
Foto: AP
2019 yilning may oyidan beri Ukraina prezidenti ofisi rahbari o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgan Kirilo Timoshenko Zelenskiyga ishonchi uchun minnatdorchilik bildirib, iste’foga chiqayotganini tasdiqladi.
Ukraina prezidenti ofisi rahbari o‘rinbosari Kirilo Timoshenko o‘z lavozimidan ketishi haqidagi ma’lumotni tasdiqladi. 24 yanvar, seshanba kuni amaldor Telegram'da 23 yanvardagi arizasi suratini joylashtirdi.
U davlat rahbari Volodimir Zelenskiyga ishonch uchun minnatdorlik bildirdi. Viloyat harbiy ma’muriyatlari boshliqlari, shahar merlari, shuningdek, davlat rahbari ofisining hududiy siyosat bo‘yicha direksiyasi jamoasi nomiga alohida tashakkurnomalar aytildi.
«Bizning ishimizga ishonch bildirgani uchun barcha ukrainaliklarga rahmat. Mamlakatimizni saqlab qolgan va himoya qilgan Ukraina Qurolli kuchlariga rahmat», deb yozadi Kirilo Timoshenko. Shuningdek, u xotini va o‘g‘li tomonidan «tushunish va qo‘llab-quvvatlov»ni qayd etdi.
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyning rasmiy veb-saytida 23 yanvardagi mansabdor shaxsni ishdan bo‘shatish to‘g‘risidagi farmon e’lon qilindi – «bergan arizasiga ko‘ra».
Timoshenko 2019 yilning may oyidan beri ushbu lavozimda ishlab kelayotgandi.
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy avvalroq turli darajalarda bo‘lajak kadrlar o‘zgarishi haqida ma’lum qilgandi. «Shuningdek, vazirliklar va markaziy hokimiyatning boshqa tuzilmalari, hududlardagi hamda huquqni muhofaza qilish tizimidagi turli darajadagi rahbarlarga tegishli kadrlar bo‘yicha qarorlar ham bor – kimdir bugun, kimdir ertaga», — dedi u urushning 334-kunidagi videomurojaatida. «Ukrainskaya pravda» nashri manbalarga tayanib, xususan, Timoshenko iste’foga chiqqani haqida xabar berdi.
Bihus.Info mustaqil surishtiruvchi jurnalistlar guruhi avvalroq amaldor General Motors Ukrainaga gumanitar missiyalar uchun sovg‘a qilgan Chevrolet Tahoe yo‘ltanlamas avtomobili haydab yurgani haqida xabar bergan edi. Timoshenkoning aytishicha, u mashinadan egallab olingan hududlarga borish uchun foydalanadi va mashina Davlat ishlari boshqarmasi balansida. Bundan tashqari, Kirilo Timoshenko mintaqaviy siyosatga aralashgani uchun tanqid qilindi, bu ko‘pchilik tomonidan o‘zini o‘zi reklama qilish sifatida ko‘rilgan, deb ta’kidlaydi «Ukrainskaya pravda».
Nashrning yozishicha, Timoshenko o‘rniga Kiyev viloyati harbiy ma’muriyati rahbari Aleksey Kuleba tayinlanishi mumkin. O‘z navbatida, RBK-Ukraina agentligi Timoshenko Xerson viloyati harbiy ma’muriyatiga rahbarlik qilishi mumkinligi haqida xabar berdi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar