
Foto: Francisco Seco / AP / Scanpix / LETA
2022 yil yanvaridan sentyabrigacha Turkiyaga deyarli to‘rt million rossiyalik kelgan. Butun o‘tgan yil davomida Rossiyaning 153 ming nafar fuqarosi Turkiyada yashash uchun ruxsatnoma oldi va bu borada birinchi o‘rinni egalladi. Bundan tashqari, 2022 yilda rossiyaliklar Turkiyada 16 mingdan ortiq uy va kvartira sotib oldi, bu so‘nggi olti yildagidan ham ko‘proq. Biroq, dekabr oyi oxiridan rossiyalik muhojirlarga Turkiyada vaqtinchalik yashash uchun ruxsatnoma berish ommaviy ravishda rad etila boshlandi. Turkiya hukumati tomonidan cheklovlar bo‘yicha hech qanday rasmiy qaror e’lon qilinmadi. «Meduza» nashri Turkiyada muammolarga duch kelayotgan rossiyaliklar bilan suhbatlashdi.
Moskvalik Ivan Chernyavskiy Ukrainaga keng miqyosli bosqin boshlanganidan so‘ng, 2022 yil mart oyida Turkiyaga jo‘nab ketadi va aprel oyida Antalyada yashashga ruxsatnoma olish uchun notarial tasdiqlangan ijara shartnomasi va standart savollarga javob berilgan anketani migratsiya xizmatiga topshiradi.
«Tasdiqlashning o‘zi bir necha soat davom etdi va bir oy o‘tgach, men ikamet (yashash ruxsatnomasi) oldim. Hammasi juda oddiy va tez bitdi», deydi Ivan.
2022 yil 26 dekabrgacha rossiyaliklar yashash uchun ruxsatnoma berishning ommaviy rad qilinishiga duch kelmagan. Agar bu cheklovlar davlat tomonidan kiritilgan bo‘lsa, u holda bu ma’lum hududlarga nisbatan joriy qilinishi mumkin edi. Masalan, iyun oyida Antalya shahrining chet el fuqarolari soni umumiy aholi sonining 20 foizidan oshadigan bir qator tumanlarida yashash uchun ruxsatnomalar berish rasmiy ravishda to‘xtatildi.
Oktabr oyida, Rossiyada safarbarlik boshlanib, migrantlarning yangi to‘lqini paydo bo‘lganidan so‘ng, turk banklari kartalarni rasmiylashtirishda Rossiya Federatsiyasi fuqarolari uchun qo‘shimcha talablarni qo‘yishni boshladi, masalan, Turkiyada ishlash uchun ruxsatnoma, besh ming dollar depozit qo‘yish yoki 100 dollar komissiya to‘lash kabi.
Ammo 26 dekabrdan keyin, Ukrainadagi urush tufayli ko‘plab ruslarning yangi yashash joyiga aylangan Izmir va Fathiya shaharlarida bir necha kun ichidayoq Rossiya Federatsiyasi fuqarolariga yashash uchun ruxsatnoma berish butunlay to‘xtatildi. Bu haqda «Meduza» nashriga Rossiya va Ukrainadan kelgan muhojirlarning Turkiyaga joylashishiga yordam beruvchi Rossiyaning «Totamtotut» kompaniyasi mutaxassisi Daniil Shaulov ma’lum qilgan.
«26 dekabrdan keyin Fathiya va Izmirda vahima boshlandi. U yerda haqiqatan ham yoqimsiz holatlar yuz bergan. Odamlar migratsiya xizmatiga kelishi bilanoq, ularga darhol rad javobi berilishi aytilgan. Ofitserlar hujjatlarga rad etish belgisini qo‘ymagan va odamlar boshqa hududlardan yashash uchun ruxsatnoma olishga urinib ko‘rishlari mumkin edi. Yo‘qsa ularga darhol mamlakatdan chiqib ketish sanasi belgilanardi», deydi Shaulov.
Yashash ruxsatnomasi berishni rad qilish holatlari soni ortgani haqidagi xabardan so‘ng, turk byurokratiyasi bilan yuzma-yuz kelgan ruslar telegramda guruhlar tashkil qilgan. Foydalanuvchilar Turkiya davlat xizmatchilari ularga rad etish sabablarini tushuntirmaganini yozishgan.
«Amalda hamma rad javobi olmoqda va agar kimdir ruxsatnoma olsa, bu shunchalik tasodifiyki, mantiqni tushunishning iloji yo‘q. Yashash uchun ariza bergan rossiyaliklarning 80-95 foizi rad javobi olgan», deydi Turkiyada yashash uchun ruxsatnoma ololmagan rossiyalik Anton Kravsov.
Xorijiy fintex kompaniyasi rahbari Sergey Basharov sentyabr oyi oxirida, Rossiyada safarbarlik boshlanganidan keyin Turkiyaga uchib ketadi va riyeltor yordamida ijara shartnomasini tuzadi. Keyin riyeltor Basharovga yashash ruxsatnomasini olish uchun mutaxassis topishda yordam berdi.
«U (mutaxassis) yashash ruxsatnomasini olish uchun migratsiya xizmatiga qanday hujjatlar topshirish kerak bo‘lsa, barchasini tayyorladi. Keyinroq men migratsiya xizmatidan uchrashuv 1 dekabrga belgilangani haqida SMS oldim. Borib barcha hujjatlarni berib, biometrik ma’lumotlarni topshirdim. Hech qanday savol berishmadi, shunchaki SMS'ni kuting deyishdi. Va oxir-oqibat rad javobi keldi», deydi Basharov.
Ssenarist Yelena va uning turmush o‘rtog‘i 19 dekabr kuni Istanbuldagi migratsiya xizmatiga hujjatlarni topshirgan, biroq ular ham yashash uchun ruxsatnoma ololmagan.
«Hujjatlar va mutaxassis yordami uchun sarflangan mablag‘dan tashqari hech qanday fojia yo‘q. Ammo endi biz boshqa jumboqni hal qilishimiz kerak. Mening dugonamning Alanyadagi do‘stining yashash ruxsatnomasini muddatidan avval uzaytirishni rad qilishibdi. Va uning aytishicha, bu tez-tez sodir bo‘layotgan ekan», deydi Yelena.
Uning qo‘shimcha qilishicha, u va erining hujjatlarini rasmiylashtirish uchun 800 dollar sarflashgan. Va bu hujjatlar to‘plamini yig‘ishga yordam beradigan xizmatlar xodimlariga to‘lanishi kerak bo‘lgan eng katta summa emas.
Marketolog Mixail va uning hamrohiga ham Istanbulda yashash uchun ruxsatnoma berilmagan. Mixailning so‘zlariga ko‘ra, yuristlar yordamisiz hujjatlarni yig‘ish uchun u 3,5 ming liradan (186 dollar) ko‘proq pul sarflagan. Shundan bir yarim mingi ijara shartnomasini notariusda tasdiqlash uchun, ming lirasi pasportni turk tiliga tarjima qilish uchun va yana ming lira yillik sug‘urta qilishga ketgan.
«Meduza» bilan suhbatlashgan yana bir rossiyalikning aytishicha, u tarjima va to‘lovlar uchun 6 yarim ming liraga (345 dollar) yaqin pul sarflagan va rad javobini olgan.
Yashash ruxsatnomasini olishda aynan ruslar muammolarga duch kelmoqda. Ukraina fuqarosi Georgiyning «Meduza» nashriga aytishicha, u vatandoshlari yashash uchun ruxsatnoma olish bilan bog‘liq muammolarga to‘qnash kelgani haqida eshitmagan. Buni Daniil Shaulov ham tasdiqlagan.
«Men migratsiya xizmatiga 29 dekabrda borishim, do‘stim esa avvalroq – 26 dekabrda borishi kerak edi. Biz hujjatlarni muammosiz topshirdik va ijobiy javob oldik. Bu paytda ruslar orasida ommaviy rad etish haqidagi vahima allaqachon boshlangandi. Ko‘pchilik rossiyaliklar hamon Turkiya hukumatidan mo‘jiza kutmoqda yoki boshqa muqobil variantlarini izlamoqda», deydi ukrainalik Georgiy.
Migrantlarning juda katta miqdorda Turkiyaga kelishi oziq-ovqat mahsulotlaridan tortib, ko‘chmas mulkkacha bo‘lgan barcha narsalarning narxi oshishi va mahalliy aholi noroziligiga sabab bo‘ldi. Masalan, Change.org saytida Antalyada xorijliklarga uy-joy ijaraga olishni taqiqlashni talab qilgan petitsiya paydo bo‘ldi. Petitsiya mualliflarining ta’kidlashicha, «so‘nggi uch yildan beri narxi 600 ming turk lirasi bo‘lgan kvartiralar narxi besh million liragacha ko‘tarilgan».
«Bundan tashqari, ijara haqi oshib, bu ham jiddiy muammoga aylanib bormoqda. Uy-joylarni ijaraga olish endilikda bu yerda yashovchi odamlar, ayniqsa talabalar uchun imkonsiz bo‘lib qoldi», deyiladi petitsiyada. 18 yanvarga qadar petitsiyaga 16 mingga yaqin odam imzo chekkan.
«Meduza» nashri bilan suhbatlashgan barcha rossiyaliklar siyosiy sabablarga ko‘ra rad javobini olishganini taxmin qilishgan. 2023 yil 18 iyun kuni Turkiyada prezidentlik va parlament saylovlari bo‘lib o‘tadi. Rossiyaliklar fikricha, yashash uchun ruxsatnoma berish cheklanishi turklarning muhojirlar oqimi tufayli yuzaga kelgan noroziligi bilan bog‘liq bo‘lib, hozirgi hukumat shu yo‘l bilan o‘z reytingini yaxshilashga harakat qilmoqda.
«O‘ylashimcha, biz tarafdan hech qanday kamchilikka yo‘l qo‘yilgani yo‘q. Katta ehtimol bilan, yo migrantlar oqimi juda katta, yoki Vova amaki bir qismi ortga qaytishi uchun Erdo‘g‘an amakidan Rossiya Federatsiyasi fuqarolari uchun yashash sharoitlarni murakkablashtirishni so‘ragan», deydi Basharov.
«Meduza» nashri Turkiya migratsiya xizmatlari bilan bog‘lana olmagan. Ushbu maqola chop etilgan vaqtda Turkiya Tashqi ishlar vazirligi ham nashr so‘roviga javob bermagan.
Daniil Shaulovning so‘zlariga ko‘ra, hozir Turkiya hukumati yashash uchun ruxsatnoma berishni to‘liq to‘xtatmaydi, faqatgina mamlakatda qolishni xohlovchilarga ko‘proq ehtiyotkorroq munosabatda bo‘ladi. Shu sabab ko‘pchilik rossiyaliklar kerakli hujjatlar to‘plamini beparvolik bilan yig‘gani uchun rad javobini olmoqda.
«Hozir ko‘pchilik internetda topish mumkin bo‘lgan ro‘yxat asosida standart hujjatlar to‘plamini olib bormoqda. Ammo har qanday holatda, o‘zingiz uchun kengroq to‘plamga ega bo‘lganingiz yaxshiroq. Ilgari ofitserlar olib kelingan hujjatlarning yarmini ham ko‘rmasdi. Ro‘yxatdan o‘tkazilgan ijara shartnomasi, o‘zining hujjatlari (pasport) va oila a’zolariga ham yashash uchun ruxsatnoma olmoqchi bo‘lsa, qarindoshlik guvohnomasi, shuningdek, turistlar uchun asosiy sug‘urta talab qilingan», deydi Shaulov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirda qo‘shimcha, masalan sudlanmaganlik to‘g‘risidagi ma’lumotnomalar bilan kengaytirilgan hujjatlar paketini olib borish kerak.
Shaulovning qayd etishicha, Turkiyada bir migratsiya idorasi yashash uchun ruxsatnoma berishdan bosh tortadi, boshqasi esa hujjatlarni muammosiz rasmiylashtiradi. Yashash uchun ruxsatnomani ro‘yxatdan o‘tkazish bir necha kundan bir oygacha davom etadi – muddat muayyan migratsiya markazining ish yukiga bog‘liq.
Yashash uchun ruxsatnoma berishni rad etish ustidan shikoyat qilish va sudga murojaat etish mumkin. Shaulovning ta’kidlashicha, migratsiya xizmati qarorini o‘zgartirishga erishish va natijada yashash uchun ruxsat olishning imkoni bor va davlat bepul advokat xizmatini taqdim etadi. Ammo agar sudda rad javobi bekor qilinmasa va Turkiyada vizasiz qolish muddati tugagan bo‘lsa, mamlakatni 10 kun ichida tark etish kerak bo‘ladi.
Shundan so‘ng, xuddi shu turdagi (masalan, turistik) yashash ruxsatnomasini olish uchun olti oydan keyingina qayta ariza topshirish mumkin bo‘ladi. Shaulovning so‘zlariga ko‘ra, agar buning uchun asoslar mavjud bo‘lsa, turistik ruxsatnoma o‘rniga yashash uchun ruxsatnomaning boshqa turini olishga harakat qilib ko‘rish kerak.
Endilikda yashash ruxsatnomasini ololmagan rossiyaliklar yoki Turkiyada noqonuniy ravishda qoladi, yoxud boshqa qo‘shni mamlakatlarga ko‘chib o‘tadi. Masalan, Yelenaning eri Yerevanga ketgan. Telegramda Turkiyadagi ruslarning «Endi qayerga?» nomli chatlari allaqachon paydo bo‘lgan. Bu guruhlarda Turkiyaga muqobil davlatlar sifatida Armaniston, Gruziya va Argentina yetakchilik qilmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar