22:52 / 16.05.2023
420

Baxmut atrofidagi jangda rus zobitlari o‘limi nimani anglatadi?

Foto: TASS

Yakshanba kuni tongda Rossiya mudofaa vazirligi Rossiya armiyasining ikki nafar katta ofitserlari o‘limini tan oldi – ular Rossiya qurolli kuchlari tarkibiga kiritilgan «LXR»ning sobiq ko‘ngilli bo‘linmalari polkovniklari edi.

Mudofaa vazirligining rasmiy versiyasiga ko‘ra, ular oldingi chiziqda o‘z bo‘linmalari bilan Ukraina qurolli kuchlarining davomli hujumlarini qaytarish chog‘ida halok bo‘lishgan.

«4-motoo‘qchilar brigadasi komandiri, oldingi chiziqda bo‘lgan polkovnik Vyacheslav Makarov shaxsan jangga boshchilik qilgan. Raqibning ikki hujumi qaytarilgan. Brigada harbiy xizmatchilari Ukraina qurolli kuchlarining uchta tanki, to‘rtta BMP va ikkita zirhli avtomobilini yo‘q qilishgan. Uchinchi hujumni qaytarish vaqtida brigada komandiri og‘ir yaralangan va jang maydonidan evakuatsiya qilish chog‘ida halok bo‘lgan», – deyiladi RF mudofaa vazirligi saytidagi xabarda.

Halok bo‘lgan ikkinchi polkovnik Yevgeniy Brovko armiya korpusi komandirining harbiy-siyosiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari bo‘lgani va «boshqa uchastkada raqib hujumini qaytarish» bo‘yicha janglarga rahbarlik qilgani, «snaryad parchalaridan ko‘p sonli jarohatlar olib qahramonlarcha halok bo‘lgani» aytilgan.

Qisqacha berilgan rasmiy ma’lumotda zobitlar o‘lim topgan joy haqida ham ma’lumot bor – Baxmut shahar obshchinasi yerlariga kiruvchi va 2016 yilga qadar Krasnoye deb atalgan Ivanovskoye qishlog‘i. Rossiya mudofaa vazirligi bayonotlarida Ukraina hukumati nomlarini yangilagan aholi yashash manzillarining sovetcha nomlari ishlatiladi. Masalan, Moskva Baxmutni Artemovsk deb ataydi.

Ivanovskoye Baxmutda jang olib borayotgan «Vagner» XHK otryadlarining chap qanotida joylashgan. So‘nggi kunlarda Ukraina qurolli kuchlari mazkur hududda faollikni oshirgandi.

Makarov komandiri bo‘lgan 4-motoo‘qchilar brigadasi 2014 yilda o‘zini o‘zi e’lon qilgan «LXR»da tashkil topgan qurolli tuzilmalardan biri edi. Bu tuzilma «LXR» 2-korpusi tarkibida bo‘lgan va 2022 yil 31 dekabrida boshqa tuzilmalar qatorida rasman Rossiya qurolli kuchlariga qo‘shib yuborilgandi.

Shu tufayli Rossiya tomoni endi uni Rossiya armiyasining bir qismi deb atamoqda, ammo boshqa tomondan bunday harbiy tuzilmalar hamon qurollantirilishi va tarkibi bo‘yicha Rossiya armiyasidan farq qiladi.

Chekinish

RF mudofaa vazirligiga ko‘ra, Ukraina qurolli kuchlarining Ivanovskoye (Krasnoye) qishlog‘i hududidagi barcha hujumlari qaytarilgan va Ukraina kuchlari yo‘qotishlarga uchragan.

Shu bilan bir vaqtda, «Vagner» XHK rahbari Yevgeniy Prigojinga aloqador telegram-kanallarning yozishicha, «muvaffaqiyatli mudofaa» aslida haqiqiy qochish bo‘lgan.

RF mudofaa vazirligi ukrainlarning qarshi hujumlari qaytarilganini ma’lum qilgan, vagnerchi kanallar esa armiya qismlari ukrainlar yurishiga dosh berolmay qochib ketgani haqida yozishgan. Foto: ANADOLU

Prigojin o‘tgan haftaning payshanba kuni ukrainlarning «qarshi hujumi avjiga chiqqani» va Ukraina qurolli kuchlari bo‘linmalari Baxmut atrofidagi «qanotlarga o‘tishgani», bu qanotlarni yopishi kerak bo‘lgan Rossiya armiyasi qismlari esa oldinroq vagnerchilar tomonidan mashaqqat bilan egallangan hududlarni «amalda jangsiz» tashlab ketayotganini aytgandi.

Ikki polkovnik halok bo‘lgan Ivanovskoye qishlog‘i atrofidagi hudud chindan ham so‘nggi haftalardagi shiddatli janglar maydoniga aylangan va bu yerda Rossiya kuchlari ortga chekintirilgan.

Masalan, «Orkestr Vagnera» telegram-kanali tarqatgan ma’lumotga ko‘ra, 4-alohida motoo‘qchilar brigadasi payshanba kuniyoq Ivanovskoye qishlog‘idan janubi-g‘arbda «3,5 kilometr kvadrat maydondagi uchastkani tashlab ketgan».

Kanal bu chekinish tafsilotlarini keltirmagan.

Holdan toygan qo‘shin

Boshqa manba – «DXR» harbiy xizmatchisi, Murz laqabli muallif tomonidan yuritiladigan «Nam pishut iz Yaniny» telegram-kanali jang manzarasini boshqacha tasvirlagan. Donbassdagi «respublika»larning faol tarafdori bo‘lgan muallif o‘z-o‘zidan 4-brigadaning yonini olgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bu qism bosqin boshidan buyon ta’tilga chiqmasdan oldingi chiziqda jang qilib kelmoqda va «saflarini faqat safarbar qilinganlar hisobiga to‘ldira olgan» (katta ehtimol bilan gap Ukrainaning Luhansk oblasti aholisi haqida bormoqda, bu yerda odamlar kuch bilan «LXR» otryadlariga jalb etiladi]. So‘nggi vaqtlarda bu brigada Kreminna atrofida jang qilgan, ammo aprel oyi oxirlarida Baxmutga tashlangandi.

Muallifning yozishicha, brigada «Vagner» XHKning kerakli darajada tayyorlanmagan pozitsiyalariga keltirilgan, bu yerda «okoplarning eng chuquri tizzabo‘yi bo‘lgan» – chunki ularga chuqurroq joylashishning zarurati bo‘lmagan – tinimsiz snaryad talab qilib, sarflab kelayotgan vagnerchilarda ukrain artilleriyasini bostirish uchun vositalar va harbiy razvedkachi dronlar mavjud edi, bu esa raqibning artilleriya zarbalari xavfini kamaytirgan.

Ammo bu yerga oldingi janglarda holdan toygan luhansklik piyodalar kelishi bilan Ukraina armiyasi radioelektron kurash vositalarini faol qo‘llay boshlagan va pozitsiyalarni kuchli darajada o‘qqa tutgan.

«Cheksiz miqdordagi o‘q-dorilarga ega bo‘lgan dushman stvolli artilleriyasi bunday sharoitda nafaqat qandaydir tayanch nuqtasini vayron qilish, balki alohida jangchilarni ov qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Va ular shunday qildi ham. Buning natijasida so‘nggi 48 soatdagi janglarda – 4-brigadada brigada komandiri va brigada shtabi boshlig‘i halok bo‘lgan, brigada boshqarmasidan halok bo‘lgan va yaralangan boshqa ofitserlar ham bor», deya yozgan bloger.

U armiya korpusi qo‘mondonining harbiy-siyosiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari bo‘lgan polkovnik o‘limi haqida yozmagan, ammo brigada shtabi boshlig‘i deganda polkovnik Yevgeniy Brovkoni nazarda tutgan bo‘lishi ham mumkin.

Bir jangda ikki polkovnik halokati

Yirik harbiy tuzilma komandiri jangda halok bo‘lishi – urushda tez-tez sodir bo‘ladigan voqea emas. Masalan, BBC «Mediazona» va ko‘ngillilar jamoasi bilan hamkorlikdagi loyihada aniqlashicha, 2022 yil fevralidan buyon Ukrainada jami to‘rt general va 57 polkovnik halok bo‘lgan.

Lekin ularning barchasi ham to‘g‘ridan to‘g‘ri jang maydonida halok bo‘lmagan. Yuqori lavozimli ofitserlar odatda ukrain artilleriyasi yoki aviatsiyasi zarbasi qurboniga aylanadi.

Ularning ko‘p qismi 2022 yilda, Ukraina qurolli kuchlarining Xarkiv oblastidagi yurishi boshlanishidan ham oldinroq halok bo‘lishgan. 2 sentabrgacha yuritilgan hisobotda aytilishicha, tekshiruvlar orqali urushda qurbon bo‘lgan to‘rt general va 35 nafar polkovnikning shaxsi tasdiqlangan. 2023 yil boshiga kelib frontda halok bo‘lgan polkovniklar soni 52 nafarga yetgan.

Shu tariqa, 2023 yilning dastlabki besh oyida Ukraina urushida faqat besh nafar polkovnik o‘limi ro‘y bergan. Endi esa ularning soni birgina jangning o‘zida ikkitaga oshmoqda.

2022 yil iyulida Britaniya razvedkasi Rossiya armiyasining urushda halok bo‘lgan yuqori va katta lavozimdagi ofitserlari soni nisbatan ko‘pligini sharhlar ekan, komandirlar orasidagi katta yo‘qotishlar «ular eng quyi darajadagi taktik harakatlarni ham boshqarishga majburligi bilan bog‘liqligi», g‘arb davlatlari armiyalarida bunday vazifalar serjantlar zimmasidaligi, Rossiya armiyasida esa yuqori malakali va vakolatli serjantlar yo‘qligini bildirgandi.

Chindan ham, zamonaviy urushda brigada komandiri oldingi chiziqda turib qo‘shinlarga rahbarlik qilishi kerak emas. Uning joyi – qo‘mondonlik punktida, u shu yerdan turib aloqa vositalaridan foydalangan holda qo‘mondonlik zanjiri bo‘ylab mudofaa yoki hujum harakatlarini boshqaradi. Agar u jangda halok bo‘lmagan bo‘lsa ham, oldingi chiziqda bo‘lgani faktining o‘zi brigadada bo‘linmalarni boshqarish bilan bog‘liq muammolar mavjudligini ko‘rsatadi.

Bu shuni anglatishi mumkinki, quyi darajadagi ofitserlar o‘z bo‘linmalarini boshqarish layoqatiga ega bo‘lmagan, aloqa buzilgan yoki dushman to‘g‘ridan to‘g‘ri qo‘mondonlik punktiga bostirib kirgan yoki qo‘shin shunchalik ichkari chekinganki, qo‘mondonlik punkti xavf ostida qolgan.

Bu vaqtda ijtimoiy tarmoqlarda Birinchi kanalning polkovnik Vyacheslav Makarov haqida tayyorlagan reportajidan parcha tarqaldi. Reportajga ko‘ra, u avval ham, uning tuzilmasi Kreminna atrofida turganida ham, muntazam ravishda oldingi chiziqlarni tekshirib yurishiga to‘g‘ri kelgan.

«Mana shu yaqinda egallangan pozitsiyalarni shaxsan aylanib chiqadi, pulemyotlar va AGS (stanokka o‘rnatilgan avtomatik granatomyot)larni qayerga joylashtirish to‘g‘ri bo‘lishini aytadi. Odatda bunday unvondagi ofitserlar shtabda o‘tirib, xaritada vazifalarni belgilab beradi, ammo «Barnaul» (Makarovning laqabi) o‘zining jangchilari hayoti bilan tavakkal qilayotgan bo‘lsa, o‘zi ham shunday qilishi kerak deb hisoblaydi», – deydi reportajda korrespondent. U brigada komandiri oldingi chiziqqa borib, shturmchi guruhga hujumdan oldin topshiriqlar berayotgan epizodni tasvirlagan.

Vyacheslav Makarov / Birinchi kanal reportajidan skrinshot

Polkovnikning bunday boshqaruv uslubi juda tantiligidan paydo bo‘lmagani aniq – agar u oddiy askarlar oldiga borib vazifalarni belgilab berayotgan bo‘lsa, bu ishni uning o‘rniga qila oladigan serjantlar, leytenantlar va boshqa quyi darajadagi ofitserlar bo‘lmagan. Agar bir jangning o‘zida bitta tuzilmaning o‘zida birdaniga ikki polkovnik halok bo‘layotgan ekan, bu shuni anglatishi mumkinki, bu brigadaning muammolari juda ulkan va bu barcha bo‘linmalarga bo‘lmasa ham, asosiy qismiga taalluqli.

Ukrainlar hujumining bir qismimi?

Ukraina QK quruqlik qo‘shinlari qo‘mondoni Oleksandr Sirskiy dushanba kuni Baxmut mudofaasi davom etayotgani, so‘nggi kunlardagi voqealar esa Ukraina qurolli kuchlari bu hududda yurish amaliyotlari olib borishi mumkinligini ko‘rsatganini aytdi.

«Qo‘shinlarimizning Baxmut yo‘nalishida oldinga siljishi – Baxmutni mudofaa qilish bo‘yicha operatsiya davomidagi birinchi muvaffaqiyat hujum amaliyotidir. So‘nggi kunlar shuni ko‘rsatdiki, biz shunday o‘ta og‘ir sharoitlarda ham oldinga siljishimiz va dushmanni yo‘q qilishimiz mumkin», – deyilgan Sirskiyning Ukraina mudofaa vazirligi mediamarkazi telegram-kanalida e’lon qilingan bayonotida.

Baxmutni egallash uchun harakat qilayotgan «Vagner» XHK asoschisi Yevgeniy Prigojin ukrain kuchlari frontning Baxmutdagi uchastkasida qanotlardagi hududlarning bir qismini qaytarib olishga muvaffaq bo‘lgani hamda Rossiyada ham, Ukraina va dunyoning boshqa mamlakatlarida ham kutilayotgan ukrainlarning qarshi hujumi allaqachon boshlanib ketganini aytdi.

Ammo ko‘plab sharhlovchilar Baxmut atrofida boshlangan harbiy harakatlarni katta amaliyotning boshlanishi sifatida baholashga shoshilmayapti. Versiyalardan biriga ko‘ra, Ukraina qurolli kuchlarining qanotlardagi faolligi Baxmut g‘arbida mudofaani davom etayotgan ukrain garnizonining holatini yaxshilashga qaratilgan – oxirgi hujumlardan keyin rossiyaliklar Baxmut ta’minoti amalga oshiriladigan asosiy yo‘l atrofidagi pozitsiyalardan ketishgan.

Boshqa tomondan, bunday janglarni yaqinlashib kelayotgan yurishning darakchisi deb hisoblash ham mumkin – katta amaliyot boshlanishidan oldin oldinga siljigan kuchlar razvedka janglari orqali raqib mudofaasidagi zaif nuqtalarni paypaslab ko‘rayotgan, zarba berish uchun joy tanlayotgan yoki mudofaalanayotgan tomonni asosiy hujum boshlanadigan yo‘nalishdan chalg‘itayotgan bo‘lishi mumkin.


arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo