20:50 / 24.02.2023
359

Zelenskiy urushning bir yilligida murojaat yo‘lladi

Zelenskiy urushning bir yilligida murojaat yo‘lladi

Foto: Ukraina prezidenti matbuot xizmati

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy urush boshlanganining bir yilligi munosabati bilan mamlakat xalqiga murojaat yo‘lladi.

Buyuk Ukrainaning buyuk xalqi! Bir yil muqaddam, shu kuni ertalab soat yettida men sizlarga atigi 67 soniya davom etgan bayonot bilan murojaat qilgandim. Unda o‘sha vaqtda ham, hozir ham dolzarb bo‘lgan ikkita asosiy masala aytilgandi. Rossiya bizga qarshi keng ko‘lamli urush boshlagani. Biz kuchli ekanimiz. Biz barchasiga tayyorligimiz. Biz hammani mag‘lub etishimiz. Chunki biz — Ukraina ekanimiz!

2022 yil 24 fevrali shunday boshlangandi. Bu hayotimizdagi eng uzun kun edi. Bizning zamonaviy tariximizdagi eng qiyin kun. Biz juda erta uyg‘ondik va shundan buyon uxlamaymiz.

Kimdir qo‘rqib ketgandi, kimdir shokka tushgandi, kimdir nima deyishni bilmasdi, ammo barcha nima qilish kerakligini his qilardi. Yo‘llarda tirbandliklar yuzaga keldi, ammo ko‘plar qo‘lga qurol olish uchun yo‘l oldi. Navbatlar yuzaga keldi. Kimlardir chegarada turardi, ammo ko‘pchilik — harbiy komissariat va hududiy mudofaa qismlari uchun navbatda.

Biz oq bayroq ko‘tarmadik, balki ko‘k-sariq bayroqni himoya qilishga kirishdik. Qo‘rqib ketmadik, sinib qolmadik, taslim bo‘lmadik. Zmeiyniydagi chegarachilar va ular rus harbiy korablini jo‘natgan marshrut bu kurash ramziga aylandi.

Ishonchimiz mustahkamlandi. Ruhimiz mustahkamlandi. Biz keng ko‘lamli urushning ilk kunida bardosh bera oldik. Biz ertaga nima bo‘lishini bilmasdik, ammo aniq tushunib turardik: keyingi har kun uchun kurashish lozim!

Va biz kurashdik. Va har kuni g‘ajidik. Va biz keyingi kun uchun omon qoldik. Keyin esa — uchinchi kunga. Bizga yashab qolish uchun berilgan uch kun. 72 soatdan keyin mavjudligimiz yo‘q bo‘lishi bilan tahdid qilishgandi. Ammo biz to‘rtinchi kun uchun ham turib berdik. Keyin beshinchi kun. Bugunga kelib esa bir yildan buyon bardosh berib qolmoqdamiz. Biz hamon shuni aniq bilamiz: keyingi har kun uchun kurashish lozim!

Qarshiligimiz davom etayotganiga hissa qo‘shyotgan barchaga minnatdorchiligimni bildiraman. Bularning bari bizning himoyachilarimiz. Ukraina qurolli kuchlari. Quruqlik qo‘shinlari, piyodalarimiz va tankchilar. Havo va harbiy-dengiz kuchlari. Artilleriya, havo hujumidan mudofaa kuchlari, desantchilar, razvedkachilar, chegarachilar. Maxsus amaliyot kuchlari, Ukraina xavfsizlik kuchlari, Milliy gvardiya, politsiya, hududiy mudofaa kuchlari — bizning barcha xavfsizlik va mudofaa kuchlarimiz. Ular tufayli Ukraina turib bermoqda. Ular tufayli urush boshidagi shafqatsiz oydan omon o‘ta oldik.

Keyin bahor keldi. Yangi hujumlar, yangi yaralar, yangi og‘riqlar. Dushmanning haqiqiy botinini barcha ko‘rib qo‘ydi. Tug‘uruqxonalar, Mariupoldagi drama teatri, Mikolayiv ma’muriyati, Xarkivdagi Ozodlik maydoni, Kramatorsk vokzali o‘qqa tutilishini. Buchani, Irpinni, Borodyankani ko‘rishdi. Butun dunyo «rus dunyosi» aslida nimani anglatishini aniq tushunib yetdi. Rossiya nimalarga qodirligini.

Xuddi shu vaqtda dunyo Ukraina nimalarga qodirligiga ham guvoh bo‘ldi. Bu yangi qahramonlar. Kiyev mudofaachilari, «Azovstal» mudofaachilari. Butun bir shaharlar amalga oshirgan yangi jasoratlar. Xarkiv, Chernihiv, Mariupol, Xerson, Mikolayiv, Gostomel, Volnovaxa, Bucha, Irpin, Axtirka. Qahramon-shaharlar. Yengilmas poytaxt. Yangi ramzlar. Bularning bari birgalikda — Ukraina bo‘yicha yangi baho va prognozlar edi.

Urushning ilk oyi. Va urushdagi ilk burilish nuqtasi. Dunyoning Ukraina to‘g‘risidagi tasavvuri ilk bor o‘zgarishi. U uch kun ichida qulamadi. U dunyoning ikkinchi armiyasini to‘xtatdi.

Biz har kuni yangi zarbalarga bardosh berdik, har kuni yangi fojialardan xabar topdik, ammo har kuni o‘zini fido etganlar tufayli bardosh berdik. Boshqalar uchun.

Bular oldingi chiziqlarda yarador jangchilarimiz hayotini saqlab qolayotgan, o‘qlar yomg‘iri ostida operatsiya qilayotgan, bombapanagohlarda tug‘uruqni qabul qilib olayotgan, kunlar, haftalar mobaynida navbatchilikda qolayotgan bizning shifokorlarimiz. 24/7 rejimida xarobalar va olov orasida odamlarni qidirayotgan qutqaruvchilar va o‘t o‘chiruvchilarimiz. Va urush boshidan buyon uyqusiz va to‘xtovsiz ishlab, yuz minglab ukrainlarni evakuatsiya qilgan temiryo‘lchilarimiz.

Keyin esa ilk yurishlar, ilk yutuqlar, ilk bor hududlar ozod etilishi. Birinchi [va oxirgisi emas] Chernoboyivka. Bosqinchilar Kiyev, Sumi va Chernihiv oblastlaridan quvilishi. Bizning «Stugna». «Olxa». Bizning «Neptun» va dengiz tubiga ketgan «Moskva» kreyseri. Ilk «Ramshtayn». Tarixdagi ikkinchi lend-liz.

Ukraina dunyoni hayratlantirdi. Ukraina dunyoni ilhomlantirdi. Ukraina dunyoni birlashtirdi. Buning dalili uchun minglab so‘zlar aytish mumkin, ammo bir nechasi ham yetadi: HIMARS, Patriot, Abrams, IRIS-T, Challenger, NASAMS, Leopard.

Men bizning butun yil mobaynida biz bilan yelkama-yelka turgan barcha hamkorlarimiz, ittifoqchilarimiz va do‘stlarimizga minnatdorchilik bildiraman. Men xalqaro aksilputin koalitsiyasi shunchalik kuchayganidan xursandmanki, bu alohida murojaatni talab etadi. Men tez orada shunday murojaat qilaman. Albatta.

Men shuningdek tashqi siyosat qo‘shinlarimizdan ham minnatdorman. Bizning diplomatlar, elchilar, xalqaro tashkilotlar va muassasalardagi vakillar diviziyasi. Bosqinchilarga xalqaro huquqning olovi va qilichi bilan zarba berib, terrorchi davlat terrorchi davlat deb tan olinishiga erishganlarning barchasi.

Urush ko‘plab oilalar taqdirini o‘zgartirib yubordi. Oilalarimiz tarixi qaytadan yozildi. Urf-odatlarimiz va an’analarimizni o‘zgartirdi. Avvallari bobolar nabiralariga natsistlarni qanday savalashganini hikoya qilishardi. Endi nabiralar bobolariga rashistlarni qanday savalashganini aytishadi. Avval onalar va buvilar sharflar to‘qishardi, endi maskirovka to‘rlari to‘qishmoqda. Avval bolalar Santadan smartfonlar, gadjetlar so‘rashardi, endi hamyonlarini [pullar] berishmoqda va jangchilarimiz uchun kerakli vositalar yig‘ishmoqda.

Bir yil davomida amalda har bir ukrainalik kimidandir judo bo‘ldi. Otasi, o‘g‘li, akasi, onasi, qizi, singlisi. Sevimli insonlaridan. Yaqin do‘sti, hamkasbi, qo‘shnisi, tanishidan. Hamdardman.

Deyarli har bir kishining telefonida endi hech qachon go‘shakni ko‘tirmaydigan kamida bitta kontakt bor. «Ahvollar qalay?» deyilgan SMS xabarga javob bermaydigan. Bu ikki oddiy so‘z urushning bir yilida yangi ma’no kasb etdi. Har kuni millionlab ukrainlar bu savolni o‘z oila a’zolari va yaqinlariga millionlab marta yozishgan yoki berishgan. Har kuni kimdir javob olmadi. Bosqinchilar har kuni bizning oila a’zolarimiz va yaqinlarimizni o‘ldirishdi.

Biz ularning nomini telefonlarimizdan ham, o‘z xotiramizdan ham o‘chirmaymiz. Biz ularni hech qachon unutmaymiz. Biz hech qachon buni kechirmaymiz. Biz rossiyalik qotillar munosib jazosini olmaguncha hech qachon tinchlanmaymiz. Xalqaro tribunal tomonidan jazolanmaguncha. Xudoning hukmini olmagunchak. Bizning jangchilarimizning. Yoki barchasi birdaniga.

Hukm aniq. Qo‘shni to‘qqiz yil oldin tajovuzkorlik qildi. Bir yil oldin tajovuzkor jallod, talonchi va terrorchiga aylandi. Biz ular javobgarlikka tortilishiga shubha qilmaymiz. Biz o‘zimizni g‘alaba kutayotganiga shubha qilmaymiz.

Yozda biz buni his qildik. Biz urushning 100 kunidan o‘tdik. Biz Yevropa Ittifoqiga nomzod maqomini oldik, Zmeiniyni qaytardik, Qrimdagi ilk «paqillash»ni eshitdik, bosqinchilar omborlari va Antonov ko‘prigida salyutlarga guvoh bo‘ldik.

Avgust bosqinchilar Ukrainaning biror shahrini ololmagan ilk oy bo‘ldi. Denatsifikatsiya to‘g‘risidagi tahdid va ultimatumlar o‘rnini «ezgu niyatdagi qadam» egalladi. Va biz shunda his qildik: g‘alabamiz muqarrar. U yaqin. U keladi.

Keyin kuz boshlandi. Va bizning qarshi hujumimiz. Izyum, Balakliya, Kupyansk, Liman, Xerson oblasti va Xerson shahri ozod etilishi. Biz odamlarimiz harbiylarimizni qanday kutib olganiga guvoh bo‘ldik. Ukraina bayrog‘ini qanday asraganlariga. Ukrainani qanday kutishganiga.

Men hozir ham kutayotganlarga yuzlanmoqchiman. Vaqtincha okkupatsiya ostida bo‘lib turgan fuqarolarimizga. Ukraina sizlarni tashlab qo‘ymagan, sizni unutmagan, sizdan voz kechmagan. Qanday qilib bo‘lsa ham biz barcha yerlarimizni ozod etamiz. Ukraina qaytishi uchun barcha ishni qilamiz. Va hozirda xorijga ketishga majbur bo‘lganlar: siz Ukrainaga qaytishingiz uchun barcha ishni qilamiz. Bu imkonli bo‘lishi uchun.

Biz kurashamiz va har bir asirimizni qaytaramiz. Va bularning bari birgalikda g‘alaba deb ataladi.

Biz buni hatto qorong‘ida ham ko‘rib turibmiz. Muntazam yoppasiga zarbalar va elektr energiyasi o‘chishiga qaramay. Biz bu g‘alaba nurini ko‘ramiz.

2022 yil 24 fevralidagi ilk tuyg‘ulari haqidagi xotiralari sifatida odamlar shok, og‘riq, mavhumlikni tilga oladi. Keng ko‘lamli bosqindan bir yil o‘tib esa g‘alabaga ishonch 95 foizni tashkil etmoqda. Biz Ukraina haqida o‘ylaganda his qilayotgan asosiy hissiyot esa, — bu faxrlanish tuyg‘usidir.

Har bir ukrain ayol, har bir ukrain er uchun. Hammamiz uchun faxr. Biz katta bir qo‘shinga aylandik. Biz bir jamoa bo‘ldik, kimdir topadi, kimdir qadoqlaydi, kimdir olib keladi, ammo barcha o‘z hissasini qo‘shadi.

Biz odamlarimizdan minnatdorman, barcha zarur narsalarni to‘plab, yetkazib berayotgan ko‘p millionlik ko‘ngillilar armiyasi va befarq bo‘lmagan kishilarga rahmat aytaman.

Biz bir butun bo‘ldik. Bizning jurnalistlar va media yagona front bo‘lib yolg‘on va vahimaga qarshi kurash olib bormoqda.

Biz bir oilaga aylandik. Oramizda begonalar yoki notanishlar yo‘q. Ukrainlar uchun bugun — barcha o‘zimiznikilar. Ukrainlar ukrainlarga boshpana bermoqda, urushdan qochishga majbur bo‘lganlarga o‘z uylari va qalblarini ochishmoqda.

Biz barcha tahdidlar, zarbalar, kasseta bombalari, qanotli raketalar, kamikadze dronlar, blekautlar, izg‘irinlarga bardosh beramiz. Biz bulardan kuchliroqmiz.

Bu barqarorlik yili bo‘ldi. Loqayd bo‘lmaslik yili. Mardonavorlik yili. Og‘riqlar yili. Umidlar yili. Bardosh yili. Birdamlik yili.

Bukilmas yil.

Uning asosiy natijasi — biz bardosh berdik. Biz mag‘lub bo‘lmadik. Va bu yilda g‘alaba qozonish uchun barcha ishni qilamiz!

Yashasin Ukraina!

Rossiya va Ukraina urushi

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Zelenskiy urushning bir yilligida murojaat yo‘lladi