
Foto: Reuters
AQSH prezidenti Jo Bayden mamlakat janubi-sharqidagi Jorjiya shtatida bo‘ron va tornado tufayli tabiiy ofatlar rejimini eʼlon qildi. Bu haqda Oq uy saytida xabar berildi.
«AQSH prezidenti Jo Bayden Jorjiya shtatida keng ko‘lamli tabiiy ofat rejimini eʼlon qildi hamda kuchli bo‘ronlar, shamol va tornadolardan zarar ko‘rgan hududlarda mahalliy va shtat darjasidagi tiklash ishlarini amalga oshirish uchun federal yordam ko‘rsatishni buyurdi», — deyiladi xabarda.
Rejim 12 yanvardagi tabiiy ofatdan jabr ko‘rgan Buts, Genri, Jasper, Meriuezer, Nyuton, Spolding va Trop okruglarida amal qiladi. Yordam vaqtinchalik boshpana berish va uy-joylarni taʼmirlash uchun grantlar, sug‘urta qilinmagan mulklardagi yo‘qotishlarni qoplash uchun arzon kreditlar ajratish va boshqa choralarni o‘z ichiga oladi. Davlat yordamidan yakka tartibdagi korxonalar ham, jismoniy shaxslar ham foydalanishi mumkinligi aytilmoqda.
12 yanvar kuni Amerikaning janubiy shtatlarida tornado va bo‘ronlar kuzatildi. Birgina Alabama shtatida yetti kishi halok bo‘ldi, deb yozadi The New York Times. Jorjiyada besh yoshli bolakay halok bo‘ldi: u ketayotgan mashina ustiga daraxt qulab tushgan. CNN to‘qqiz kishi halok bo‘lganini xabar qildi.
Dovul 13 yanvar kuni ertalab to‘xtadi, biroq Alabama va Jorjiya shtatlarining minglab aholisi elektrsiz qolmoqda, deb yozadi gazeta. Tornado boshqa qo‘shni shtatlarga, jumladan Tennessi, Kentukki va Janubiy Karolina shtatlariga ham taʼsir ko‘rsatdi. CNN maʼlumotlariga ko‘ra, Jorjiya shtatining Spalding okrugidan o‘tgan tornado tezligi soatiga 178 kilometrga yetgan. Xuddi shu hududdagi yana bir girdobning tezligi, Milliy meteorologiya xizmati mutaxassislarining fikriga ko‘ra, soatiga 218—265 kilometrga chiqqan.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar