930
Marshal Do‘stum O‘zbekistonga olib o‘tilgan aviatexnikalarni Afg‘oniston qarshilik frontiga topshirishga chaqirdi

Foto: The New York Times
Afg‘onistonlik marshal Abdulrashid Do‘stum O‘zbekiston va Tojikistondan afg‘on uchuvchilari olib o‘tgan aviatexnikalarni Afg‘oniston qarshilik frontiga topshirishga chaqirdi. Bu haqda Hasht-e Subh Daily xabar berdi.
Marshal Do‘stumning so‘zlariga ko‘ra, mazkur aviatexnikalar Ahmad Mas’ud boshchiligidagi Afg‘oniston qarshilik kuchlari tomonidan viloyatlarda foydalanishi kerak. Marshal avvalgi Afg‘oniston hukumati armiyasiga tegishli kamida 40 ta vertolyot O‘zbekiston va Tojikistonga olib o‘tilganini aytdi.
Do‘stum “Tolibon”ga qarshilik ko‘rsatish borasida ham gapirib, qarshilik frontiga kuchlarini tezda safarbar qilishga chaqirdi. U qarshilik frontidan 2024 yil “Tolibon”ga qarshi ommaviy hujumlarga tayyorgarlik ko‘rishni so‘radi.
2021 yil avgust oyida “Tolibon” Kobulni egallab, o‘sha paytdagi prezident Ashraf G‘ani mamlakatdan ketganida afg‘on harbiylari samolyot va vertolyotda O‘zbekistonga qochib o‘tgan. O‘zbekiston prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatilla Ergashev O‘zbekistonga sobiq afg‘on uchuvchilari tomonidan olib o‘tilgan samolyot va vertolyotlar “Tolibon” harakatiga qaytarilmasligini ta’kidlagan.
Ergashevning so‘zlariga ko‘ra, AQSH hukumati aviatexnika uchun pul to‘lagan va Afg‘oniston sobiq hukumatiga vaqtinchalik foydalanish uchun topshirgan. Siyosatchi afg‘on samolyotlari O‘zbekistonga kirgan payt chegarada bo‘lib, voqeaning bevosita ishtirokchisiga aylanganini aytgan. Rasmiy jarayon O‘zbekiston sudi hukmiga binoan qaror qilinishi, lekin vositalarni olib ketish Amerika ixtiyorida ekanini ta’kidlagan.
Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, Afg‘oniston hukumati o‘zgarishi davrida Tojikiston va O‘zbekistonga avvalgi hukumatning 60 dan ortiq harbiy vertolyotlari olib o‘tilgan.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar