date
views 567

Prigojin: Biz Ukrainani butun dunyoga mashhur millatga aylantirdik

Foto: AP

«Vagner» XHK egasi Putin, Shoygu, Ukrainaga boʻlgan munosabat va «elita bolalari» haqida katta intervyu berdi.

«Biz natsistlarni qidirib, Ukrainaning butun hududiga etiklar bilan kirib keldik. Natsistlarni qidirar ekanmiz, qoʻlimizdan kelganini qildik», - dedi «Vagner» xususiy harbiy kompaniyasi asoschisi va egasi Evgeniy Prigojin kremlparast siyosiy texnolog Konstantin Dolgovga bergan intervyusida. Ularning suhbati toʻliq versiyasi 23 may, seshanba kuni Prigojinning Telegram’ida e'lon qilindi. Hammasi «denatsifikatsiya» uchun qilingan, «biz Ukrainani butun dunyoga mashhur millatga aylantirdik», dedi XHK asoschisi.

Ayni paytda, 2022 yilning 27 fevralida, Rossiyaning Ukrainaga harbiy bostirib kirishidan koʻp oʻtmay, Prigojin oʻzining Telegram-kanalida RF qoʻshinlari harakatlarini yuqori baholagandi. «Rossiya Federatsiyasi Mudofaa vazirligining maxsus operatsiyasi... - RF qoʻshinlari natsistlar halok boʻlayotgan keskinlik oʻchoqlarini nuqtama-nuqta yoʻq qiladigan ajoyib mikrojarrohlik amaliyotidir, tinch aholi esa butunlay xavfsiz holatda qolyapti», deb yozgan edi u.

Evgeniy Prigojin joriy intervyusida «Putinga boʻysunishini» aytdi. Shu bilan birga, 9 may kuni video e'lon qilindi, unda u kameraga qarab: «Baxtli bobo hammasini yaxshi deb oʻylayapti... Lekin mamlakat nima qilishi kerak, bizning bolalarimiz, nevaralarimiz, Rossiyaning kelajagi nima qilishi kerak? Agar toʻsatdan, men shunchaki taxmin qilyapman, bu bobo notoʻgʻri oʻylagani ma'lum boʻlsa, urushda qanday gʻalaba qozonish kerak?»

Keyinchalik XHK asoschisi «bobo» deganda u quyidagi variantlardan birini nazarda tutganini ta'kidladi - ilgari Rossiya mudofaa vazirining moddiy-texnik ta'minot boʻyicha oʻrinbosari boʻlgan general-polkovnik Mixail Mizintsev, Bosh shtab boshligʻi Valeriy Gerasimov yoki hatto, Prigojin tushuntirganidek, «ijtimoiy tarmoqlarda snaryadlar qutilarini taklif qilgan holda paydo boʻlgan» Natalya Ximni.

Joriy intervyuda Prigojin Sergey Shoygu oʻrniga Mizintsevni Rossiya mudofaa vaziri lavozimiga tayinlashni taklif qildi. Shu bilan birga, Bosh shtab boshligʻi Valeriy Gerasimov, Prigojinning soʻzlariga koʻra, avvalroq «Xersonni berib yuborishni» taklif qilgan Ukrainadagi kuchlar birlashgan guruhi sobiq qoʻmondoni Sergey Surovikin bilan almashtirilishi kerak.

Bundan tashqari, Prigojin Ukraina eng kuchli armiyalardan biriga ega ekanligini aytdi. «Ularda yuqori darajadagi tashkilotchilik, tayyorgarlik, razvedka, turli qurollar bor», — dedi u Dolgov bilan suhbatda. Belgorod viloyatidagi soʻnggi janglar haqida gapirar ekan, XHK asoschisi Rossiya mudofaasi bunday hujumlarga qarshi turishga tayyor emasligini tan oldi: «Ularning ertaga Moskvaga kelmasligiga kafolat bormi?»

Evgeniy Prigojin, shuningdek, Rossiya elitasining bolalari uchun «Varfolomey tuni» yuz berishi mumkinligini istisno qilmadi, chunki ular «oʻziga kremlar surtib, Instagramda buni koʻrsatishyapti, oddiy odamlarning bolalari esa ruxdan yasalgan tobutlarda olib kelinyapti». Bu ikkiga boʻlinish 1917 yildagidek inqilob bilan yakunlanishi mumkin, «avval askarlar, keyin esa ularning yaqinlari qoʻzgʻaladi», deya qoʻshimcha qildi u.

XHK asoschisi Moskva ogʻir urushga tayyorgarlik koʻrishi kerakligini istisno etmadi, chunki Ukraina Qurolli kuchlari anneksiya qilingan Qrimga hujum qiladi, Qrim koʻprigini portlatib yuborishga urinadi va ta'minot liniyalarini uzib qoʻyadi. «Biz hozir Rossiyani boy berib qoʻyadigan holatdamiz», - deya xulosa qildi u.

2022 yil noyabr oyining oxirida «Vagner» XHK egasi XHK logotipi va «qon» izlari boʻlgan bosqon solingan skripka qutisini namoyish etdi. Bosqon aslida Ukraina asirligida boʻlganidan keyin yollanma askarlardan birining oʻldirilishi aks etgan video paydo boʻlganidan soʻng guruh ramziga aylandi.

2023 yil fevral oyi boshida «Mediazona», Britaniyaning BBC media-kompaniyasi va koʻngillilar jamoasi «Vagner» xususiy harbiy kompaniyasi tomonidan yollangan mahbuslar orasida katta yoʻqotishlar haqida yozgan edi. Har bir yangi hisobot e'lon qilinishi bilan ular orasidagi yoʻqotishlar deyarli ikki baravar koʻpayib boryapti.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo