date
views 412

«Vagner» isyoni: G‘arb Rossiyadagi voqealarni diqqat bilan kuzatib boryapti

«Vagner» isyoni: G‘arb Rossiyadagi voqealarni diqqat bilan kuzatib boryapti
Foto: TASS
Xorijiy davlatlar Rossiyadagi harbiy isyonga vazminlik bilan munosabatda bo‘lib, vaziyat rivojini diqqat bilan kuzatib borayotganini ta’kidlamoqda. Ukraina prezidenti devoni rahbari maslahatchisi Mixail Podolyak «Rossiyada hamma narsa endigina boshlanmoqda», deb hisoblaydi.
 
Bir qator G‘arb davlatlari vakillari 24 iyun, shanba kuni ularning rahbariyati Rossiyada «Vagner» XHK asoschisi Yevgeniy Prigojinning isyoni munosabati bilan sodir bo‘layotgan voqealarni diqqat bilan kuzatib borayotganini ma’lum qildi.
 
Shu tariqa, Germaniya hukumati vakili so‘rovga javoban Berlin Moskvadagi rasmiylar va «Vagner» XHK o‘rtasida qarama-qarshilik atrofidagi voqealarni «yaqindan kuzatayotganini» bildirdi, deb xabar berdi Reuters va AFP.
 
Berlindagi hukumat matbuot kotibi o‘rinbosari Kristiane Xoffman Rossiya prezidenti Vladimir Putin o‘z murojaatida mamlakatdagi hozirgi vaziyatni «1917 yil bilan» solishtirganiga e’tibor qaratdi.
 
Yevropa Ittifoqi ham Rossiyadagi vaziyatning rivojini diqqat bilan kuzatib bormoqda. «Yevropa yetakchilari va G7 hamkorlari bilan aloqa yo‘lga qo‘yilgan», deb yozdi Yevropa kengashi rahbari Sharl Mishel Twitter'da. U voqealar rivojini «Rossiyaning ichki muammosi» deb atadi va Yevropa Ittifoqining Ukrainani qo‘llab-quvvatlashi sobit bo‘lishiga ishontirdi.
 
Oq uy Rossiyadagi «vaziyatni kuzatmoqda» va AQSH prezidenti Jo Bayden voqealar rivoji haqida ma’lumot oldi, dedi Milliy xavfsizlik kengashi vakili Adam Xodj. «Biz vaziyatni kuzatmoqdamiz, ittifoqchilar va hamkorlar bilan bu o‘zgarishlar bo‘yicha maslahatlashamiz», deyiladi Xodjning bayonotida.
 
Yelisey saroyi matbuot xizmati Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Rossiyadagi harbiy isyon bilan bog‘liq vaziyatni diqqat bilan kuzatib borayotganiga ishora qilib, Parij «Ukrainani qo‘llab-quvvatlashga e’tibor qaratganini» ta’kidladi.
 
Italiya bosh vaziri Jorja Meloni «Vagner» XHK yollanma askarlarining isyoni Ukrainadagi urush mamlakat ichida beqarorlikka olib kelayotganining isboti sifatida qaraydi, deyiladi uning matbuot xizmati bayonotida. Meloni shanba kuni qator vazirlar va xavfsizlik xizmatlari vakillari ishtirokida favqulodda yig‘ilish o‘tkazilishi rejalashtirilganini ma’lum qildi.
 
Rimdagi Tashqi ishlar vazirligi Rossiyada bo‘lib turgan italiyaliklarni ehtiyot bo‘lishga chaqirdi. Idora boshlig‘i Antonio Tayani TIV Italiyaning Moskvadagi elchixonasi bilan aloqada ekanligini ta’kidladi.
 
Chexiya tashqi ishlar vaziri Yan Lipavskiy vatandoshlarini Rossiyaga sayohat qilmaslik to‘g‘risida ogohlantirdi.
 
Polsha prezidenti Anjey Duda Rossiyadagi voqealar yuzasidan yig‘ilish o‘tkazganini ma’lum qildi. «Rossiyadagi vaziyat munosabati bilan bugun ertalab biz bosh vazir va Milliy mudofaa vazirligi hamda ittifoqchilar bilan maslahatlashuvlar o‘tkazdik. Bizning sharqiy chegaramizdan tashqaridagi voqealar rivoji doimiy nazorat ostida», deb yozdi Duda Twitter'da.
 
Britaniya razvedkasi kundalik xulosada Prigojinning isyonini «so‘nggi paytlarda Rossiya uchun eng jiddiy chaqiriq» deb atadi. «Yaqin soatlarda Rossiya xavfsizlik kuchlarining va ayniqsa, Rossiya Milliy gvardiyasining sodiqligi inqiroz qanday rivojlanishi uchun muhim ahamiyatga ega bo‘ladi», deb hisoblaydi vazirlik.
 
«Elitadagi bo‘linish juda aniq, - deydi Ukraina prezidenti devonining maslahatchisi Mixail Podolyak «Vagner» XHK qo‘zg‘olonini sharhlar ekan. - Kimdir aniq yutqazadi: yoki Prigojin (mudhish final bilan), yoki kollektiv «antiPrigojin» (guruh va «Ozero» kooperativi). Rossiyada hamma narsa endi boshlanmoqda».
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » «Vagner» isyoni: G‘arb Rossiyadagi voqealarni diqqat bilan kuzatib boryapti