
Foto: Getty Images
Buyuk Britaniya mudofaa vaziri Ben Uolles London Ukrainaga nafaqat 14 ta Challenger 2 tankini, balki yana yuzlab zirhli transport vositalarini, jumladan «Bulldog» nomi bilan mashhur bo‘lgan FV432 bronetransportyorini ham jo‘natishini ma’lum qildi.
Britaniya parlamentida chiqish qilgan Uolles Ukrainaga yuborilayotgan oxirgi yordam paketini urush davridagi eng muhimi deb atadi.
«Bugungi paket Ukrainaning imkoniyatlarini sezilarli darajada oshiradi. Bu paket Ukraina qo‘shinlariga mudofaadan qarshi hujumga o‘tib, ruslarni Ukraina yerlaridan haydab chiqarishga imkon beradi», degan Uolles.
U Britaniya Ukrainaga Challenger 2 tanklarini yuborishini tasdiqladi. Shu tariqa, London Kiyevga G‘arb tipidagi tanklarni yetkazib bergan birinchi davlat bo‘ladi.
Shu bilan birga, u Ukrainaning boshqa ittifoqchilari, jumladan Polsha va Finlandiya ham Ukraina harbiylarini Leopard 2 tanklari bilan ta’minlay olishiga umid bildirdi.
Britaniya vaziri bu masalada hamma narsa Germaniyaga bog‘liqligini ta’kidladi. Aynan Berlin Leopard tanklarini ishlab chiqqan va ishlab chiqargan.
Uolles parlamentariylarga Britaniyada yana 20 ming ukrainalik askar o‘qitilishini xabar qildi.
Kiyev shuningdek, Londondan o‘ziyurar qurollar, 20 million funt sterlingga artilleriyani qo‘llab-quvvatlash uchun dronlar, 28 million funt sterlingga minalangan maydonlarni tozalash va suv o‘tish joylarini o‘rnatish uchun uskunalar, 100 ming dona artilleriya snaryadlari va yuzlab raketalar, shu jumladan baravar o‘t ochish tizimlari uchun GMLRS raketalarini oladi.
Ukrainaga yordam Britaniyani kuchsizlantiradimi?
Ayni paytda Britaniya qurolli kuchlari bosh shtabi boshlig‘i general Patrik Sanders Londonning Ukrainaga og‘ir texnikalar jo‘natish qarori Britaniya armiyasini vaqtincha zaiflashtirishini tasdiqladi.
Sanders Britaniya harbiylariga ichki xizmat maktubini yuborgan va bu xat BBC nashri muxbirlari qo‘liga ham tushgan.
Xatda, jumladan, shunday deyilgan: «Ukraina hozirda bizning tanklarimiz va qurollarimizga muhtoj. Men ular bu qurollardan samarali foydalana olishlarini bilaman».
«Ushbu texnikalarni chet elga yuborish bizning armiyamizni vaqtincha zaiflashtiradi, buni inkor etib bo‘lmaydi», deya yordam oqibatlarini tan olgan Britaniya armiyasi rahbari.
Shu munosabat bilan u Britaniyaning og‘ir texnika zaxiralarini imkon qadar tezroq qayta tiklashga chaqirgan.
«Bizning tanlovimiz (Ukrainaga yordam berish) NATO doirasidagi majburiyatlarimiz va Ukraina armiyasining Rossiyaga qarshi kurashish qobiliyatiga ta’sir qilishiga shubha yo‘q», deya qo‘shimcha qilgan general Sanders.
Shu bilan birga, Sandersning aytishicha, Britaniyaning Ukraina-Rossiya urushida Rossiyaning mag‘lubiyatini ta’minlashga intilishi «mamlakat xavfsizligini mustahkamlaydi».
Challenger 2 tanklari 1990-yillar oxirida ishlab chiqilgan. Ushbu tanklar Ukraina armiyasi ixtiyoridagi eng zamonaviy zirhli transport vositalaridan biri bo‘ladi.
Britaniya hukumatining ochiq ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu tanklarning 386 tasi mamlakat qurolli kuchlariga xizmatga kirgan. 2016 yil sentyabr holatiga ko‘ra esa, Britaniya armiyasida 227 ta Challenger 2 qolgan.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar