Foto: Telegram / V_Zelenskiy_official
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Mariupoldagi «Azovstal» zavodini himoya qilgan «Azov» polkining besh nafar harbiy qo‘mondoni Turkiyadan qaytarilganini ma’lum qildi. Ular 2022 yil sentyabrida asirlar almashinuvi doirasida ozod qilinib, prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘an bilan kelishilgan holda urush tugaguniga qadar uy qamog‘ida bo‘lishi uchun Turkiyaga jo‘natilgan edi.
Zelenskiy Istanbulda Erdo‘g‘an bilan muzokara o‘tkazdi va Denis Prokopenko, Svyatoslav Palamar, Sergey Volinskiy, Oleg Xomenko va Denis Shlega ozodlikka chiqarilganini aytdi.
«Biz Turkiyadan uyga qaytyapmiz va qahramonlarimizni ham qaytaryapmiz», deb yozdi Zelenskiy ijtimoiy tarmoqda.
«Azov» polki qo‘mondonlarining Turkiyadan Ukrainaga qaytishi amaldagi kelishuv shartlarini buzish hisoblanadi. Bu haqda Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, qaytish shartlarini Anqara ham, Kiyev ham buzgan. Kelishuv shartlariga ko‘ra, «Azov» jangchilari urush tugagunga qadar Turkiyada qolishi kerak edi.
2022 yil may oyida «Azovstal»ni himoya qilgan 2,5 ming ukraina askari rossiyaliklarga taslim bo‘ldi. 7 iyun kuni ulardan mingdan ortig‘i tergov uchun Rossiyaga yuborildi. Keyinchalik, ularning bir qismi Rajab Toyyib Erdo‘g‘an bilan kelishilgan holda urush tugaguniga qadar uy qamog‘ida bo‘lishi uchun Turkiyaga jo‘natilgan edi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!