https://kun.uz/news/2023/03/06/rossiyada-safarbar-qilinganlarga-yordam-yigish-markaziga-ot-qoyildi
Foto: Na ObGESe
Novosibirskda safarbar qilinganlarga yordam yig‘ish punkti yonib ketdi. Jamoat birlashmalari resurs markazidagi yong‘in 6 mart, dushanbaga o‘tar kechasi o‘t qo‘yish natijasida sodir bo‘lgan, deb xabar bermoqda «Na ObGESe (Novosibirsk)» Telegram-kanali. Uning ma’lumotlariga ko‘ra, noma’lum shaxslar markazning muzey xonasiga oynani sindirib, yonayotgan mato tashlagan, shundan so‘ng signal chalinib, qo‘riqchilar yong‘inni o‘chirishgan.
Politsiya hodisa tafsilotlarini o‘rganmoqda. «NDN.Info» nashri shahar kengashi deputati Svetlana Kaverzinaga tayanib, o‘z navbatida, yong‘in fakti bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilganini qayd etdi.
«Yaqinda resurs markazida gumanitar yordam yig‘ildi va faollar safarbar qilinganlar uchun kamuflyaj to‘rlarini to‘qishayotgan edi», deb yozadi «Na ObGESe (Novosibirsk)» kanali. Shuningdek, u xuddi shu markazga o‘t qo‘yishga urinish taxminan bir hafta oldin ham kuzatilganini, biroq muvaffaqiyatsiz bo‘lganini eslaydi.
So‘nggi oylarda Rossiyada Ukrainaga qarshi urushga safarbarlik fonida harbiy ro‘yxatga olish va komissarlik binolari bir necha bor yoqib yuborildi, buning natijasida jinoiy ishlar qo‘zg‘atildi. Yanvar oyi oxirida Markaziy okrug harbiy sudi ana shunday ishlardan biri bo‘yicha qaror chiqardi va Vladislav Borisenkoni Nijnevartovskdagi harbiy komissarlikka o‘t qo‘ygani uchun terakt sodir etganlikda ayblab, 12 yilga ozodlikdan mahrum qildi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!