
Foto: AP
Turkiyadagi zilzila oqibatida yuz bergan keng miqyosdagi vayronagarchilar yuzasidan boshlangan tergov harakatlari bo‘yicha ko‘plab quruvchi-pudratchilar hibsga olinmoqda. Bu haqda Anadolu xabar berdi.
Jumladan, Malatiya shahri prokuraturasi Qahramonmarash shahrida sodir bo‘lgan zilzila oqibatida keng ko‘lamli vayronagarchiliklar bo‘yicha tergov doirasida 31 kishining hibsga olinganini ma’lum qildi.
Prokuratura tomonidan aholi o‘rtasida ko‘plab qurbonlarga olib kelgan turar-joy va boshqa obyektlar qurilishidagi qonunbuzarliklar yuzasidan keng ko‘lamli tekshiruv ishlari boshlangan.
Shuningdek, Mersin viloyati, Odiyomon tumanidagi Besni shahrida zilzila oqibatida vayron bo‘lgan 6 ta uyning pudratchi tashkiloti rahbari Shukru Ishitmen hibsga olingan. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, bu vayronalar ostida 123 nafar odam halok bo‘lgan.
Bundan tashqari, G‘oziantep shahridagi zilzilada vayron bo‘lgan 25 ta uy-joy quruvchi-pudratchilariga qarshi ochilgan jinoiy ish bo‘yicha 9 kishi ushlangan. Sud ularning 5 nafarini hibsga olish haqida qaror chiqargan.
Qayd qilinishicha, pudratchi tashkilotlarning rahbarlari va ko‘plab xodimlari qidiruvga berilgan.
13 fevral holatiga Turkiyada yuz bergan dahshatli zilzila qurbonlari soni 31 mingdan, jarohatlanganlar soni 100 mindan oshdi. Vayron bo‘lgan shaharlarda qidiruv-qutqaruv ishlari davom etmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar