date
views 363

Davlat to‘ntarishiga tayyorgarlik: Germaniyada "reyxsburgerlar" ustidan sud boshlandi

Davlat to‘ntarishiga tayyorgarlik: Germaniyada "reyxsburgerlar" ustidan sud boshlandi
Foto: Picture Alliance
Germaniyada davlat to‘ntarishiga urinish bo‘yicha sud jarayoni boshlandi. "Reyxsburgerlar" deb gumon qilinayotganlar terrorchi guruh tuzish va og‘ir zo‘ravonlik jinoyatlariga tayyorgarlik ko‘rishda ayblanmoqda.
 
17 may, chorshanba kuni Germaniyada hokimiyatni zo‘ravonlik yo‘li bilan egallashni rejalashtirganlikda va Germaniya sog‘liqni saqlash vaziri Karl Lauterbaxni o‘g‘irlab ketishda gumon qilinayotgan “reyxsburgerlar” ustidan sud jarayoni Koblens oliy mintaqaviy sudida boshlandi. 44 yoshdan 56 yoshgacha bo‘lgan to‘rt nafar erkak va 75 yoshli ayol terrorchi tashkilot tuzish yoki unda qatnashish, shuningdek, federal hukumatga qarshi harakatlarga tayyorgarlik ko‘rishda ayblanmoqda.
 
Sudning birinchi kunida ayblov xulosasi o‘qiladi. 2022 yil aprelida to‘rt nafar erkak, oktyabr oyida tergov tomonidan guruh rahbari deb hisoblangan ayol qo‘lga olingan. Ularning barchasi hibsda. Federal prokurorlarga ko‘ra, fitnachilar hukumatni ag‘darish bo‘yicha uch bosqichli reja ishlab chiqqan. Birinchi qadam sifatida Germaniya bo‘ylab elektr tizimlarini kamida ikki haftaga ishdan chiqarish, keyin esa Germaniya sog‘liqni saqlash vaziri Karl Lauterbaxni qurol bilan o‘g‘irlab ketish rejalashtirilgan edi, deydi prokurorlar.
 
Xabar qilinishicha, gumonlanuvchilar “fuqarolar urushiga o‘xshash shart-sharoitlar” yaratmoqchi bo‘lgan va hukumatni ag‘darish, yangi “rahbarlar”ni tayinlash uchun Berlinda yig‘ilish o‘tkazishni rejalashtirgan. Bu rejalardan hech narsa chiqmadi - qurol sotib olayotganda gumondorlar yashirin xavfsizlik xodimiga duch kelgan.
 
Keng ko‘lamli tintuvlar chog‘ida o‘qotar qurollar, o‘q-dorilar, naqd pullar, oltin quymalari, kumush tangalar va chet el valyutalari musodara qilindi. 75 yoshli nafaqadagi o‘qituvchi 2022 yil oktyabr oyi o‘rtalarida Saksoniyada hibsga olingan. Federal sud qarorida aytilishicha, u, xususan, "Germaniya reyxining hayotiyligini o‘z vaqtida tiklashga" erishmoqchi bo‘lgan, shuningdek, Rossiya prezidenti Vladimir Putin, uning polshalik hamkasbi Anjey Duda va Germaniya prezidenti Frank-Valter Shtaynmayerga xatlar tayyorlagan. Bundan tashqari, gumonlanuvchi Lauterbax uchun “qamog‘ga olish orderi”ni tayyorlab qo‘ygan.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Davlat to‘ntarishiga tayyorgarlik: Germaniyada "reyxsburgerlar" ustidan sud boshlandi