06:30 / 04.02.2023
460

AQSH osmonida razvedka shari uchib yuribdi

AQSH osmonida razvedka shari uchib yuribdi
Shar ilk marta Montana ustida kuzatilgan. AQSH rasmiylari mamlakatning shimoliy qismida razvedka sharini payqab qoldi va hozir uni diqqat bilan kuzatmoqda. Pentagon shar Xitoyga tegishli deb hisoblaydi.

«AQSH hukumati hozirda Shimoliy Amerika materigi uzra yuqori balandlikda uchib ketayotgan razvedka sharini aniqladi va kuzatmoqda», — deyiladi harbiy departament xabarida.

Amerika matbuotining yozishicha, Pentagon havo shari Xitoyga tegishli ekaniga shubha qilmaydi. AQSH hukumati Xitoyga obyekt haqida so‘rov yuborgan. Sharning o‘lchamlari kattaligi bois hozircha uni urib tushirishmagan.

«Men aniq o‘lchamlarini ayta olmayman. Taxminimizcha, agar uni urib tushirsak, parchalari vayronagarlikka sabab bo‘lishi mumkin», degan Pentagon vakili. «Garchi shar katta balandlikda bo‘lsada, uchuvchilar uni ko‘rgani haqida xabarlar bor».

Ma’lum qilinishicha, havo shari fuqaro aviatsiyasi uchun xavf tug‘dirmaydi, chunki u samolyotlar uchadigan qatlamdan balandda joylashgan.

Pentagon matbuot kotibi Patrik Rayderning bayonotida: “Shar hozirda tijoriy havo qatnovidan sezilarli darajada balandroq fazoda uchmoqda va yerdagi odamlarga hech qanday xavf tug‘dirmaydi”, deyiladi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday voqealar ilgari ham sodir bo‘lgan.

NBC telekanali xabariga ko‘ra, chorshanba kuni AQSH harbiy qo‘mondonligi hodisa va ehtimoliy javob choralarini muhokama qilish uchun yig‘ilgan. AQSH prezidenti Jo Baydenga havo shari aniqlangani haqida xabar berilgan.

NBC manbalarining ta’kidlashicha, obyekt topilganidan so‘ng samolyotlar, jumladan, beshinchi avlod F-22 Raptor qiruvchi samolyotlari, shuningdek, radarni aniqlovchi samolyot ham havoga ko‘tarilgan.

Xitoy hozircha voqeaga izoh bermadi.

Shar birinchi marta chorshanba kuni Montana shtatining Billings shahri osmonida kuzatilgan. Taxminlarga ko‘ra, bungacha obyekt Kanada hududi ustidan uchib o‘tgan.

Vashingtonga ko‘ra, Amerika Qo‘shma Shtatlari ustidan uchayotgan Xitoyga tegishli, deb iddao qilingan shar Amerika ommaviy axborot vositalarining asosiy mavzusiga aylandi:

Wall Street Journal: Shu fonda Blinkenning Pekinga bo‘ladigan tashrifi bekor qilinishi mumkin. Shar haqida birinchi marta yo‘lovchi samolyoti bortidagi odamlar xabar bergan, obyekt Shimoliy Amerika Aerokosmik Mudofaa Qo‘mondonligi (NORAD) tomonidan aniqlanmagan.

Washington Post: Hozir Filippinda bo‘lgan Pentagon rahbari armiya vakillari bilan uchrashuv o‘tkazib, AQSH bu holatga qanday javob berishi kerakligini baholadi. Nashrning yozishicha, havo sharini urib tushirmaslik bo‘yicha tavsiyani AQSH shtablari boshliqlari birlashgan qo‘mitasi raisi general Mark Milli bergan.

Politico: Shar qit’alararo ballistik raketalar bazalari ustida uchar ekan, u razvedka ma’lumotlarini taqdim etish nuqtai nazaridan «cheklangan qiymatga» ega. Harbiylarning fikriga ko‘ra, Xitoy shunga o‘xshash ma’lumotlarni boshqa yo‘l bilan, masalan, sun’iy yo‘ldoshlar yordamida to‘plashi mumkin.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo