«Tepadan jinoiy buyruqlar berilmoqda, baliq boshidan sasiydi». Prigojin endi Putinga tashlanmoqdami?
«Vagner» XHK asoschisi Yevgeniy Prigojin o‘z guruhiga va’da qilingan o‘q-dorilar yetib kelmaganidan nolib navbatdagi viyedomurojaat yo‘lladi. U o‘zining uzoq yillik xo‘jayini Putinni ham ayab o‘tirmayapti.
«Ukraina Rostovgacha boradi»
«Kecha harbiy buyruq oldik. Unda pozitsiyalarni qoldirib ketish vatanga xiyonat deb qabul qilinishi aytilgan. Lekin o‘q-dori kelmasa, biz chindan ham o‘z pozitsiyalarimizni tark etamiz va vatanni aslida kim sotyapti, degan savolni qo‘yamiz. Aftidan, hozirgi holatda xoin shu hujjatni imzolaganlarga o‘xshayapti.
Buyruqning ikkinchi qismida «Vagner» xususiy harbiy kompaniyasi keraklicha o‘q-dori bilan ta’minlashi lozimligi aytilgan. Hujjatni imzolagan odam uni yozayotganda yaxshigina his-hayajonga berilgan ko‘rinadi. Chunki u biz ketsak, uning oldiga, Rostovga borishlaridan qo‘rqqan. Agar front qulasa, ukrainaliklar Rostovgacha boradi.
Front qulashi uchun esa hamma narsa qilishmoqda. Mudofaa vazirligi bo‘linmalaridan biri bugun qanotdagi pozitsiyasidan qochib ketib, oqibatda frontning 2 kvadrat kilometrga yaqin maydoni bo‘sh qolgan. Yaxshiyamki bu joyni bir amallab blokladik», degan Prigojin.
«Nega odamlarni go‘sht maydalagichga yuboryapsiz?»
Uning so‘zlariga ko‘ra, «Gazprom» tomonidan tuzilgan boshqa xususiy harbiy kompaniya bo‘linmasi jang maydonidan qochib ketgan.
«Hozir ko‘z o‘ngingizda qo‘mondonlar to‘plangan harbiy chatni ochaman-da, u yerdagi mana bu ajoyib xabarni o‘qiyman: «Fakel» to‘liq tarkibda kelmaydi, odamlarining yarmi borishdan bosh tortgan. «Gazprom»ning yana bir xususiy harbiy kompaniyasi. [Ularning] «Havorang mash’al» va shunga o‘xshash g‘alati nomlilari ham bor. Nega siz davlat pulini sarflab, odamlarni yig‘ib «go‘sht maydalagich»ga yuboryapsiz? Hali ularning onasi borib sizning dodingizni beradi», degan vagnerchilar rahbari.
Surovikinga maqtov
Prigojin murojaati davomida Rossiya armiyasining Ukrainadagi birlashgan qo‘shinlari sobiq rahbari Sergey Surovikinni ko‘p marta maqtagan.
«Buyruqning uchinchi bandida barcha qarorni Surovikin qabul qilishi aytilgan. Men Sergey Vladimirovich bilan doimiy aloqada bo‘lib turibman. Lekin hozircha javob ololganim yo‘q. Chunki ertalabdan kechgacha yig‘ilish bo‘lmoqda. Nima mavzuda yig‘ilish bo‘layotganini hech kim bilmaydi. Hozircha «Vagner»ga Rossiya deb atalgan vatanni himoya qilishi, Ukrainaning hujumini buzib, Artmovskda qolishi uchun so‘ralgan qurollar va o‘q-dori bermaslik bo‘yicha yig‘ilish bo‘lganini bilaman.
Surovikinning [biz va armiya o‘rtasida vositachi etib] tayinlangani juda yaxshi yangilik. U rahbar bo‘lgan vaqtda biz keraklicha qurol olishimiz uchun qattiq harakat qilgan. Agar Surovikinga quloq solishganda, hozir faqat hujum qilayotgan va xotirjam Slovyansk yoki Kramatorskda bo‘lgan bo‘lardik. Ammo u nimadir qila olishi uchun to‘liq vakolatga ega bo‘lishi kerak. Busiz u oddiy statistikachiga o‘xshab qoladi. Urushni yutishni xohlashsa, biz bergan mana bu ro‘yxatning ustiga 20 foiz yoki ikki baravar qo‘shib, boring, urushing degan bo‘lishardi», degan Putinning sobiq oshpazi.
«Ukrainaning qarshi hujumi TVda emas, yerda bo‘ladi»
Prigojin yana bir bor Ukrainaning bo‘lajak qarshi hujumi jiddiy bo‘lishi haqida gapirar ekan, Rossiya propagandasi TVda hammasi yaxshi ekani haqida bong urayotganini ham tanqid qilib ketdi.
«Bugun Ukraina Belgorodda «to‘polon qilyapti», bu ishni yaxshigina uddalayapti. Odamlar vahimaga tushib qolmagan bo‘lsa ham, davlat nega fuqarolarini himoya qila olmayapti, degan savol bilan xavotirlana boshladi. Bugun Ukraina Artyomovskda (ruslar Baxmutni shunday atashadi) qanotlardan yorib o‘tishga harakat qilyapti. Zaporijjyada qayta guruhlanishyapti.
Ular (ukrainaliklar) qarshi hujum televizorda emas, yerda bo‘ladi deb ochiqchasiga aytishyapti. Bizda esa hammasi televizor uchun qilinyapti va g‘alaba paradi o‘tkazilyapti. Bu otalarimizning g‘alabasi kuni. Biz bu g‘alabaga zig‘ircha ham munosib emasmiz», degan u.
Intriga vazirligi
Prigojinning fikricha, Rossiya mudofaa vazirligi urush davomida o‘z ishi bilan emas, intriga yaratish bilan shug‘ullanmoqda: «Mening qo‘limda qanday qurollar so‘raganimiz va bizga qancha berishgani haqida ro‘yxat bor. Ro‘yxatda ochiq ko‘rinib turibdiki, ular biz so‘raganimizdan o‘n baravar kamroq qurol-yarog‘ berishgan. Bugun tongda bosh shtab boshlig‘i [Gerasimov] barcha raqamlarni shaxsan o‘zi o‘zgartirib, ularni o‘n baravar kamaytirib chiqqan. Biz bunaqasiga urusha olmaymiz. Agar hammasi oliy bosh qo‘mondonni [Putin] aldash uchun qilinayotgan bo‘lsa, yoki uning o‘zi yoki urushda yutqazsak juda xafa bo‘ladigan rus xalqi sizning «mazangizni qochiradi».
Biz urushish o‘rniga doim intriga bilan bandmiz. Bizda mudofaa vazirligi emas, intriga vazirligi bor. Shu sabab bizning armiya qochyapti, ha 72-brigada 3 kvadrat kilometr joyni tashlab qochdi. U joyni olish uchun mening 500 odamim o‘lgandi. Bu strategik platsdarm edi. Yuqorida aytganim «Fakel» ham (so‘kinib gapiradi) xuddi shu tarzda tuyog‘ini shiqillatgan».
«Baliq boshdan sasiydi»
Prigojin rossiyalik askarlar qocha boshlagani, bunga yomon boshqaruv sabab ekani haqida ham gapirdi: «Rus askarlari nega okoplardan qochyapti? Bu askarning emas, uni boshqarayotganlarning muammosi. Esdang chiqarmang, baliq boshdan sasiydi. Agar buyruqlar o‘ylanmay berilsa, askarlar qocha boshlaydi. Ha, askar o‘lishi mumkin, lekin mantiqsiz buyruq ortidan o‘lib ketmasligi kerak. Yuqoridan berilayotgan buyruqlar turgan bitgani jinoiy. Hozir vatanga xiyonat va rus xalqini yo‘qotish ko‘rinishida jinoyat sodir etilmoqda. Bu ish bilan tor doiradagi odamlar shug‘ullanmoqda va razvedkachilar ularni aniqlashi kerak.
Hozir esa shunchaki bizga va’da qilingan va omborda yotgan o‘q-dorilarni bering. Hozirgacha faqat 10 foizi berildi. Biz Artyomovskda qolamiz va yana bir necha kun talab qilamiz. Keyin ko‘ramiz.
Shunday ekan, hammani otalarimizning g‘alabasi bilan tabriklayman. Bu kunni biz nega bayram qilyapmiz – tushunmayapman. Ularni shunchaki eslab qo‘yish kifoya edi, Qizil maydonda sandiroqlash shart emasdi», degan Prigojin.
«Eng katta dushmanimiz Ukraina armiyasi emas»
Videoning davomida Prigojin yuzi berkitilgan vagnerchilar bilan qorong‘ida suhbat o‘tkazgan. U askarlarga go‘yoki yuzaga kelgan vaziyat bo‘yicha hisobot beradi: «Agar o‘q-dori yetarli bo‘lmasa, Artyomovskdan ketishga majbur bo‘lishimiz haqida oliy bosh qo‘mondongacha ma’lum qilindi. U quyi turuvchilarga keskin topshiriq berdi. Ammo buyruq olganlar hozircha buyruqni bajarmadi. Ularning ishi ko‘p: majlis o‘tkazishadi, choy ichishadi, prostata massaji qabul qilishadi. Patronlarni ertaga berishsa, yana hujumga zo‘r beramiz, to‘g‘rimi? Harbiylar asta-sekin ortga tisarilayotganidan xabaringiz bo‘lsa kerak», degan «Vagner» rahbari.
Prigojin qorong‘ida o‘z askarlari bilan suhbat davomida har 10 soniyada o‘q ovozi eshitilganini hisoblab, Baxmutda Ukraina tomoni kuniga 7,5 mingta patron ishlatayotganini taxmin qilgan. Prigojin vagnerchilar bilan suhbatda «Bizning eng katta dushmanimiz ana shular, Ukraina armiyasi emas» degan «Vagner»ga qurol bermayotgan harbiy rahbariyatdagilar, xususan Gerasimov va Shoyguga ishora qilib.
«Vagner» asoschisi videoda Baxmutdagi o‘q-dori yetishmovchiligi muammosi prezident Putingacha yetib borgani haqida bir necha marta gapirgan. Shuningdek, mudofaa vazirligi bo‘linmasi joyini tashlab ketganini har bir askar bilan suhbatda ta’kidlagan.
Putinga haqoratmi?
Video oxirida esa Prigojin «Gruz 200 my vmeste» yozuvli shevronda ko‘rinish bergan. U artilleriyachi askar bilan gaplashib, yana snaryad tanqisligi mavzusida gapirgan. Aynan mana shu qismda Prigojin katta ehtimol bilan Rossiya prezidentini haqorat qilgan.
«O‘q-dorilar askarlarga berilish o‘rniga, qanaqadir omborlarda maqsadsiz yig‘ilmoqda. Snaryad sarflab, dushmanni o‘ldirish va o‘z askarlarini himoya qilish o‘rniga o‘z askarlarimizni o‘ldirishmoqda. Xushchaqchak chol esa hammasi juda yaxshi ekanini aytmoqda.
Endi mamlakat nima qilsin? Agar u haq bo‘lsa, mayli, sog‘ bo‘lsin. Lekin bu chol, aytaylik, o‘taketgan ahmoq bo‘lsa, urushni qanday yengish mumkin?» degan Prigojin.
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring