11:13 / 16.06.2023
632

"Endi Payg‘ambarimizga bizdan shikoyat qilmang" (Bo‘lgan voqea)

"Endi Payg‘ambarimizga bizdan shikoyat qilmang" (Bo‘lgan voqea)

Bir nur yuzli otaxon hikoya qiladilar:

1970 yillar. Bilejik viloyatidagi chiroyli shaharchada yashaymiz. Uyimizda ijarachi muftiy birodarimiz ham bor, yuziga qarasangiz, halovatni his qilasiz (Turkiyada har bir viloyat, shahar va tumanga alohida muftiy tayinlanadi). Qachon fiqhdan savolim bo‘lsa, so‘rar, har safar bir xil javob olardim:

“Xohlasangiz, kechqurun biznikiga keling, bemalol shu masalada gaplashamiz”.

O‘sha yillarda endigina namoz o‘qiy boshlagandim. Bilmagan narsalarim ko‘p edi. Muftiy oldimda ekanidan foydalanib, xayolimga nima kelsa so‘rardim.

Tumanimizda imomlik qiladigan domlamiz ham bor edi. Qur’oni karimni tajvid bilan o‘qishni u kishidan o‘rganganman. Muftiy og‘a va shu imom bir-birlari bilan qiyomatlik birodar, og‘a-ini edilar.

Bir kuni imom “Mukammal ilmihol. Saodati abadiya” kitobining muallifi Husayn Hilmiy Ishiq hazratlari haqida gapirib, u zot Istanbulda istiqomat qilayotganini aytdi. Muftiy og‘a katta ishtiyoq bilan oyning boshida Istanbulga yo‘l oldi. Maqsadi u muborak zotni ziyorat qilish edi. Lekin orzusiga yetolmadi. Kelasi oy borib, yana ko‘risholmadi. Ezilib, bo‘ynini bukib, g‘amgin holda qaytdi.

O‘sha oqshom xufton namozidan keyin qo‘llarini ochib, yig‘lab yolvoribdi: “Allohim! Ahvolim O‘zingga ayon, dardimni hech kimga tushuntirolmayapman. Men u zot bilan ko‘rishni, tanishishni istayman... Rasulullohning hurmatlari haqqi, shu muborak zotni ko‘rishni nasib et, Xudoyim!”

Shu kuni kechasi tushida sevikli Payg‘ambarimizni ko‘ribdi. U zot uyiga ko‘zni qamashtiruvchi yorug‘lik bilan kirib kelib, qulog‘iga shivirlabdilar: “Xavotir olma, o‘g‘lim, inshaalloh, orzuingga yetasan!..” Bu xushxabardan ko‘ngli hapqirib, uyg‘onibdi.

Oradan 2–3 kun o‘tib, imom muftiy og‘ani kechki ovqatga taklif qilibdi. Borib, qay ko‘z bilan ko‘rsinki, mehmonlar orasida Husayn Hilmi Ishiq hazratlari o‘tirardi! “Ustoz!” deya hayqirib yuboribdi hayrat va quvonch bilan. Ko‘rishayotganlarida u muborak zot muftiy og‘aning qulog‘iga pichirlabdi:

– Endi Payg‘ambarimizga bizdan shikoyat qilmang, xo‘pmi, birodar?


Manba: Azon.uz


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » "Endi Payg‘ambarimizga bizdan shikoyat qilmang" (Bo‘lgan voqea)
ePN