337
Italiyada «Koza nostra» mafiyasining 30 yil davomida qidiruvda bo‘lgan bossi qo‘lga olindi

Matteo Messina Denaro (o‘ngda)
Foto: Reuters
Italiya politsiyasi Matteo Messina Denaroni qo‘lga oldi, u Sitsiliyaning «Koza nostra» jinoiy guruhi yetakchilaridan biri hisoblanadi. Bu haqda ANSA agentligi o‘z manbalariga tayanib xabar bermoqda.
Mafiya bossi Sitsiliya viloyatining Palermo shahridagi xususiy klinikada davolanayotgan paytida qo‘lga olingan. Uni qo‘lga tushirish bo‘yicha maxsus operatsiyani mahalliy prokuror muvofiqlashtirgan.
Matteo Messina Denaro 1993 yildan buyon qidiruvda bo‘lgan va Italiyaning eng ko‘p qidirilayotgan mafiozilaridan biri bo‘lgan. U o‘nlab qotilliklar uchun sirtdan umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan. U, shu jumladan, 1992 yilda italiyalik tergovchilar va mafiyaga qarshi kurashuvchilar Jovanni Falkone va Paolo Borsellinoni o‘ldirishda qatnashganlikda ham ayblanmoqda. Shuningdek, u 1993 yilda Milan, Florensiya va Rimdagi portlashlarga ham aloqador deb hisoblaniladi.
2006 yilda Sitsiliya mafiyasi yetakchisi Bernardo Provensano hibsga olingach, Messina Denaro «Koza nostra» yetakchilaridan biriga aylangan. U qidiruv davom ettirilgan «birinchi kattalikdagi» so‘nggi mafiozi bossi bo‘lib qolgandi, deb yozadi ANSA.
Agentlik qayd etishicha, Messina Denaro 38 yil davomida adolatdan qochib yurgan Bernardo Provensanodan bir necha yilga kamroq vaqt mobaynida qidiruvda bo‘lib kelgan. Sitsiliya mafiyasining yana bir bossi Salvatore Toto Riina esa 23 yil davomida qidiruvda bo‘lgandi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar