![Prigojin “Vagner” yollanma jangchilari 9 maydan keyin Baxmutni tark etishini ma’lum qildi](/uploads/posts/2023-05/photosgs_2023-05-03_sdfs12-27-28.jpg)
Kadr: Telegram
“Vagner” xususiy harbiy kompaniyasi asoschisi Yevgeniy Prigojin snaryadlar yo‘qligi sabab jangchilarining Baxmutdagi pozitsiyasini 10 may kuni Rossiya Mudofaa vazirligi bo‘linmalariga topshirishini ma’lum qildi.
“Men 'Vagner' bo‘linmalarini Baxmutdan olib chiqib ketaman, chunki o‘q-dorilar yo‘qligi sabab ular ma’nisiz o‘limga yuz tutmoqda”, — degan Prigojin Rossiya prezidenti, harbiy qo‘mondonligi va xalqiga yo‘llagan murojaatida.
5 mayga o‘tar kechasi Prigojin matbuot xizmati “Vagner” rahbari yollanma jangchilar jasadlari oldida Rossiya harbiy rahbariyatini so‘kkani, o‘q-dorilar yetkazib berilishini talab qilgani tasvirlangan videoni e’lon qilgandi.
Baxmut shahri — Kramatorsk, Slavyansk, Seversk va Toreskga yo‘nalishlarida hujum yo‘llarini to‘sish vazifasini bajarayotgan Ukrainaning mustahkam hududi, Donbassdagi ahamiyatli transport tugunidir. 2022 yil mayining ikkinchi yarmidan beri Rossiya qo‘shinlari Baxmutga kuchli raketa hujumlarini amalga oshirib kelmoqda, avgustda esa ular shahar atrofidagi hududga kirishga muvaffaq bo‘lgandi. Yoz oxiridan beri asosiy qismini “Vagner” jangchilari tashkil etayotgan Rossiya qo‘shinlari ushbu yo‘nalishda qaqshatqich janglarni olib bormoqda. Hudud front chizig‘ining eng qaynoq nuqtasi hisoblanadi. 2023 yil aprelida Yevgeniy Prigojin yollanma jangchilar shaharning 90 foizini nazorat qilayotganini bildirgan.
“Vagner” qanday guruh?
Ko‘plab G‘arb OAVlari “Vagner” guruhi to‘g‘ridan to‘g‘ri Vladimir Putinga bo‘ysunishini yozadi. Uning yollanma jangchilari bolalarni o‘ldirish, ayollarni zo‘rlash va qiynog‘ga solish, shuningdek, shafqatsiz qotilliklarda ayblanib keladi.
“Konkord” kompaniyasi egasi bo‘lgan Yevgeniy Prigojin 2016 yildan buyon AQSH, 2020 yildan buyon esa Yevroittifoq sanksiyalari ostidadir. Vashingtonda u Internet tadqiqotlari agentligi (trollar fabrikasi) va “Vagner”ni nazorat qilishda ayblangan.
U “Vagner”ga aloqadorligini ko‘p marta rad etgan va bunday ayblovlar sababli sudlashgan, ammo 2022 yil sentyabrida u “Vagner” asoschisi ekanini ma’lum qildi. Tashkilotni 2014 yilda, uning so‘zlariga ko‘ra, “Donbassda rus xalqiga nisbatan genotsid” boshlangan vaqtda tuzgan.
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring ![arenda kvartira tashkent](/uploads/d5fb3f5cdf_bisyor_banner_1000x100.webp)
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar