Filip Mertens uni garovga olgan ayirmachilar qurshovida. Surat 2023 yil 6 martda chop etilgan
Foto: Reuters
Indoneziya hukumati Yangi Gvineya orolidagi Gʻarbiy Papua provintsiyasi mustaqilligi uchun kurashayotgan ayirmachilar tomonidan bir yarim oy oldin garovga olingan yangi zelandiyalik uchuvchi Filip Mertensni ozod qilish uchun qurolli operatsiya boshladi. Yangi Zelandiyaning RNZ radiosiga koʻra, operatsiya taxminan bir hafta oldin boshlangan va hozirgacha har ikki tomondan bir necha odam halok boʻlgan.
Filip Mertens — Yangi Zelandiyaning Susi Air charter aviakompaniyasi uchuvchisi. 7 fevral kuni u besh nafar ishchini yangi kasalxona qurish uchun orolning ichki qismidagi chekka hududda joylashgan kichik Paru shahri aeroportiga etkazgandi. Ayirmachilar samolyotni yoqib yuborishgan, undagi barcha odamlar esa garovga olingan. Bir necha kundan keyin ishchilar papuas aholisiga mansub boʻlgani uchun qoʻyib yuborilgan. Mertens garovda qolgan.
Koʻp oʻtmay ayirmachilar Mertensning tirikligini tasdiqlovchi fotosuratlar va videolarni chop etdi. Ular Indoneziya rasmiylaridan Gʻarbiy Papua mustaqilligini tan olishni talab qilib, aks holda uchuvchini oʻldirishni va'da qildi. Ayrim videolarda Mertensning oʻzi qogʻozda oldindan tayyorlangan matnni oʻqib, isyonchilarning harakatlarini qoʻllab-quvvatlashini bildirgan. Bunga javoban Indoneziya hukumati Gʻarbiy Papua mamlakatning ajralmas qismi ekanini e'lon qildi.
Keyinchalik, rasmiylarning soʻzlariga koʻra, ayirmachilar Mertensni qurol va oʻq-dorilarga almashtirishga tayyor ekanini e'lon qilib, ba'zi talablaridan voz kechgan — ammo bu ham hukumat tomonidan rad etilgan.
Indoneziya harbiylari Mertensning oʻgʻirlanishiga yoʻl qoʻyganlik uchun javobgarlikni zimmasiga olishdan bosh tortib, ular Susi Air aviakompaniyasini Paruga uchish xavfsiz emasligi haqida ogohlantirganini aytdi (vaholanki, aviakompaniya hukumat bilan tuzilgan shartnomalar asosida u erda muntazam reyslarni amalga oshirib kelgan). Shunga qaramay, uchuvchini qutqarish uchun keng koʻlamli operatsiya boshlandi. Isyonchilarning yordam olishiga yoʻl qoʻymaslik uchun mintaqadan minglab mahalliy aholi evakuatsiya qilingan. Harbiylar yordamga boshqa separatistik guruhlar kelishining oldini olish uchun ularga ma'lum boʻlgan yoʻllarni toʻsib qoʻygan.
28 mart kuni Yangi Zelandiyaning RNZ radiosi Mertensni ozod qilish boʻyicha operatsiyaning asosiy bosqichi 23 mart kuni boshlangani haqida xabar berdi. Harbiylar va politsiya boʻlginchilar qarorgohiga hujum qilib, qurolli toʻqnashuvlar yana bir necha kun davom etgan. Hozircha Filip Mertensni qoʻyib yuborishmagan. U tirikmi yoki yoʻq, aynan harbiylar jang qilayotgan hududdami yoki boshqa joyda, noma'lum.