22:52 / 27.06.2023
201

Kreml va’da qilganidek, Prigojin isyoni bo‘yicha jinoiy ish yopildi

Kreml va’da qilganidek, Prigojin isyoni bo‘yicha jinoiy ish yopildi
Foto: BBC
27 iyun kuni «Vagner» xususiy harbiy kompaniyasining (XHK) qurolli isyoni bo‘yicha ochilgan jinoyat ishi yopildi. Bu haqda Rossiya Federal xavfsizlik xizmati (FXX) e’lon qildi.
 
«Vagner» XHK tomonidan qurolli isyon ko‘tarilishi fakti bo‘yicha qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi tugatildi», deyiladi FXX bayonotiga tayanib BBC tomonidan berilgan xabarda.
 
FXX ma’lumotlariga ko‘ra, maxsus xizmat tomonidan 23 iyun kuni Rossiya Jinoyat Kodeksining 279-moddasi (qurolli isyon) bo‘yicha qo‘zg‘atilgan ish bo‘yicha tergov davomida «aniqlanishicha, 24 iyun kuni uning ishtirokchilari bevosita jinoyat sodir etishga qaratilgan harakatlarni to‘xtatdi».
 
24 iyun kuni Belarus prezidenti matbuot xizmati «Vagner» rahbari Yevgeniy Prigojin «qurolli shaxslarining Rossiya hududida harakatlanishini to‘xtatish va keskinlikni pasaytirish bo‘yicha keyingi qadamlarni qo‘yish» taklifini qabul qilgani haqida xabar berdi.
 
Prigojinning ta’kidlashicha, u Moskvaga 200 km qolganida yurishini to‘xtatgan. Shuningdek, uning jangchilari Rostov shahrida egallangan Janubiy harbiy okrug shtab-kvartirasini tark etgan.
 
«Vagnerchilar» o‘z harakatlarini «to‘xtatgani» va ba’zi «tergov uchun muhim bo‘lgan boshqa holatlar» hisobga olingan holda jinoyat ishi to‘xtatildi, deyiladi FXX xabarida.
 
«Vagner» asoschisi Yevgeniy Prigojinga nisbatan jinoyat ishi tugatilishi haqida 25 iyun kuni Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov ham xabar bergan edi. Bundan oldin Lukashenko «Vagner» bilan kelishuvga erishgani, ular o‘z harakatini to‘xtatishi va dala lagerlariga qaytishga rozi bo‘lgani aytildi.
 
Prigojinning o‘zi Belarusga ketishi kerak, dedi Peskov. Hozir uning qayerdaligi noma’lum.
 
27 iyun kuni «Belaruskі Gayun» monitoring loyihasi «Vagner» asoschisining shaxsiy samolyoti Minsk yaqinidagi harbiy aerodromga qo‘ngan bo‘lishi mumkinligi haqida xabar berdi. Flightradar24 sayti ma’lumotlariga ko‘ra, AQSH sanksiyalari hujjatlarida Prigojin bilan bog‘langan samolyotga mos keladigan identifikatsiya kodiga ega Embraer Legacy 600 samolyoti Belarus poytaxti yaqinida pasaygan.
 
Bir kun oldin «Kommersant» gazetasi, keyin esa davlat axborot agentliklari Prigojinning isyoni bo‘yicha jinoyat ishi tergov qilinayotganini yozdi. «Kommersant»ning ta’kidlashicha, jinoiy ish qo‘zg‘atish haqidagi qaror «hali» bekor qilinmagan, chunki qaror qabul qilinishidan juda oz vaqt o‘tgan.
 
Rossiya prezidenti Vladimir Putin isyon tashkilotchilarini javobgarlikka tortishga va’da berdi, ammo shart bilan. «Vagner» guruhi jangchilari va qo‘mondonlarining ko‘pchiligi Rossiya vatanparvarlari ekanini bilardik va bilamiz», dedi u 26 iyun kuni Rossiya telekanallari orqali efirga uzatilgan murojaatida.
 
Isyonni bostirishda qatnashgan uchuvchilarning o‘limini tan olgan Putin, «Vagner» yollanma askarlariga uchta variantni taklif qildi: Rossiya Mudofaa vazirligi bilan shartnoma tuzish (Prigojin bunga qat’iyan qarshi edi), uyga qaytish yoki Prigojin bilan Belarusga ketish.
 
«Men bergan va’da bajariladi», dedi Putin, aftidan, jinoiy javobgarlikka tortmaslik haqidagi va’dani nazarda tutgan holda.
 
Biroq, Amerika urushni o‘rganish instituti (ISW) «Vagner» va Prigojinning Belarus tranziti haqida izoh berib, Putin o‘z va’dasini bajarishiga shubha bildirmoqda. ISW sharhida aytilishicha, Kreml Prigojinning ortidan Belarusga ketadiganlarni katta ehtimol bilan xoin deb bilishi mumkin.
 
«Uzoq muddatli istiqbolda ushbu va’daning qiymati shubhali», deb yozdi ekspertlar. Ularning fikriga ko‘ra, agar Putin so‘zidan qaytsa, «vagnerchilar»ning Rossiyaga ekstraditsiya qilinmasligiga kafolat yo‘q.
 
Ayni paytda, Rossiya Mudofaa vazirligi «Vagner»ga tegishli og‘ir texnikalarni armiya qismlariga topshirishga tayyorgarlik ko‘rilayotganini ma’lum qildi.
 
Prigojin xususiy harbiy kompaniyasi Ukrainadagi Baxmutni qo‘lga olishda va boshqa jangovar harakatlarda muhim rol o‘ynadi. Tadbirkor Mudofaa vazirligi bilan keskin ziddiyatga bordi va bu oxir-oqibat isyonga aylandi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Kreml va’da qilganidek, Prigojin isyoni bo‘yicha jinoiy ish yopildi
ePN