12:10 / 07.03.2023
1 588

Ukrain harbiy asiri qatl qilinishi videosi. Bu haqda nimalar ma’lum?

Ukrain harbiy asiri qatl qilinishi videosi. Bu haqda nimalar ma’lum?

Foto: Videodan kadr

Ukraina rasmiylari ukrainalik harbiy asirning qatl etilgani aks etgan kadrlarga munosabat bildirmoqda. Qator blogerlar va kanallar tomonidan tarqatilgan videoda asirga olingan harbiy o‘lim oldidan «Slava Ukraine» (Ukrainaga shon-sharaflar) so‘zlarini aytishga ulguradi.

Zo‘ravonlik sahnasi aks etgan bu kadrlar telegram-kanallarda 6 mart kuni kunduzi paydo bo‘ldi.

Videoda harbiy formadagi kishi o‘rmonda turadi va chekadi. Kadr ortidagi ovoz aytadi: «Tasvirga ol» va kamera ko‘tariladi. Askar shunday deydi: «Ukrainaga shon-sharaflar». Keyin uni o‘qqa tutishadi va u qulaydi. Kadr ortidagi ovoz rus tilida so‘kinadi.

Bu video qachon va qayerda yozilgani ma’lum emas. Qatl etilgan askarning shaxsi ham.

Ukraina prezidenti ofisi rahbari Andrey Yermak tvitterida shunday yozdi: «Asirni o‘ldirish - bu rossiyaliklarning navbatdagi harbiy jinoyatidir. Bu Kreml propagandasi tomonidan «natsistlar» haqidagi afsonalar bilan oqlangan va qasddan olib borilayotgan terror siyosati elementidir. Har bir bunday harbiy jinoyat jazolanadi. Hech kim jazodan yashirina olmaydi. Barchasini topamiz».

Yermak videoga havola bermagan va bu sharh aynan u haqda ekaniga aniqlik kiritmagan.

«Bu videoni xalqaro hamkorlar va dunyoning turli burchaklaridagi hamkasb ombudsmenlarga Rossiyaning navbatdagi harbiy jinoyati dalili sifatida yuboraman», deya yozgan Ukraina inson huquqlari bo‘yicha komissari Dmitro Lubines.

U harbiy asirni otib tashlash - Jeneva konvensiyasi buzilishi hisoblanishini qayd etgan.

Ukraina bosh prokurori Andrey Kostinning xabar berishicha, Ukraina Xavfsizlik xizmati bosh tergov boshqarmasi holat yuzasidan Ukraina Jinoyat kodeksi 438-moddasi 2-qismi (urush qonunlari va urf-odatlarini buzish) bo‘yicha jinoiy ish ochgan.

«Hatto urushda qonunlar  bor. Xalqaro huquq normalari bor va bular Rossiya jinoiy rejimi tomonidan muntazam ravishda e’tibordan chetda qodirilmoqda. Ammo ertami kechmi jinoyat jazosini oladi. Bunga aloqadorlarning barchasi qonun oldida javob beradi», deya undan iqtibos keltirgan «Interfaks-Ukraina».

Rossiya rasmiy shaxslari hozircha bu videoga munosabat bermagan. Qayd etish lozimki, bu ikki tomondan ham shu kabi kadrlar tarqalishi bilan bog‘liq ilk holat emas.

Noyabr oyida Luhansk oblasti hududida uch nafar rossiyalik harbiy otib tashlangani aks etgan kadrlar tarqalgandi. Rossiya mudofaa vazirligi «qonli jazo» haqida xabar qilgandi. Ukraina hukumati bu holat tekshirilishiga va’da bergan.

Ukraina tashqi ishlar vaziri Dmitro Kuleba tvitterida yangi holat bilan Xalqaro jinoiy sud shug‘ullanishi kerakligini aytdi.

«Qurolsiz ukrain harbiy asiri shunchaki «Ukrainaga shon-sharaflar» so‘zlari uchun qatl etilgani aks etgan dahshatli video. Bu urush genotsid ekanining yana bir dalili. Xalqaro jinoiy sud prokurori Karim Xon zudlik bilan bu dahshatli harbiy jinoyatni tergov qilishni boshlashi zarur. Aybdorlar javobgarlikka tortilishi lozim», deya talab qiladi Kuleba.

Ukrainalik jurnalist Yuriy Butusov bu videodan skrinshotni feysbukdagi sahifasida e’lon qilgan va videodagi kishi va uning asirga tushishi tafsilotlari to‘g‘risida ma’lumotga ega bo‘lganlardan bu haqda xabar berishni so‘ragan.

Shu bilan birga, ayrim foydalanuvchilar qurbonni tanib olish mumkinligi tufayli video va skrinshotlarni tarqatish axloqqa to‘g‘ri kelishini shubha ostiga olishgan.


arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo