
Foto: Meduza
Payshanba kuni Ukraina hududi bo‘ylab 50 dan ortiq raketalar uchib kelgan. Bu haqda Ukraina qurolli kuchlari qo‘mondonligi xabar bermoqda. Tunda esa mamlakat kamikadze dronlar hujumiga yo‘liqqandi - Ukraina prezidenti ofisi rahbari hisoblashicha, Rossiya bu orqali yoppasiga raketa hujumlaridan oldin havo hujumidan mudofaa tizimlarini «band qilish»ga uringan. Bundan oldingi havo zarbalari vaqtida Dniprodagi ko‘p qavatli uyga raketa kelib tushgandi.
«Taxminan Murmansk oblasti hududidan oltitacha Tu-95 samolyotlari havoga ko‘tarildi va raketalar uchirdi. 30 dan ortiq raketalar kelishi kutilmoqda, ularning ayrimlari allaqachon turli oblastlarda paydo bo‘lgan, havo hujumidan mudofaa tizimlari ishga kirishgan», degandi ertalabki teleefir chog‘ida Ukraina havo kuchlari rasmiysi Yuriy Ignat.
Kun o‘rtalariga kelib Ukraina qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Valeriy Zalujniy yangi raqamlarni e’lon qildi. Unga ko‘ra, rossiyaliklar Tu-95, Su-35 va MiG-31K samolyotlari hamda Qora dengiz akvatoriyasidagi kemalardan 55 ta raketa uchirgan (X-101, X-555, X-47 «Kinjal», «Kalibr», X-59). Zalujniyning bayonotiga ko‘ra, havo hujumidan mudofaa kuchlari 47 ta qanotli raketani urib tushirgan, shundan 20 tasi Kiyev hududiga uchib kelgandi. Bundan tashqari, to‘rtta X-59 rusumli boshqariluvchi aviatsiya raketalaridan uchtasi nishonga yetib bora olmagan.
Tongda butun Ukraina bo‘ylab havo trevogalari yangradi. Kiyevda odamlar metroga tushib yashirindi. Shahar meri Vitaliy Klichko poytaxtning ikki rayonmida portlashlar ro‘y berganini xabar qildi - Dniprovskiy va Goloseyevskiy.
«Raketalardan biri Goloseyevskiy rayonida qurilish hududiga kelib tushishi oqibatida bir kishi halok bo‘lgani va ikki kishi yaralangani to‘g‘risida ma’lumot bor. Jabrlanganlar shifoxonaga yotqizilgan», deya yozgan Klichko telegram-kanalida. Shahar ma’muriyati xabarida «raketa parchalari» kelib urilishi haqida gap ketgan.
Kiyev shahri harbiy ma’muriyati rahbari Sergey Popkoning xabariga ko‘ra, Rossiya Kiyev yo‘nalishida turli tipdagi 20 ga yaqin raketa uchirgan, «havo hujumidan mudofaa kuchlarining faoliyati tufayli» havodagi barcha nishonlar urib tushirilgan. U shahar aholisidan havo trevogalari tingunicha boshpanalarda qolishni so‘ragan. Popkoning ma’lumotiga ko‘ra, Kiyevda raketa parchalari tushishi oqibatida 55 yoshli erkak halok bo‘lgan.

Dushanba kungi havo trevogalari chog‘ida metroga tushgan kiyevliklar. Foto: Reuters
Keyinroq Ukraina Favqulodda vaziyatlar bo‘yicha davlat xizmati vakili Oleksandr Xorujniy rossiyaliklarning 26 yanvar kungi hujumlari oqibatida jami 11 kishi halok bo‘lib, yana shuncha odam yaralangani to‘g‘risida ma’lumot berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, raketa va dron hujumlari Ukrainaning 11 hududida qayd etilgan.
Xususan, Mikolayiv oblasti harbiy ma’muriyati rahbari Vitaliy Kim oblast hududi bo‘ylab kamida beshta raketa yo‘llanganini xabar qilgan.
Ukraina nashrlarida Dnipropetrovsk, Odessa, Jitomir, Zaporijjya va Vinnitsa oblastlarida ham havo hujumidan mudofaa kuchlari mazkur hududlarga kelgan raketalarni urib tushirgani haqida xabar bergan. Kirovograd oblastida portlashlar eshitilgan. Ushbu hududlar rahbarlari aholini boshpanalardan chiqmaslikka va portlash fotolari hamda videolarini nashr qilmaslikka chaqirgan.
Odessa oblastida raketa hujumlari oqibatida ikkita muhim infratuzilma obyektlari shikastlangan, bu haqda Odessa rayoni harbiy ma’muriyati rahbari Yuriy Kruk ma’lum qildi.
Kiyev oblasti harbiy ma’muriyati ham hududda energetika obyektiga zarba berilganini ma’lum qilgan - aynan qanday obyekt ekaniga aniqlik kiritilmagan. Havo hujumidan ogohlantirish trevogalari to‘rt soat davomida amal qilgan.
Kiyev shahrida, shuningdek Kiyev, Odessa va Dnipropetrovsk oblastlarida raketa hujumlari xavfi tufayli elektr energiyasi favqulodda o‘chirilgan. Odessa, Kriviy Rih va boshqa qator shaharlarda elektrda harakatlanuvchi transportlar to‘xtatilgan.

Kiyev oblasti politsiyasi boshlig‘i Andrey Nebitov payshanba kuni urib tushirilgan raketa parchalari tasvirlarini e’lon qildi
Foto: T.ME/ANDRII_NEBYTOV
Oldingi raketa zarbalari
Rossiya 10 oktabrdan buyon Ukrainadagi energetika infratuzilma obyektlariga yoppasiga raketa zarbalari berib kelmoqda va buni harbiy nishonlarga hujum deb izohlamoqda. Ukraina hukumati bu hujumlarning haqiqiy maqsadi ukrainlar irodasini sindirish va Kiyevni nomaqbul shartlarda muzokaralarga borishga ko‘ndirishga qaratilgan deb hisoblaydi.
Payshanba kuni Rossiya Ukraina bo‘ylab navbatdagi raketa zarbalari yuzasidan izoh bermadi, Ukraina hukumatiga ko‘ra, bu hujumlar 26 yanvarga o‘tar kechasi dronlar hujumlari bilan boshlangan.
Ukraina havo kuchlari xabar qilishicha, havo hujumidan mudofaa tizimlari mamlakat hududiga kirgan barcha Shahed-136/131 rusumli kamikadze dronlari (24 ta) urib tushirilganini ma’lum qildi. Shundan 15 ta dron Kiyev oblasti osmonida yo‘q qilingan. Ma’lum qilinishicha, dronlar Azov dengizining sharqiy qirg‘og‘idan uchirilgan va ularning aksari Ukrainaning markaziy hududlarida to‘xtatilgan.
Dnipropetrovsk oblasti rahbari Nikolay Lukashuk esa kamikadze dronlar hujumi vaqtida «sanoat korxonasi zarbaga uchragani» haqida xabar bergan.
Ukraina prezidenti ofisi rahbari Andrey Yermak dronlar hujumi vaqtida «dushman havo hujumidan mudofaa kuchlarini band qilishga urinayotgani», bir necha hududlarda havodagi nishonlar yo‘q qilingani haqida yozdi. Dronlar hujumi va raketa zarbalari orasida ko‘p tanaffus bo‘lmagan.
Ukraina bo‘ylab so‘nggi raketa zarbalari 14 yanvar kuni amalga oshirilgandi. O‘shanda rossiyaliklarning aviatashuvchilarni yo‘q qilishga mo‘ljallangan og‘ir raketasi Dniprodagi ko‘p qavatli uyga kelib urilgandi. Bu hujum qurbonlari soni 46 kishini tashkil etgan.
Dnipro daryosi sohilidagi to‘qqiz qavatli turar joy binosiga zarba shanba kuni, aholining asosiy qismi uyda ekanida berilgan. X-22 raketasi kelib tushishi oqibatida binoning ikki pod’ezdi butkul qulab tushgan.
Rossiya hukumati esa binoga ukrainlarning havo hujumidan mudofaa kuchlari tomonidan urib tushirilgan raketa qulaganini iddao qilgan. Ukraina hukumati buni yolg‘on deb atagan. Ukraina qurolli kuchlari havo kuchlari qo‘mondoni Nikolay Oleshchuk mamlakat armiyasida tovush tezligida harakatlanuvchi X-22 raketalarini urib tushirish imkoniyati yo‘qligini qayd etgandi. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar