18:34 / 23.06.2023
271

Chongardagi ko‘prikka zarba: bu Rossiyaning Ukraina janubidagi guruhiga qanday xavf soladi?

Chongardagi ko‘prikka zarba: bu Rossiyaning Ukraina janubidagi guruhiga qanday xavf soladi?
Foto: KHERSON REGION GOVERNOR/TASS
22 iyunga o‘tar kechasi Ukraina qurolli kuchlari Azov dengizidagi Chongar bo‘g‘ozi bo‘ylab o‘tgan va Qrim yarimorolini Melitopol shahri bilan bog‘lovchi ko‘prikka zarba yo‘lladi. Bu ko‘prik Rossiya qo‘shinlari ta’minotida qanday o‘ringa ega va bu hodisa qanday oqibatlarga ega bo‘lishi mumkin?
 
Chongar orqali o‘tadigan yo‘l — anneksiya qilingan Qrimdan Xerson oblastining bosib olingan qismidagi Melitopol shahri va Ukraina qarshi hujum olib borayotgan janubiy frontdagi hududlarga olib boruvchi eng qisqa yo‘ldir. Qrimning Rossiya tomonidan tayinlangan rahbari Sergey Aksenov avtomobil ko‘prigi bo‘ylab zarba tunda berilgani, «jabrlanganlar yo‘qligi»ni ma’lum qildi.
 
Xerson oblastining okkupatsiya ostidagi qismi rahbari Vladimir Saldo e’lon qilgan fotosuratlarda ko‘prik jiddiy darajada shikastlanganini ko‘rish mumkin — yo‘l qoplamasida ulkan o‘yiq hosil bo‘lgan.
 
Saldo ko‘prik Britaniya may oyi boshida Ukrainaga yetkazib berilgan Storm Shadow raketalari bilan o‘qqa tutilganini taxmin qilgan.
 
Chongar bo‘g‘ozi o‘tgan avtomobil ko‘prigida harakat to‘xtatilgan, yarimorolga faqat g‘arbroqda joylashgan va Xerson oblastining okkupatsiya qilingan qismiga ham eltuvchi Perekop orqali o‘tgan yo‘l bilan borish mumkin.
 
Chongar orqali temiryo‘l marshruti ham o‘tadi. Temiryo‘l ko‘prigi avtomobil yo‘lidan janubi-g‘arbroqda joylashgan, uning shikastlanganiga oid dalillar yo‘q.
Ukraina mudofaa vazirligi bosh razvedka boshqarmasi vakili Andrey Yusov Ukraina qurolli kuchlarining zarbaga aloqadorligini rad etmadi, shu bilan birga bu zarba uchun javobgarlik to‘g‘ridan to‘g‘ri Kiyev zimmasida ekanini tan olmadi. «Hozir ish davom etmoqda — va u davom ettiriladi. Bu xavfsizlik kuchlari, mudofaa, qarshilik harakati, Ukrainaning qonuniy hukumati bu hududlariga qaytishini kutayotgan mahallliy aholining tizimli ishidir», — degan u.
 
Kreml rasmiysi Dmitriy Peskov Chongar ko‘prigiga yo‘llangan zarba yuzasidan izoh berishni istamadi, holbuki u odatda Rossiya obyektlariga qilingan hujumlar yuzasidan (jumladan 2022 yil oktyabrida Kerch bo‘g‘ozi orqali o‘tgan Qrim ko‘prigida ro‘y bergan portlash) siyosiy baho berib kelardi.
 
Rossiya nashrlari bergan xabarlarga ko‘ra, RF prezidenti Vladimir Putin va mudofaa vaziri Sergey Shoygu ham Rossiya xavfsizlik kengashining 22 iyun kuni o‘tkazilgan yig‘ilishida Chongar ko‘prigiga yo‘llangan zarbani tilga olmagan, yig‘ilishda ular yana Ukrainaning qarshi hujumi qanday qaytarilayotgani haqida ma’lumot bergan.
Chongar ko‘prigiga raketa zarbasi oqibatlari
Foto: KHERSON REGION GOVERNOR/TASS
BBC muxbiri Ilya Abishev Chongar ko‘prigining Ukraina janubidagi bosqinchi qo‘shinlar uchun ahamiyati haqida
 
«Qrim va Xerson oblastining Rossiya tomonidan egallab olingan hududini o‘zaro bog‘lovchi Chongar ko‘prigiga qilingan hujum Ukraina qurolli kuchlarining o‘tgan yil Dnipro orqali o‘tgan ko‘priklarga bergan zarbalarini eslatib yuboradi. Bunday hujumlar yo‘l qoplamalari texnikalar o‘tishi uchun butunlay yaroqsiz holga kelmagunicha bir necha oy davom etgandi.
 
Antonov ko‘prigi va Kaxovka GES to‘g‘onidagi ko‘prikka zarbalar berish orqali Ukraina armiyasi Rossiya qo‘shinlarining Xerson guruhi ta’minotini izdan chiqargan va ularni asosiy guruhdan ajralib qolish xavfi ostida qoldirgan, natijada Rossiya qismlari daryoning chap sohiliga qaytarilgandi.
 
Strategik ko‘priklarga zarbalar hozirdagi kabi quruqlik qo‘shinlari faollashuvi bilan parallel kechgandi. Ammo ayrim farqli jihatlar ham bor.
 
Xerson oblastidagi, shuningdek Zaporijjya oblastida Ukraina qarshi hujumini qaytarish bilan band bo‘lgan Rossiya qo‘shinlari ta’minot yo‘llaridan faqat bittasi Chongar ko‘prigi orqali o‘tadi.
 
Bir qarashda bu marshrut hisobdan chiqishi Rossiya guruhi uchun u qadar katta muammo tug‘dirmaydigandek ko‘rinadi — Qrimdan keluvchi yuklarni Perekop bo‘yni yoki Chongardagi temiryo‘l ko‘prigi orqali ham tashish mumkin. Qolaversa, Rostov oblastidan Donbass janubi orqali quruqlik yo‘lagi, shuningdek Berdyansk porti orqali dengiz yo‘li mavjud.
 
Ammo quruqlikdagi harbiy harakatlar faollashib, oldingi chiziqqa qurollar va o‘q-dorilar yetkazib berish zarurati keskin oshgan mahalda har qanday logistik buzilish jiddiy asoratlar keltirib chiqarishi mumkin.
 
Xususan, Jankoydan Melitopolgacha bo‘lgan yo‘l, agar Armyansk orqali aylanma yo‘l bilan borilsa, 150 kilometrga, ya’ni taxminan uch barobarga uzayadi. Temiryo‘l orqali yetkazib berish esa — hamisha ham optimal yechim emas, chunki o‘q-dorilarni baribir yana boshqa transportga qaytadan yuklash kerak bo‘ladi. Taganrog tomondan keluvchi quruqlik yo‘lagi esa Ukraina janubidagi 150 ming kishilik Rossiya armiyasi uchun yetarli bo‘lmasligi mumkin.
 
Yana ikki omilni hisobga olmoq darkor.
 
Birinchidan, boshqa ta’minot marshrutlarining boshqa zaif tomonlari ham bor. Masalan, Qrimdan Melitopolga temiryo‘l tarmog‘i Sivash ko‘rfazidagi to‘g‘on ustidan o‘tadi, Armyansk orqali yo‘lining ham ayrim nuqtalarida ko‘priklar mavjud - bu to‘g‘on va ko‘priklarni ishdan chiqarish orqali yo‘l butunlay uzib qo‘yilishi xavfi saqlanib turadi.
 
Ikkinchidan, harbiy ekspertlar hamon Xerson oblastidagi ukrain qo‘shini Kaxovka suv ombori sayozlashgani tufayli Dniproni kechib o‘tib, Zaporijjya oblastiga kelishi ehtimolini istisno qilmayapti. Bunday vaziyatda daryoning chap sohilidagi rus qo‘shinlari ko‘proq harbiy yuklarga ehtiyoj sezadi, yetkazib berishdagi har qanday kechikish esa katta muammolarga olib keladi».
Rossiya va Ukraina urushi

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Chongardagi ko‘prikka zarba: bu Rossiyaning Ukraina janubidagi guruhiga qanday xavf soladi?
ePN