.
Allohning bu ismini inkor etishlari ochiq va ochiqdan-ochiq shirk edi. Agar Alloh Ahad – yagona bo‘lsa, ularning yuzlab barcha «kichik xudolari» yolg‘on edi.
Shuning uchun Bilol uni qiynaganlarida takrorlash uchun aytishi mumkin bo‘lgan barcha so‘zlardan bu ismni tanladi.
Hatto qiynoqlar paytida ham ularni masxara qilishda davom etdi. Qo‘rquv yo‘q edi. Faqat mushriklarga itoatsizlik bor edi.
Zero, tavhid haqida gap ketganda iltimos, iltijo yoki talabga yon berishlar, hech qanday diplomatik «murosa» ketmaydi. Bilol, uning e’tiqodi mushriklarnikidan farq qilishi va chegaralanishini ko‘rsatib berishdan qo‘rqmadi. Iymoni unga kuch berdi!
Tasavvur qiling, sizda ham shunday kuch va iymon bor!
Yoqub Umar tayyorladi
Manba: Azon.uz

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar