date
views 121

Trampning sud jarayoni OAV ishtirokisiz o‘tkaziladi

Trampning sud jarayoni OAV ishtirokisiz o‘tkaziladi
Foto: independent
Nyu-York Oliy sudi sudyasi vazifasini bajaruvchi Xuan Merchan bir qator ommaviy axborot vositalarining AQSH sobiq prezidenti Donald Tramp ishi bo‘yicha sud majlisidan jonli efirda translyatsiya qilish imkoniyati haqidagi iltimosini rad etdi, deb xabar berdi CNN 4 aprel, seshanba kuni.
 
Qayd etilishicha, Merchan o‘z qarorini Trampning yuridik guruhi sud zalida kameralar o‘rnatilishiga qarshi chiqib, bu «sirk» muhitini yaratishini aytganidan so‘ng ma’lum qilgan. Biroq, Merchan besh fotosuratchiga sud boshlanishida «sud xodimlari tomonidan hakamlar hay’ati uchun joy bo‘shatish to‘g‘risida buyruq berilgunga qadar» suratga olishga ruxsat beradi.
 
Avvalroq Nyu-Yorkka kelgan Tramp seshanba kuni sudda unga 33 ta band bo‘yicha ayblov e’lon qilinishini aytgan edi. Ularning bir qismi biznesdagi firibgarlik faoliyati bilan bog‘liq. Ularning barchasi Manhetten okrugi prokurori Elvin Bregg tomonidan jinoiy ayblov sifatida qayta tasniflangan. Sobiq prezident bu ayblovlarni tan olmadi va prokurorni ma’lumot sizdirganlikda ayblab, iste’foga chiqishi kerakligini aytdi.
 
30 mart kuni Nyu-York sudi hakamlar hay’ati Donald Trampning aktrisa Stormi Deniyelsga 130 ming dollar to‘lashga aloqadorligi bo‘yicha ayblov xulosasini e’lon qildi. Prokurorning so‘zlariga ko‘ra, unga Tramp bilan munosabatlari haqida «sukut saqlash» uchun pul berilgan. Trampning o‘zi hakamlar hay’ati hukmini «siyosiy ta’qib» deb atadi.
 
Trampning advokati Lina Xabba sud jarayoni adolatli o‘tishiga ishonmasligini aytdi. Florida gubernatori, 2024 yilda prezidentlikka nomzod bo‘lishi mumkin bo‘lgan Respublikachilar partiyasi vakili Ron Desantis Twitter'da prokuror «siyosiy raqibni nishonga olish uchun qonun doirasini kengaytirmoqda» deb yozdi. «Huquqiy tizimni siyosiy kun tartibini ilgari surish quroliga aylantirish qonun ustuvorligini savol ostiga qo‘yadi», dedi Desantis.
 
Seshanba kuni kechqurun sudga kelganidan so‘ng, Tramp Floridadagi qarorgohiga qaytib, u yerda nutq so‘zlashi kutilmoqda.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Trampning sud jarayoni OAV ishtirokisiz o‘tkaziladi