10:47 / 12.02.2023
424

Harbiylar Kanada osmonida ham noma’lum obyektni urib tushirishdi

Harbiylar Kanada osmonida ham noma’lum obyektni urib tushirishdi
Foto: GRZEGORZ MICHALOWSKI/EPA-EFE/REX/SHUTTERSTOCK
Amerikaning qiruvchi samolyoti Kanadaning shimoli-g‘arbidagi Yukon provinsiyasi ustidagi havo kengligida noma’lum uchish apparatini urib tushirdi. Bu haqda mamlakat bosh vaziri Jastin Tryudo ma’lum qildi. Bu fevral oyi boshidan buyon Shimoliy Amerika hududida qayd etilgan uchinchi shu kabi holatdir.

«Men Kanada havo kengligini buzib kirgan noma’lum obyektni urib tushirishga buyruq berdi. NORAD (Shimoliy Amerika havo-kosmiy mudofaasi qo‘mondonligi) obyektni Yukon ustida urib tushirdi. Kanada va Amerika samoletlari havoga ko‘tarildi, Amerikaning F-22 samolyoti obyektni muvaffaqiyatli mo‘ljalga oldi», - deya yozdi Tryudo tvitterida.

U hodisani AQSH prezidenti Jo Bayden bilan muhokama etgan. Uning aytishicha, endi harbiylar kelgusi o‘rganishlar uchun qoldiqlarni qidirish bilan mashg‘ul bo‘lishadi.

Keyinroq Pentagon rasmiy vakili Pet Rayderning ma’lum qilishicha, urib tushirilgan obyekt dastlab Alyaska osmonida payqalgan.

Kanada mudofaa vaziri Anita Anand shanba kungi brifingda bu obyekt taxminan 12 km balandlikda harakatlangani va fuqarolik parvozlari xavfsizligi uchun tahdid solganini aytib o‘tdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, u kichik va silindrsimon shaklda bo‘lgan.

Ikki kun muqaddam Alyaska osmonida «kichik avtomobil hajmidagi» boshqa bir noma’lum uchar jism urib tushirilgandi. Obyektni urib tushirish vaqtida Pentagon bu havo shari yoki boshqa qurilma ekanligini aniqlay olmagan. «Biz buni obyekt deb ataymiz, chunki bu bizda mavjud bo‘lgan eng yaxshi tavsif», dedi AQSH Milliy xavfsizlik kengashining strategik aloqalar bo‘yicha koordinatori Jon Kirbi.

Uning ta’kidlashicha, rasmiylar obyektning biron bir «davlat yoki korporatsiya»ga tegishli ekanligini bilishmaydi va osmonda nima maqsadda bo‘lganini aytish qiyin. Shu bilan birga, harbiylar qurilma bortida odamlar bo‘lmaganiga amin. Hozirgacha uning mansubligi va funksiyalari to‘g‘risida ma’lumot berilmadi.

Shuningdek, bir hafta oldin Janubiy Karolina sohillari yaqinida amerikalik harbiylar xitoyliklarning havo sharini urib tushirgandi, rasmiylar uni Xitoy josuslik dasturining bir qismi sifatida baholashgandi. Pekin bu ayblovlarni rad etgan va bu obyekt yo‘nalishidan og‘ib ketgan meteorologik zond bo‘lganini bildirgan.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo