![Putin Gurjiston fuqarolari uchun viza rejimini bekor qildi](/uploads/posts/2023-05/6l-k0b0tq2vi2n-dhh4qldnrnngz2owi.jpg)
Tbilisi aeroporti. Foto: EPA
Rossiya 15 maydan Gurjiston fuqarolari uchun viza rejimini bekor qiladi - faqat ishlash uchun keluvchilar bundan mustasno. Tegishli farmon Rossiya prezidenti Vladimir Putin tomonidan imzolangan. U boshqa farmoni bilan Gurjistonga aviakompaniyalar parvozlariga qo‘yilgan taqiqni ham yechgan. Gurjiston prezidenti Putinning qarorini provokatsiya, Ukraina bilan urush davom etayotgan sharoitda viza rejimi bekor qilinishini nomaqbul deb atadi, ammo Salome Zurabishvili Gurjiston hukumati pozitsiyasini ifoda eta olmaydi.
Vizasiz rejim
Gurjiston va Rossiya o‘rtasidagi viza rejimi 2000 yilda, Rossiya hukumati qaroriga ko‘ra kiritilgandi, shundan keyin Gurjiston ham Rossiya fuqarolari uchun viza rejimini joriy etadi. 2008 yildagi urushdan keyin Gurjiston Rossiya bilan diplomatik munosabatlarni uzganini e’lon qiladi.
Putinning farmoni matnida Kreml nima uchun Gurjiston fuqarolari uchun vizani bekor qilgani haqidagi savolga javob yo‘q.
Gurjiston hukumati Ukrainaga qarshi urush boshlagan Rossiya bilan munosabatlarda tanlagan pozitsiyasi tufayli mamlakat ichkarisida ham, xorijda ham tanqidlar nishoniga aylangan.
Gurjiston Moskvaga qarshi sanksiyalarga qo‘shilmagan, bu «ikkinchi front» ochilishi xavfi bilan izohlangan. O‘z navbatida, Ukrainaga bosqin tufayli mamlakatni tark etmoqchi bo‘lgan Rossiya fuqarolarining ko‘pchiligini gurjistonlik chegarachilar mamlakat hududiga o‘tkazmadi.
Endilikda, Ukrainaga qarshi urushni davom ettirayotgan Putin «2023 yil 15 maydan boshlab Gurjiston fuqarolari Rossiya Federatsiyasiga kirishda va RFdan chiqishda viza rasmiylashtirmasdan, shaxsini tasdiqlovchi hujjatlar asosida harakatlanishi»ga imkon beruvchi farmonini imzoladi. Faqat «RF hududiga mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun yoki 90 kundan ortiq muddatga, jumladan ta’lim olish uchun keladigan fuqarolar» bundan mustasno.
Gurjistonga parvozlar
Bundan tashqari, Rossiya Gurjistonga to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlarni tiklashga qaror qildi.
2019 yil 21 iyunda Putin Gurjiston bilan yo‘lovchi reyslarni amalga oshirishni taqiqlash to‘g‘risidagi farmonini imzolagandi. Yangi farmon bilan u bu qarorini bekor qildi.
Bu taqiq Tbilisidagi namoyishlardan keyin kiritilgandi - namoyishlar esa Gurjiston poytaxtiga Provaslavlar parlamentlararo assambleyasida ishtirok etish uchun kelgan Davlat dumasi deputati Sergey Gavrilovning harakatlari turtki bo‘lgandi. Assambleya yig‘ilishi Gurjiston parlamentida o‘tkazilgan, Gavrilov esa spiker kreslosiga o‘tirib olishi namoyishlar to‘lqinini keltirib chiqargandi.
Rossiya transport vazirligi mahalliy aviakompaniyalar mahalliy ishlab chiqarilgan samolyotlar orqali «Moskvadan Tbilisiga, Tbilisidan Moskvaga har hafta yettita to‘g‘ridan to‘g‘ri reys amalga oshirishi», «aviatashuvchilar parvozlarni tiklash jarayoniga tayyorlanayotgani» haqida e’lon qildi.
Gurjistonga qatnovlar to‘xtatilguniga qadar parvozlar Rossiyaning «Aeroflot», «Pobeda», S7, Utair, «Ural aviayo‘llari» va Red Wings, shuningdek, gurjilarning Georgian Airways va MyWay Airlines aviakompaniyalari tomonidan amalga oshirilardi.
Gurjiston reaksiyasi
Gurjiston hukumati, jumladan mamlakat ichki ishlar vazirligi va hukmron «Gurjiston orzusi» partiyasi hozircha viza bekor qilinishi va parvozlar tiklanishi to‘g‘risidagi yangilikka munosabat bildirmadi.
Vakolatlari cheklangan va pozitsiyasi rasmiy Tbilisi pozitsiyasini anglatmaydigan Gurjiston prezidenti Salome Zurabishvili esa Putinning qarorini qoraladi.
«Rossiyaning navbatdagi provokatsiyasi! - deya yozdi u tvitterida. - Rossiya Ukrainaga tajovuzkorlikni davom ettirayotgan va bizning hududlarimizni egallab turgan sharoitda Gurjiston bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri reyslar tiklanishi va viza rejimi bekor qilinishiga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi».
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring ![arenda kvartira tashkent](/uploads/d5fb3f5cdf_bisyor_banner_1000x100.webp)
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar