date
views 260

Pashinyan va Aliyev Bryusseldagi muzokaralarda muvaffaqiyatga erishdi

Pashinyan va Aliyev Bryusseldagi muzokaralarda muvaffaqiyatga erishdi
Foto: AP
Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev va Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan 14 may, yakshanba kuni Yevropa Ittifoqi taklifiga binoan Bryusselda muzokara o‘tkazdi. Yevropa Kengashi raisi Sharl Mishel matbuot uchun uchrashuv natijalarini sharhlar ekan, ikki davlat rahbari Armaniston-Ozarboyjon mojarosini hal qilishning bir qancha muhim jihatlari bo‘yicha muvaffaqiyatga erishganini bildirdi. Pashinyan va Aliyevning o‘zlari Bryusseldagi muzokaralar natijasiga hozircha izoh berishmagan.
 
Mishelning so‘zlariga ko‘ra, ikkala siyosatchi ham “1991 yildagi Olmaota deklaratsiyasiga so‘zsiz sodiqliklarini” hamda SSSR parchalanishi chog‘ida Armaniston va Ozarboyjonning o‘z chegaralaridagi hududiy yaxlitligini tasdiqlagan. Boshqacha aytganda, gap asosan etnik armanlar istiqomat qiladigan Tog‘li Qorabog‘ning Ozarboyjon hududi sifatida tan olinishi haqida ketmoqda. Chegaralarning yakuniy demarkatsiyasi va demilitarizatsiyasi tomonlar o‘rtasidagi muzokaralar mavzusi bo‘ladi, dedi Yevropa kengashi rahbari.
 
Muvaffaqiyatga erishilgan yana bir masala, Sharl Mishelga ko‘ra, “mintaqadagi transport va iqtisodiy aloqalarni blokdan chiqarish” bo‘ldi. Xususan, gap Ozarboyjonning asosiy hududi va uning eksklavi – Naxichevan Muxtor Respublikasi o‘rtasidagi transport yo‘lagi haqida bormoqda. Boku bunday yo‘lakni Armaniston hududi orqali o‘tkazmoqchi. Shu bilan birga, Yerevan u mamlakat janubini qolgan qismidan uzib qo‘yishi, bundan tashqari, Armanistonni Eronga to‘g‘ridan to‘g‘ri yo‘ldan mahrum qilishidan qo‘rqadi.
 
Sharl Mishelning so‘zlariga ko‘ra, asirlarni o‘zaro ozod qilish bo‘yicha “yaqin haftalar ichida” bo‘lib o‘tishi kerak bo‘lgan muzokaralarda ham muvaffaqiyatga erishildi. “Biz bedarak yo‘qolganlar taqdiriga oydinlik kiritish va minalardan tozalash ishlarini faollashtirish muhimligini ham muhokama qildik”, — deya qo‘shimcha qildi yevropalik rasmiy.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Pashinyan va Aliyev Bryusseldagi muzokaralarda muvaffaqiyatga erishdi