12:22 / 13.02.2023
429

Germaniyada Kiyev va Moskva o‘rtasida tinchlik bo‘yicha petitsiya chiqarildi

Germaniyada Kiyev va Moskva o‘rtasida tinchlik bo‘yicha petitsiya chiqarildi
Sahra Vagenknext / Foto: IMAGO
Germaniyada petitsiya mualliflari Kiyevga qurol yetkazib berishni to‘xtatish va tinchlik muzokaralarini boshlash tarafdori. Bundestag rahbari o‘rinbosari hujjatni tanqid qilib, uni «soddalik va insofsizlik» deb atadi.

Nemis so‘l qanot siyosatchilari va faollari Ukrainaga qurol yetkazib berishni to‘xtatish va urushni tinch muzokaralar yo‘li bilan tugatish to‘g‘risidagi onlayn petitsiya orqali ikki kun ichida chorak milliondan ortiq imzo to‘plandi. So‘l partiyadan Bundestag a’zosi Sahra Vagenknext hamda jurnalist va feminist Alis Shvarser tomonidan ishlab chiqilgan hujjat Change.org platformasida 10 fevral, juma kuni ertalab e’lon qilindi, 12 fevral, yakshanba kuni tushdan keyin unga deyarli 280 ming kishi imzo chekdi.

Imzolovchilar orasida Germaniya Evangelist cherkovi kengashining sobiq rahbari Margot Kessman, aktrisalar Xanna Shigulla, Yutta Shpaydel, jurnalist Frans Alt, aktyor Xenri Xyubxen, siyosatchi Gyunter Ferxoygen, dirijor Yustus Frans, qo‘shiqchi Raynxard Mey va boshqa nemis siyosat va madaniyat arboblari bor.

«Tinchlik uchun manifest» deb nomlangan petitsiya mualliflari Germaniya kansleri Olaf Sholsga murojaat qilib, «qurol yetkazib berishning kuchayishini» va zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatish, tinchlik muzokaralarini boshlashga harakat qilishni so‘radi. Unda aytilishicha, Ukraina G‘arb ko‘magida individual janglarda g‘alaba qozonishga qodir bo‘lsa-da, «dunyoning eng yirik kuchiga qarshi urushda g‘alaba qozona olmaydi».

Ayni paytda, «manifest» Germaniyada tanqid ham qilinmoqda. Shunday qilib, Bundestag raisining o‘rinbosari Katrin Gyoring-Ekkardt Funke Mediengruppe gazetalariga bergan intervyusida uni «nafaqat sodda, balki nomussiz» deb atadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, petitsiya tashabbuskorlari Putin va uning xalqi begunoh ukrainaliklarga hujum qilishda, ularni qamoqqa tashlashda, zo‘rlashda va o‘g‘irlashda davom etishini targ‘ib qilmoqda. «Mudofaa uchun qurol ishlatib, qizil chiziqni kesib o‘tgan G‘arb emas. Putin to‘qqiz yil avval Qrimni anneksiya qilib, qizil chiziqni kesib o‘tgan», - deydi Yashillar partiyasi siyosatchisi.

O‘z navbatida, Ukrainaning Germaniyadagi elchisi Oleksiy Makeyev petitsiya mualliflari aytgan tinchlik muzokaralari ehtimoliga shubha bilan qaradi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ikki davlat o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tishi Rossiya va uning prezidenti Vladimir Putinga bog‘liq. «Rossiya qandaydir tarzda tinchlikka erishishdan manfaatdor ekanligidan darak yo‘q», dedi Makeyev Deutschlandfunk radiostansiyasiga bergan intervyusida va Moskvadagi siyosiy rahbariyat «Ukraina davlat sifatida mavjud bo‘lishini to‘xtatishni» xohlayotganini ta’kidladi.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo