date
views 436

“Vagner” rahbari Prigojin Rossiyada “adolatli marsh” boshladi

23 iyun, juma kuni kechqurun “Vagner” xususiy harbiy kompaniyasi asoschisi Evgeniy Prigojin va Rossiya Mudofaa vazirligi oʻrtasidagi uzoq yillik mojaro qaynoq nuqtaga etdi. Prigojinning aytishicha, Rossiya armiyasi shaxsan Sergey Shoyguning ruxsati bilan “Vagner” lagerlariga raketa hujumi uyushtirgan (Mudofaa vazirligi buni rad etmoqda).

Shundan soʻng Prigojin “adolat marshini” boshlashga va'da berdi, koʻpchilik bu tahdidni harbiy toʻntarish uyushtirishga urinish sifatida qabul qildi. Rossiya Federal xavfsizlik xizmati Prigojinga qarshi qurolli toʻntarishga urinish boʻyicha ish ochdi.

Evgeniy Prigojinning videomurojaatida Rossiya Mudofaa vazirligi Ukraina urushining borishi haqidagi yolgʻon bayonotlar bilan prezident Vladimir Putin va butun jamoatchilikni aldayotgani aytiladi. Uning soʻzlariga koʻra, urushning birinchi kunida Shoyguning xatosi sabab Rossiya armiyasining minglab eng yaxshi tayyorlangan harbiylari halok boʻlgan.

24 iyunga oʻtar kechasi Rostov-Don shahri “Vagner” jangchilari tomonidan bosib olindi. Shahar markazini Evgeniy Prigojinga boʻysunuvchi qurolli shaxslar egalladi.

Mahalliy OAV xabarlariga koʻra, ular Janubiy harbiy okrug shtab-kvartirasi, shahar ma'muriyati, FXX va Ichki ishlar vazirligi boshqarmalarini oʻrab olgan. “Vagner” asoschisining oʻzi uning odamlari shahardagi barcha harbiy ob'ektlarni, shu jumladan “aerodromni” ham nazoratga olganini e'lon qildi. Koʻchalarda tanklar bor. Rostov viloyati gubernatori Vasiliy Golubev Rostov-Don aholisidan “shahar markaziga bormaslikni va iloji boʻlsa, uylarini tark etmaslikni” soʻradi.

24 iyun kuni ertalab Prigojin Rossiya Mudofaa vazirligi va Bosh shtab rahbarlarining oʻrinbosarlari bilan uchrashdi. U Sergey Shoygu va Valeriy Gerasimov “Vagner”ga topshirilmaguncha, yollanma askarlar “Rostovni toʻsib, Moskvagacha borishini” aytdi.

Prigojin uning jangchilari oʻtgan kechada Rossiya Mudofaa vazirligining ikkita vertolyotini urib tushirganini ham da'vo qildi. Tadbirkorning soʻzlariga koʻra, birinchi vertolyot “fuqarolik karvoniga oʻt ochgan”, ikkinchisi esa “Vagner”ning hujum otryadiga zarba bergan.

Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov Putin yaqin soatlarda murojaat bilan chiqishini e'lon qildi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo