15:44 / 05.03.2023
304

Ukrainadagi qishki kampaniya yakunlari: kim nimaga erishdi?

Foto: Reuters

Fevral yakunlandi. Moskvada ham, Kiyevda ham anons qilingan keng ko‘lamli qishki yurish ro‘y bermadi. Butun qish bo‘yi Rossiya-Ukraina frontining katta qismida pozitsion janglar olib borildi va faqat ayrim uchastkalarda Rossiya qo‘shinlari faol yurish harakatlari olib borishga harakat qildi. Urushayotgan armiyalar qishda nimalarga erishdi va bahorgi loygarchilik arafasida jang maydonida qanday vaziyat yuzaga kelgan?

Bu qishda yirik yurish qilish uchun ikki tomonda ham imkoniyat va asoslar bor edi. Kuzgi kampaniyani ulkan g‘alabalar bilan yakunlagan Ukraina muvaffaqiyatni Luhansk oblasti g‘arbi va shimolida rivojlantirishga urinib ko‘rishi yoki janubiy yo‘nalishlardan birida - balki bir vaqtning o‘zida bir nechasida - hujum qilishi mumkin edi.

Safarbarlik evaziga saflarini to‘ldirgan Rossiya esa Donbass shimolida tashabbusni qo‘lga olib, Liman atrofida va Xarkiv oblasti sharqida boy berilgan hududlarni qaytarib olishga urinib ko‘rishi, shuningdek, Zaporijjyada va Donetsk oblasti janubida yurish boshlashi kutilgandi.

«General Ayoz» tomonlarning ikkisiga ham xalaqit qildi va shu vaqtning o‘zida yordam ko‘rsatdi - piyoda qismlar harakati qiyinlashdi, ammo muzlagan tuproqda zirhli texnikalar harakatlanishi osonlashdi. Qishda maskirovka (yashirinish) qiyin, ammo nishonni belgilash oson. Yozda ta’minot muammo - qishda bu yanada yomonroq.

Ukraina qurolli kuchlari strategik mudofaani egallashni afzal ko‘rib, Kreminna atrofida va Severodonetsk-Lisichansk aglomeratsiyasidan shimoli-g‘arbida lokal hujumlar uyushtirish bilan cheklandi. RF qurolli kuchlari esa frontning turli uchastkalarida faollik ko‘rsatgan bo‘lsa-da, asosiy kuchlarini Donetsk oblastida - hudud shimoli-sharqidagi Baxmut atrofida va Donetsk yaqinida jamladi, bu joylarda Ukraina armiyasi oblast markaziga va Zaporijjya oblasti janubidagi Rossiya guruhi ta’minot yo‘llariga tahdid solayotgandi.

Hozirda ikki tomon ham zaxiralarini to‘plamoqda. Ukraina G‘arb mamlakatlaridan qabul qilib olingan harbiy texnikalarni safga chiqarmoqda, mahalliy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ymoqda, shturm qismlarni o‘qitmoqda, yangi bo‘linmalar shakllantirmoqda va bahor-yozdagi yurish uchun rejalar ishlab chiqmoqda. Rossiya o‘ziga meros bo‘lib qolgan sovet harbiy omborlarini inventarizatsiya qilish bilan jadal shug‘ullanmoqda, bu joylarda saqlanayotgan o‘q-dorilarni ekspertizadan o‘tkazmoqda, qurol-yarog‘ ta’minoti uchun qo‘shimcha manbalar qidirmoqda, safarbar qilinganlarni o‘qitmoqda va yilning issiq davri uchun rejalar tuzmoqda.

Frontdagi vaziyatning qisqacha sharhi

Xerson oblasti

Dniproning o‘ng sohilidan chekingach, Rossiya bo‘linmalarining katta qismi Ukraina artilleriyasi yetib bora olmaydigan masofadagi ichkari hududlarga olib ketildi. Tutashuv chizig‘i yaqinida, orollar va Kinburn yarimorolida kichik guruhlar joylashtirildi. Ularning asosiy vazifasi - ukrainlar chap sohilga desant tushirishiga yo‘l qo‘ymaslik va xatar haqida ogohlantirishdi.

Ayni vaqtda bu hududda front chizig‘i Dnipro daryosi bo‘ylab barqaror. Harbiy ekspertlar Ukraina qurolli kuchlari frontning bu uchastkasida yurish boshlashi ehtimoli kam deb hisoblaydi. Birinchidan, buning uchun katta daryoni kechib o‘tish talab etiladi - bu esa juda murakkab amaliyotdir. Ikkinchidan, Dnipro kechib o‘tilgach, hujum qilayotgan bo‘linmalarga to‘xtovsiz ta’minot yetkazib turilishi kerak, buni qanday qilish - katta savol. Dnipro uzra o‘tgan ko‘priklar vayron qilingan, ponton va parom kechuvlar ishonchli emas, aviatsiya yetarli emas.

Va uchinchidan, Rossiyaning Xerson oblastidagi qismlari tor-mor etilmagan, balki tartibli holda olib ketilgan va jangovar qobiliyatini saqlab qolgan. Bu qo‘shinni to‘ldirish va qayta qurollantirish, shuningdek, mudofaa pozitsiyalari barpo etish uchun yetarlicha vaqt bo‘ldi.

Rossiya qo‘shini Xersonni tashlab chiqqach, shaharni muntazam ravishda o‘qqa tutmoqda / Foto: Reuters

O‘z navbatida, Rossiya armiyasi qarama-qarshi sohilga o‘tishi umuman ma’noga emas - bunday operatsiya, agar u kattaroq rejaning bir qismi bo‘lmasa, yuqorida keltirilgan sabablar tufayli muvaffaqiyatsizlikka mahkum. Shu bilan birga, Rossiya qo‘mondonligi ukrainlar chap sohilga desant tashlashi (jumladan dengiz orqali) ehtimolini hisobga olishiga va katta hududlarni doimiy nazoratda ushlab turishiga to‘g‘ri keladi, bu esa katta miqdordagi qo‘shin va resurslarni safarbar qilishni talab etadi.

Zaporijjya

Ukraina razvedkasi Zaporijjya yo‘nalishidagi Rossiya guruhini 30 batalon-taktik guruhga teng deb baholagan, bu taxminan 25 ming kishilik qo‘shin degani. Bunday miqdor bilan 100 kilometrdan ortiq masofadagi front chizig‘i bo‘ylab yurish qilish uchun nazariy imkoniyat bor, ammo bu juda tahlikali. Raqib qarshi hujumga o‘tgan taqdirda, uni qaytarish uchun zaxira kuchlari bo‘lmaydi, hudud o‘rmonzorlarsiz tekisliklardan iboratligi esa qarshi hujumga o‘tuvchi guruhlar tezlik bilan harakatlanishini ta’minlaydi.

Ammo frontning tor uchastkalarida mudofaa va lokal amaliyotlar uchun mavjud kuchlar yetarli hisoblanadi. Yanvar oyi o‘rtalarida Rossiya qo‘shini shimolga, Orixiv va Gulyaypil yo‘nalishlarida yurishga harakat qilib ko‘rgan, bir necha qishloqlar egallangani xabar qilingan, ammo yakunda faqat bitta posyolka egallangani tasdiqlangandi.

Zaporijjyadagi janglar katta ehtimol bilan pozitsion xususiyatga ega bo‘ladi, ayni vaqtda u yerda alohida to‘qnashuvlar va artilleriya duellari davom etmoqda, ammo umuman olganda frontning bu uchastkasida vaziyat nisbatan tinchligicha qolmoqda.

Shunga qaramay, harbiy tahlilchilar hisoblashicha, Zaporijjya janubi ukrainlarning yurishi uchun istiqbolli yo‘nalish hisoblanadi - Ukraina qurolli kuchlari muvaffaqiyatga erishsa, Qrimga quruqlik orqali yo‘lak to‘sib qo‘yilishi mumkin, bu holatda esa Xersondagi Rossiya guruhi vaziyati mavhum bo‘lib qoladi. Ammo bunday keng ko‘lamli amaliyot o‘tkazish uchun Ukrainaga ko‘p sonli yaxshi o‘qitilgan va yaxshi qurollangan qo‘shin kerak bo‘ladi.

Vuhledar

Rossiyaning Vuhledarga yurishi muvaffaqiyatsizlikka uchrashi armiyadagi konseptual muammolarni ochib berdi - bu armiya hamon eski shablonlar bo‘yicha harakat qiladi, ammo sovet qurolli kuchlaridan farqli o‘laroq ko‘p millionlik askarlarga ega emas.

Qo‘yilgan vazifani amalga oshirish uchun Rossiya qo‘mondonligi kengligi taxminan uch kilometrni tashkil etadigan tor uchastkada katta kuchlar va vositalarni to‘pladi. Va bu vaziyatda Ukraina qurolli kuchlarining yuqori aniqlikdagi mobil artilleriyasi va nishonni belgilash hamda aloqa vositalaridagi samarali ustunligi to‘liq namoyon bo‘ldi.

Rossiya qismlari muvaffaqiyatsiz taktikani davom ettirdi va zirhli texnikalar portlab ketgan oldingi yo‘nalish bo‘ylab yurish takrorlandi, texnikalar yana minalarga tushib portladi va ukraina artilleriyasi o‘qlari ostida qoldi.

Vuhledar hududidagi ukrain o‘ziyurar gaubitsasi / Foto: Getty Images

Yakunda yurish qilayotgan qo‘shin yo‘qotishlari ulkan bo‘ldi, Vuhledarni egallash topshirig‘i esa bajarilmadi.

Avdiyivka

Avdiyivkani ukrain qo‘shinining Donetsk oblastidagi mustahkam qal’asi deb atashadi. Donetskdan shimolda unga yonma-yon joylashgan bu shahar yuqoriroqda va Ukraina qurolli kuchlarining oblast markaziga ehtimoliy yurishi uchun platsdarm vazifasini o‘taydi.

Rossiya qo‘shini bu noqulaylikni bartaraf etishga keng ko‘lamli urush boshlanishidan oldinroq ham harakat qilgan. Lekin muammo shundaki, birinchidan, Avdiyivka yaxshi mustahkamlangan, ikkinchidan, unga ko‘tarilish qiyin: u yerdan turib atrofni juda yaxshi o‘qqa tutish mumkin va shuning uchun bu hudud «kulrang zona» deb ataladi - bu hududni tomonlarning hech biri egallay olmaydi.

Qishda Rossiya armiyasi Avdiyivka yo‘nalishida yana faollashdi. Bu yerga asosan rossiyalik mahbuslardan shakllantirilgan va mobil shturm guruhlari taktikasidan foydalanadigan «Vagner» XHK yollanma jangchilari tashlangani xabar qilindi.

Bunday taktika mohiyati kichik bo‘linmalar raqibning o‘q otish nuqtalarini ochishi va bu nuqtalar artilleriya bilan bostirilishiga qaratilgan to‘xtovsiz hujumlarga asoslangan. Agar bunga erishilsa, omon qolgan shturmchilar raqib pozitsiyalarini egallashi va zaxira kuchlar yetib borguniga qadar pozitsiyalarni saqlab turishi kerak bo‘ladi.

Donbassda vagnerchilar taktikasi ma’lum darajada samarali bo‘lmoqda - Rossiya qo‘shini ulkan yo‘qotishlarga uchrab bo‘lsa-da, asta-sekinlik bilan oldinga siljimoqda. Avdiyivkada ular to‘qnashuv chizig‘i bo‘ylab bir necha yuz metrga ilgariladi, lekin hech qaysi nuqtada yaqqol yorib o‘tish kuzatilmadi.

Shahar yarim qurshov holatida, shimolda Krasnohorivka uchun, janubda - Opitne posyolkasi uchun janglar ketmoqda. Ammo bu yerda avval ham shunday vaziyat edi, yollanma jangchilar resurslari esa cheksiz emas.

Luhansk oblasti shimoli va g‘arbi

O‘tgan yil kuzidan buyon Ukraina qo‘shini Kreminna tomon siljimoqda - bu o‘tgan yil yozida Rossiya nazoratiga o‘tgan Severodonets-Lisichansk aglomeratsiyasiga olib boruvchi kalit shahar hisoblanadi. Ukraina qurolli kuchlari qishda hujumlarni davom ettirdi, ammo alohida muvaffaqiyatga erishilmadi. Luhansk harbiy ma’muriyati rahbari Sergey Gayday bu yo‘nalishdagi asosiy muammo hamma yoq Rossiya qo‘shinlari tomonidan minalashtirilgani bilan bog‘liq ekanini aytgan.

Qish o‘rtalariga kelib Rossiya armiyasi safarbar qilinganlar hisobiga qo‘shimcha kuchga ega bo‘ldi va Kreminna atrofida qarshi hujumga o‘tishga harakat qildi, ammo ular ham muvaffaqiyatga erisha olmadi. Hozirda bu yo‘nalishda front amalda harakatsiz qolmoqda.

Rossiya qarshi zarbasining boshqa bir yo‘nalishi Luhansk shimolida bo‘ldi. Fevral oyi boshida Rossiya tuzilmalari kutilmaganda Kupyansk yo‘nalishida faollashdi. Ma’lum vaqt davomida Rossiyaning anons qilingan yirik yurishi shu yerda boshlangandek ko‘ringandi.

Kupyansk - Xarkiv oblastida, Oskil suv ombori yaqinida joylashgan shahardir. Kuzda ushbu shahar ukrainlar nazoratiga qaytishi oqibatida Izyum yaqinidagi Rossiya guruhi shimoldan uzilib qoldi va shoshilinch ravishda chekinishga majbur bo‘ldi, Ukraina qurolli kuchlari esa tezlik bilan Luhansk oblasti shimoli tomon harakatlandi. Rossiya armiyasi Kupyansk ustidan nazoratni tiklashga, Ukraina qurolli kuchlarini o‘zining yirik tayanch punkti Svatovodan uzoqlashtirishga va kuzgi muvaffaqiyatsizlik uchun o‘zini oqlashga urinishi mantiqiy ko‘rinadi.

Ammo Rossiya yurishi g‘arb tomon biroz siljish va strategik ahamiyatga ega bo‘lmagan bir necha qishloqlarni egallash bilan cheklandi. Ukraina qo‘shini hamon Svatovoga xavf solib turibdi.

Baxmut

Eng shiddatli janglar Donetsk oblasti shimolidagi Baxmut uchun kechmoqda. Bu yo‘nalishda harakatlanayotgan «Vagner» XHK kuchlari shaharni har qanday qurbonlik evaziga bo‘lsa ham egallashga harakat qilmoqda va kulminatsiya yaqinlashib kelmoqda.

Baxmut shturmi va uning atrofidagi hujumlar turli yo‘nalishlarda olib borilmoqda. Bu yerda ham Avdiyivkada bo‘lganidek mobil shturm guruhlar taktikasidan foydalanilmoqda, «Vagner» jangchilari ukrain mudofaasini qanotlardan yemirib kelmoqda va shahar qurshovga tushish xavfi ostida turibdi.

28 fevral kuni Ukraina prezidenti maslahatchisi Oleksandr Rodnyanskiy SNN uchun intervyusida Ukraina qurolli kuchlari zarurat bo‘lsa Baxmutni tashlab chiqishini aytgandi. «Bizning harbiylar barcha variantlarni ko‘rib chiqadi. Ular hozircha shaharni tutib turishibdi, ammo agar talab etilsa, ular strategik chekinishlari mumkin, chunki biz barcha odamlarimizni shunchaki qurbon qilib yubora olmaymiz», degandi u.

3 mart kuni «Vagner» rahbari Yevgeniy Prigojin shahardan shimolroqda joylashgan Paraskoviyevka qishlog‘idagi kon tomida turib, Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyga murojaat qildi va Baxmutda qolgan va «amalda qurshovga tushgan» qo‘shinlarini olib ketishni «iltimos qildi». Prigojinning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina qurolli kuchlarida shahar ta’minoti uchun birgina yo‘l qolgan.

Amerikadagi Urushlarni o‘rganish instituti (ISW) ham shu kuni Ukraina qurolli kuchlari Baxmutning ayrim hududlaridagi qo‘shinlarini tartibli olib chiqishga tayyorlanayotgan bo‘lishi mumkinligini xabar qildi.

Juma kuni e’lon qilingan kadrlar Ukraina qurolli kuchlari Baxmutdagi ikki muhim ko‘prikni portlatganini tasdiqlaydi — biri shahar shimoli-sharqidagi Baxmutovka daryosi orqali o‘tadigan, ikkinchisi Baxmutdan g‘arbdagi Xromovo posyolkasi bilan bog‘laydigan trassadagi ko‘prik. Ekspertlar qayd etishicha, ko‘priklarning oldindan yo‘q qilinishi Ukraina armiyasi Baxmut sharqidagi Rossiya qo‘shinlarining oldinga yurishiga xalal berishni va ularning Baxmutdan g‘arbga o‘tishini cheklashni ko‘zlayotganini ko‘rsatishi mumkin.

Agar Ukraina harbiy qo‘mondonligi Baxmutdan ketish zarur deb topsa ham, bu katta ehtimol bilan, vaziyat ancha murakkab bo‘lgan Baxmut sharqidan cheklangan va nazorat ostidagi chekinish bo‘lishi mumkin.

Baxmut yo‘nalishi Ukraina qo‘mondonligi uchun strategik xavf tug‘dirmaydi. Shahar olingan taqdirda Rossiya qo‘shini yangi mudofaa liniyasi bilan to‘qnashadi va operativ muvaffaqiyatni rivojlantira olmaydi - ular keyingi aholi yashash manzilidagi mudofaa istehkomlarini ham uzoq vaqt va ko‘plab yo‘qotishlarni talab etadigan o‘sha metod bilan shturm qilishiga to‘g‘ri keladi.

Qishki kampaniya yakunlari

Umuman olganda, o‘tgan qishda Rossiya-Ukraina frontida jiddiy o‘zgarishlar ro‘y bermadi.

«Rossiya armiyasi yirik yurish amaliyoti o‘tkazish imkoniyatini yo‘qqa chiqardi va endi faqat «Vagner» XHK ko‘magida muvaffaqiyat qozonishi mumkin», deb yozadi New York Times Rochan Consulting harbiy tahlilchisi Konrad Muzikaga tayanib.

Muzikaning qayd etishicha, frontda har haftada deyarli bir xil voqea takrorlanadi: Rossiya armiyasi qariyb butun tutashuv chizig‘i bo‘ylab hujum qiladi, ammo jiddiy muvaffaqiyatga erishmaydi. So‘nggi haftalarda ular erisha olgan bor yutuq - Baxmutdan shimoldagi bir necha qishloq olinishi bo‘ldi.

Shu bilan birga tahlilchi Rossiya armiyasi imkoniyatlarini past baholamaslik kerakligini qayd etadi: Moskvada hamon minglab tanklar, artilleriya qurollari va son jihatdan ustunlik bor, generallar esa qo‘shinlarni bahorgi yurish uchun zaxirada saqlayotgan bo‘lishi mumkin.

Rossiya qo‘shini Baxmutni aylanib o‘tishi natijasida ko‘plab aholi yashash manzillari harbiy harakatlar hududida qolmoqda. Fotoda - Chasiv Yar shahrida snaryad urilishidan keyin chiqqan yong‘in / Foto: Reuters

ISW ekspertlari ta’kidlashicha, RF qo‘shini davom etayotgan muvaffaqiyatsizliklarni hisobga olgan holda yangi yurish taktikasini qo‘llamoqda: bosqin boshidagidan farqli ravishda jangga nisbatan kichik va manyovrlar qilishi oson bo‘lgan tuzilmalar tashlanmoqda.

O‘tgan yil oxirida amerikalik harbiy tahlilchi Maykl Kofman keyingi bir necha oy uchun ehtimoliy ssenariy har ikki tomonning bir-birini holdan toydirishi va lokal hujumlar bilan kechadigan dinamik front bo‘lishi haqida yozgandi. Hozircha Ukrainadagi vaziyat aynan shu tarzda rivojlanmoqda.


arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo