
Istanbul shahrida yashovchi dizayner Eda Toshpinar yangi yilni masjid mehrobida kutib oldi. Aniqrog‘i u Istanbuldagi masjidga oyoq kiyimi bilan kirib, mehrob oldida yarim yalang‘och o‘tirgan holda suratga tushdi. Bu rasmni dizayner o‘z Instagram sahifasida go‘yo yangi yil tabrigi sifatida tarqatdi.
Turkiyadagi masjidlarga tomosha qilish uchun kiradigan g‘ayridin ayollar ham avratlarini to‘sib, boshlariga ro‘mol o‘rashlari talab etiladi. Katta masjidlarning eshigi oldida keng ko‘ylak va ro‘mollar turadi hatto.
Toshpinarning musulmonlar e’tiqodini kamsitishiga, oyoq kiyimi va nomuvofiq kiyimlarda masjidda suratga tushib, tarqatishiga jamiyatning barcha qatlamlari tomonidan munosabat bildirildi. Uning bu qilig‘i, Turkiya jamoatchiligi tomonidan g‘azab va nafrat bilan qarshi olindi.
Ijtimoiy tarmoqlarda “Bunday hurmatsizlik qilish uchun odam esini yegan bo‘lishi kerak!” “Ibodat joylari barcha din vakillari uchun muqaddasdir. Bu hazillashadigan ish emas”, “Odamlarni e’tiqodi uchun masxara qilib bo‘lmaydi”, “Suvdan quruq chiqib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik kerak”, “U uzr so‘rashi kerak” kabi ko‘plab chaqiriq va e’tirozlar bildirildi.
Dizayner suratni Instagramdan o‘chirib tashladi, biroq uzr so‘rashni lozim topmadi.
Istanbul Bosh prokuraturasi Eda Toshpinarning bu qilmishi uchun tergov boshlaganini bildirdi. Jinoyat ishi Turkiya Jinoyat Kodeksining 216-moddasi doirasida "xalqning nafrat va adovatini qo‘zg‘atish yoki kamsitish" moddasi bo‘yicha ochilgani ma’lum qilindi.
Eda Toshpinar 1980 yili Istanbulda tug‘ilgan. U Turkiyaning birinchi turk haykaltaroshi va Otaturk haykalini yasagan Kenan Yontunning nabirasidir.
Ahmad Ali tayyorladi
Manba: Azon.uz

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar