11:08 / 26.06.2023
421

AQSHning yangi prezidenti kim bo‘ladi? Baydenning reytingi past, Tramp g‘olib bo‘lishiga ishonmoqda...

AQSHning yangi prezidenti kim bo‘ladi? Baydenning reytingi past, Tramp g‘olib bo‘lishiga ishonmoqda...

AQSHda 2024-yilning noyabr oyida prezidentlik saylovlari bo‘lib o‘tadi. Oldinda saylovgacha bir yildan ortiq vaqt bo‘lsa-da, jarayonga tayyorgarlik, prezidentlikka daʼvogarlar o‘rtasida “poyga” hozirdan boshlangan. Ayni paytda ularning soni o‘n nafardan ortdi. “Daryo” okeanorti mamlakatidagi saylovoldi manzarasi to‘g‘risida “Amerika ovozi” teleradiosi muxbiri Navbahor Imamova bilan suhbat uyushtirdi.

AQSHdagi siyosiy partiyalar o‘rtasidagi raqobat muhiti va saylov tizimi qanday? Kelasi yilgi prezidentlik saylovi borasida nimalar maʼlum?

Amerikada prezidentlik saylovi har to‘rt yilda o‘tkaziladi. Har ikki yilda esa Kongressga saylovlar bo‘lib o‘tadi. Yaʼni Vakillar palatasi aʼzolari har ikki yilda qayta saylanishi kerak yoki o‘z o‘rnini boshqalarga bo‘shatadi. Senat uchun saylovlar har 6 yilda tashkil etiladi. Amerika orada bir yil o‘tkazib, undan keyingi yilda saylov vasvasasida bo‘ladi.

2024-yilda nafaqat prezidentlikka, balki Kongressga ham saylovlar o‘tkaziladi. Kurash allaqachon boshlanib ketgan. Har ikki – demokratlar va respublikachilar partiyalarining nomzodlari imkon qadar pul jamg‘arish payida. Chunki davlat bu yerda nomzodlarga pul ajratmaydi. Davlatning bu borada ishi yo‘q.

Maxsus fondlar bor, ulardan pul olish mumkin. Lekin buning uchun ham oldin individual amerikaliklardan yetarlicha pul jamg‘arishi kerak. Deyarli har hafta, maydonga, “poyga”ga kimdir kirib kelyapti. Xususan, respublikachilardan.

Demokratlardan kim prezidentlik uchun kurashishi aniq, bu — Jo Bayden. Agar amaldagi prezident qayta saylanishga ahd qilsa, mazkur partiyadan boshqa hech kim maydonga chiqmaydi. Bu – sadoqat va partiyaviy muhabbatdir. Partiya imkon qadar hokimiyatdagi o‘rnini boy berishni xohlamaydi. Shu bois ham kim bo‘lishidan qatʼi nazar amaldagi prezident u qayta saylanmoqchimi, uni partiyadoshlari qo‘llab-quvvatlashadi.

Demokratlardan nomzod bitta bo‘lsa, respublikachilardan hozir kamida 12 kishi maydonda. Sobiq prezident Donald Trampdan tortib, uning sobiq vitse-prezidenti, uning qo‘lida ishlagan odamlar, qolaversa, ham Florida shtati gubernatori, ham u yerdagi yirik shahar Mayamining meri, Texas va boshqa qator shtatlardan daʼvogarlar bor. Ular hali elakdan o‘tadi. Saralash bosqichi kelasi yilning boshida boshlanadi. Lekin ular hozir yetarlicha mablag‘ jamg‘arib, o‘z partiyadoshlarining ko‘ngliga yo‘l topishi kerak. Hozir nomzodlar shu bilan ovora.

Skrinshot: washingtonpost.com

Har kunlik xabarlarda kim qayerda qancha pul beryapti, qancha mablag‘ jamg‘arilyapti, kim kimga qanday vaʼda beryapti, degan masalalar yangraydi. Yaʼni hozir respublikachi nomzodlarning asosiy maqsadi respublikachilarni o‘ziga tortish.

Albatta, Bayden bilan Tramp asosiy nomzodlar hisoblanadi. Ammo Amerikada reyting muhim masala. Ularning reytingi qanday tahlil qilinyapti? Yangi nomzodlar orasida amaldagi va sobiq prezidentlarga yetib olishi mumkin bo‘lganlari bormi?

Bu yerda reytinglarni har kuni va har hafta o‘tkazishadi. Qo‘shma shtatlarda omma fikri doimiy ravishda o‘rganib boriladi. Prezidentning reytingiga qaraydigan bo‘lsak, Baydenning hozirgi reytingi 35-40 foiz orasida, shundan oshmayapti. Bu albatta, katta bir salbiy reallik. Lekin prezidentlik muddatining ikkinchi yarmida bunday hollar oldin ko‘p bo‘lgan. Shuning uchun Oq uy sarosima yoki vahimada emas. Hammasi yaxshi bo‘ladi, degan yondashuv bor. Bu borada prezident Bayden bag‘oyat bosiq.

Jo Bayden
Foto: Yandex

Biroq, narigi tomondan kimlar nomzod bo‘lgani aniqlangach, keyin Qo‘shma shtatlarda saylov kampaniyasimisan saylov kampaniyasi boshlanadi. Yaʼni Baydenning shoshmasligiga sabablar ko‘p. Va albatta, Bayden ham saylov kampaniyasi uchun pul jamg‘arishi kerak. Bu yerda prezidentga qiyin jihati shundaki, u prezidentlikni ham qilishi kerak. Davlat boshqaruvi boshqa, saylov kampaniyasi boshqa. Moliyalar bir-biri bilan aralashmaydi. Manfaatlar to‘qnashuvi juda jiddiy va jurnalistlar buni yaqindan kuzatadi. Shuning uchun prezidentlikka qayta saylanmoqchi bo‘lgan prezident ehtiyot bo‘lishi lozim.

Donald Trampga kelsak, respublikachilar orasida uning reytingi ancha baland, aniqrog‘i 75-76 foizni tashkil qilyapti.

Donald Tramp
Foto: Yandex

Undan keyingilariniki 65-67 foiz, bu Florida shtati gubernatori Ron Desantis. U ikkinchi o‘rinda ketmoqda. Qolganlar ancha orqada. Donald Trampning ishonchi baland: “Birortasi menga yeta olmaydi”, deyapti. Tramp katta jinoiy ishlar, tergovlar, mojarolar markazida. Lekin ularning birortasi uni kampaniyadan to‘xtata olmaydi. U oqlanishiga ishonadi. Hozir Floridaga ikkinchi marta sudga borgan bo‘lsa, birinchisi mart oyida Nyu-Yorkda edi. Mana shu momentda unga juda ko‘plab respublikachilar pul beryapti. Yaʼni 24 soat ichida hatto 5, 6 hatto 7 million dollargacha jamg‘arilgan. Tramp shu oy 77 yoshga to‘ldi.

Amerikada nomzodlar saylov kampaniyasi uchun qancha mablag‘ jamg‘arishlari kerak? Umumiy saylov xarajatlari aytiladimi?

Albatta, har bir daʼvogar yig‘gan har bir sent hisob-kitobda va bu oshkora eʼlon qilinadi. Buni kuzatib boradigan tashkilotlar juda ko‘p. Gap bu yerda milliardlab dollarlar haqida ketmoqda. Agar barcha nomzodlar xarajatlarini hisoblasak, prezident saylovi bir necha milliard dollarlik kampaniya.

Foto: Yandex

Yaqinda prezident Baydenning o‘g‘li Hanter Bayden sudlangani butun dunyoda shov-shuvlarga sabab bo‘ldi. Bu ham prezident reytingiga taʼsir qiladimi?

Albatta, taʼsir qiladi. Prezidentning oilasi namuna bo‘lishi kerak. Amerika individual erkinlikka asoslangan jamiyat. Bu yerda hamma o‘zi uchun o‘zi javob beradi deyiladi. Lekin arboblarning bolalari nima qilayotgani, o‘zini qanday tutayotgani, axloqi oddiy qilib aytadigan bo‘lsak, mikroskop ostida.

Hanter Bayden yosh odam emas. U 53 yoshli yurist, lobbistlik ham qiladi, tadbirkor va rassom. Omma orasida o‘ziga xos nufuzga ega. U o‘tgan bir yil ichida tekshirilayotgandi. Tergov qilindi. Unga maxsus tergovchi belgilangan. Shu hafta u uchta aybni bo‘yniga oldi. Yaʼni soliq to‘lashdan bosh tortganlik va ruxsatsiz qurol ko‘tarib yurganlikda ayblanayotgandi. Bu mamlakat doimiy otishmalar, qatliomlar, yoppasiga qurolli hujumlar ichida yashashishini hisobga olsak, Hanter Baydenga qo‘yilayotgan ayblovlar jiddiy. Va bu respublikachilar tomonidan prezident Baydenga qarshi qo‘llaniladi.

Aytish kerak, Bayden nafaqat respublikachilar tomonidan, balki o‘z partiyadoshlari tomonidan ham kuchli bosim ostida. Ular nazarida ham bu o‘ziga xos sharmandalik. Bayden boshidan o‘g‘lini himoya qilib kelayotgan edi. “Bu daʼvolar asossiz”, deyayotgandi. Lekin hozirga kelib, o‘g‘lining o‘zi “ha, shunday qilganman”, dedi. Yaʼni u prokuratura bilan murosa qilar ekan va prokuratura unga qamoq jazosi so‘ramaslikka ko‘narkan, buning oqibatlari va asoratlari hali uzoq vaqt seziladi.

Foto: Yandex

Amerikada o‘tkazilgan prezidentlik saylovlarida soxta ovozlar aniqlangan holatlar ham kuzatilganmi? Mamlakatda bunday muammoga qarshi kurashish tizimi qanday ishlaydi?

Soxta ovozlar har saylovda aniqlanadi. Lekin ularning soni ko‘p emas. Federal saylov komissiyasi bor. U daʼvogarlarni ro‘yxatga oladi. Har bir shtat o‘z saylov tizimiga ega va unga Federal hukumat aralasha olmaydi. Federal qonunlar buzilsagina, federal tizim nimadir qilishi, aralashishi mumkin. Masalan, Adliya vazirligi.

Har bir shtatda davlat kotibi bor. Ular saylov tizimining boshqaruvchisi hisoblanadi va birinchi navbatda fuqarolarga hisobot beradi. O‘tgan 2020-yilgi prezidentlik saylovlarida soxta ovozlar aniqlangan.

Keyin tekshiruvlar, sud ishlari bo‘ldi, xulosalar qilindi. Lekin saylov natijasiga taʼsir qila oladigan sonda emas. Albatta, u ovozlar hisobga olinmaydi. Qo‘shma shtatlarda nafaqat soxta ovozlar, balki texnik xatolar ham uchraydi.

Hozir har bir shtatda ovoz berish huquqi bo‘yicha siyosat borligi ko‘p muhokama qilinadi. Yaʼni o‘sha shtatning parlamenti, Qonunchilar assambleyasi bu borada qator qoidalarni belgilagan va o‘ziga xos tartib joriy etilgan. Demokratlar ovozi ko‘proq kuzatiladigan, liberal ruhdagi shtatlarda, masalan, respublikachilar hokimiyatga kelganida ovoz berishni cheklovchi, yaʼni kim ovoz berishi mumkin degan savol muhokamaga chiqadi. Bu yerda huquq tashkilotlari “imkon qadar ovoz berish huquqi cheklanishga harakat qiladi”, deb nola qilib keladi. Yaʼni agar respublikachilar hokimiyatga kelsa, o‘sha shtatda ovoz berish qiyinlashadi. Chunki respublikachilar u hududdagi ko‘pchilik hisoblangan demokratlarning ovozini bo‘g‘ishga harakat qiladi, degan masala federal miqyosda muhokamada.

Foto: Yandex

Amerikada qizil va ko‘k shtatlar bor. Qizil shtatlar aksariyat hollarda respublikachilarga ovoz beradigan shtatlar, ko‘klarda demokratlar ustun. AQSHda saylov natijalarini ayniqsa u prezident saylovi bo‘lsa, o‘zgaruvchan saylovchilar belgilaydi. Bu saylovchilar ozchilik, lekin ularning ovozi oradagi farqni hal qiladi. Chunki allaqachon sodiq demokratlar va respublikachilar bor. Agar eʼtibor bersangiz, saylov natijasi bir-biriga juda ham yaqin bo‘ladi. Nomzodlar bu mamlakatda kamdan kam hollarda 3-4 foiz farq bilan yutishadi. Odatda, tafovut yarim foiz yoki bir foiz, balki ikki, maksimum uch foiz bo‘lishi mumkin. O‘sha farqni belgilashda o‘zgaruvchan – hech kimga sodiq bo‘lmagan saylovchilarning roli muhim.

Aytganimdek, shu paytgacha saylov natijasiga taʼsir o‘tkaza oladigan darajadagi xatoliklar bu yerda kuzatilmagan. Ovozlarni qayta sanash amaliyoti bu yerda keng yo‘lga qo‘yilgan. Har bir shtat o‘z fuqarolariga o‘zi javob beradi.

Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti boshqa aʼzo mamlakatlarda bo‘lganidek, bu yerga ham kelib, saylov jarayonini kuzatadi va tizimdagi qator xatolarni ochib beradi.

Foto: Yandex

Amerika xalqining siyosiy faolligi qay darajada degan yana bir qiziq masala bor. AQSHda 350 million nafar atrofida aholi yashaydi. Ularning qancha qismi siyosiy jihatdan faol, bu borada kuzatuvlar, tahlillar olib boriladimi?

Kuzatuvchi sifatida aytishim mumkinki, Qo‘shma shtatlarda siyosiy faollik juda kuchli. Lekin bu siyosiy faollik, asosan, mahalliy siyosat bilan bog‘liq. Masalan, Vashingtonni olaylik. Bu yerdagi siyosiy doiralarda tashqi siyosatga qiziqadiganlar va tashqi siyosat bilan shug‘ullanadiganlar ham hukumat ichida, ham tashqarida ko‘p. Poytaxtda tinimsiz tashqi siyosatni muhokama qiladiganlar bor. Lekin hatto Vashingtonning o‘zida ham mahallalarga, oddiy odamlar yashaydigan joylarga kirsangiz, masalan, mening qo‘shnilarim tashqi siyosatni kamdan kam tilga olishadi. Ular uchun mana shu shahardagi sharoit, turmush darajasi, mahalliy iqtisod va xavfsizlik masalalari muhim. Yaʼni Amerikada har doim saylovni belgilaydigan birlamchi omil bu – iqtisod. Chunki u hamma narsa bilan bog‘liq. Maishiy xizmat, odamlarning tirikchiligi, sog‘liqni saqlash... bularning hammasi iqtisodning ajralmas qismi. Ommaviy so‘rovlardan ham bilamiz, kuzatuvlarimizga asoslanib ham aytishimiz mumkin bunga qiziqadiganlar juda ko‘pchilik.

Amerikaliklar ham boshqa jamiyatlar singari siyosatchilarga kamdan kam hollarda ishonishadi. Yaʼni Qo‘shma shtatlarda Oq uyning ham, Kongressning ham reytingi juda past. Masalan, Kongressning umumiy reytingi, odatda, 20-30 foiz orasida bo‘ladi. Bu mamlakatda eng yuqori reytingga ega siyosiy organ – Mudofaa vazirligi. Yaʼni amerikaliklar o‘z harbiylarini qadrlashadi, ularga ishonishadi. Hazillashib ham, jiddiy ham aytamiz, chunki bu fakt, Amerikada ommaviy axborot vositalari va hokimiyatdagilarning reytingi past.

Foto: Yandex

Odamlar kuzatadi. Ommaviy so‘rovlar bejiz qilinmaydi. Chunki fuqaroning fikri muhim. Fuqaroning fikri ko‘p hollarda o‘sha saylov natijalarini ham aks ettiradi. To‘g‘ri, baʼzida kutilmagan natijalar ham bo‘lishi mumkin. Lekin baribir omma fikri oxirgi momentgacha jiddiy qabul qilinadi. Saylov vasvasasi boshlanishi bilan bu yerda hammaning og‘zida saylov bo‘ladi. Yaʼni fuqaro ogoh. Masalan, hozir iqtisodiy vaziyat ancha yaxshilandi. Lekin muammolar ko‘p. Ishsizlik ancha past, inflyatsiya ham pasaya boshladi, lekin umuman olganda u hamon yuqori.

Amerikaliklar talabchan, va muammolar ularni oyoqqa turg‘izadi. Siyosatchilariga nisbatan qanchalik ishonchsiz bo‘lmasin, kinoya va achchiq so‘zlar bilan ularni taʼriflashmasin amerikaliklar loqayd emas. Ular ertalabdan xabarlarni bilishni xohlashadi, qiziqishadi. Har soatda kunning dolzarb yangiliklari bilan tanishib borishadi. Men faqatgina poytaxtda yashayotgan amerikaliklarnigina nazarda tutmayapman, Amerikaning eng olis joylarida ham odamlar yangilikka, kim boshqaruvda ekani va u nima qilayotganiga qiziqishadi. Birinchi navbatda ular o‘zlarining mahalliy rahbarlarini, maʼmuriyatini savolga tutishadi, ulardan hisobot talab qilishadi.

Islombek Umaraliyev suhbatlashdi.


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » AQSHning yangi prezidenti kim bo‘ladi? Baydenning reytingi past, Tramp g‘olib bo‘lishiga ishonmoqda...
ePN