17:27 / 25.06.2023
498

Amerika razvedkasi Prigojin isyonini oldindan bilgan, ammo sukut saqlagan...

Amerika razvedkasi Prigojin isyonini oldindan bilgan, ammo sukut saqlagan...
 
21 iyundayoq Amerika razvedkasi Oq uyning yuqori martabali vakillariga «Vagner» asoschisi Yevgeniy Prigojin mamlakat harbiy rahbariyatiga qarshi isyon uyushtirishga tayyorlanayotgani haqida xabar bergan. Bu haqda Amerika rasmiylariga tayanib, The New York Times yozmoqda.
 
The Washington Post nashrining qayd etishicha, AQSH razvedkasi Prigojinning rejalari haqida ma’lumotni iyun oyi o‘rtalarida olgan. Ammo Qo‘shma Shtatlarda «Vagner» rahbari nima qilmoqchiligi va bu rejalarni amalga oshirish muddatlari haqida aniq ma’lumotlar bo‘lmagan. «Rahbariyatga nimadir sodir bo‘layotganini aytish uchun yetarli signallar bor edi», dedi rasmiylardan biri.
 
The New York Times suhbatdoshlaridan biriga tayanib, so‘nggi ikki hafta ichida Rossiyada nimadir bo‘lishi mumkinligi – Vladimir Putinning hokimiyatda qolishi-qolmasligi va har qanday beqarorlik Rossiya yadroviy nazoratiga qanday ta’sir qilishi haqida «yuqori tashvish» paydo bo‘lganini ta’kidlaydi.
 
Nashrning qayd etishicha, 2021 yil oxiridagi voqealardan farqli o‘laroq, Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bostirib kirishga tayyorgarlik ko‘rayotganini ma’lum qilgan AQSH razvedkasi bu safar sukut saqlashga qaror qilgan. Amerika rasmiylari bunday ma’lumotlar Vladimir Putinni G‘arbni davlat to‘ntarishini uyushtirganlikda ayblash uchun asos berishi mumkin, deb taxmin qilishgan. Bundan tashqari, Amerika rasmiylari Rossiya prezidentining «jiddiy» zarbadan qochishiga yordam berishdan manfaatdor bo‘lishmagan.
 
Eslatib o‘tamiz, 24 iyun kuni Yevgeniy Prigojin o‘z qo‘shinlari bilan Moskva tomon «yurish» qildi. Rostov-na-Donni egallab, Moskvaga yo‘l olarkan, Prigojin mudofaa vaziri Sergey Shoygu va Bosh shtab rahbari Valeriy Gerasimovni yollanma askarlarga topshirishni talab qildi.
 
FSB Prigojinga qarshi harbiy qo‘zg‘olon uchun jinoiy ish qo‘zg‘atdi. Vladimir Putin sodir bo‘layotgan voqealarni xiyonat deb atadi.
 
Biroq 24 iyun kuni kechga borib Putin bilan bamaslahat ish ko‘rgan Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko Prigojin bilan kelishuvga erishganini e’lon qildi. Shundan so‘ng Moskvaga yurish qilayotgan Prigojin ortga qaytishini bildirdi.
 
Rossiya prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov Yevgeniy Prigojinga qarshi qurolli isyon bo‘yicha jinoiy ish to‘xtatilishini, «Vagner» o‘z dala lagerlariga borishi, Prigojinning o‘zi esa Belarusga ketishi haqida kelishuvga erishilganini aytdi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Amerika razvedkasi Prigojin isyonini oldindan bilgan, ammo sukut saqlagan...
ePN