21:50 / 10.07.2023
268

OAV Prigojin va Putin uchrashgani haqida xabar berdi

OAV Prigojin va Putin uchrashgani haqida xabar berdi

Foto: ALEXANDER KAZAKOV/LEV BORODIN/TASS
Vladimir Putin «Vagner» XHK isyonidan keyin uning rahbari Yevgeniy Prigojin bilan uchrashgan. Bu haqda dastlab Fransiyaning Libération gazetasi g‘arb razvedkasidagi manbasiga asoslangan holda xabar bergandi, keyinroq bu ma’lumot Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov tomonidan tasdiqlandi.

Peskovning so‘zlariga ko‘ra, uchrashuv Kremlda 29 iyun kuni bo‘lib o‘tgan va uch soat davom etgan. Unda Yevgeniy Prigojin va «Vagner» komandirlari — jami 35 kishi ishtirok etgan.

Peskovning so‘zlariga ko‘ra, komandirlar oliy bosh qo‘mondonning sodiq tarafdorlari ekani va vatan uchun bundan keyin ham jang qilishga tayyorligiga ishontirishgan.

O‘z navbatida, Putin xususiy harbiy kompaniyaning frontdagi harakatlariga va «24 iyun voqealari»ga o‘z bahosini berdi, shuningdek vagnerchilarga bundan keyingi ishlar bo‘yicha variantlar taklif etdi, deydi Kreml rasmiysi.

Bundan avvalroq Putinning Prigojin bilan uchrashuv to‘g‘risida razvedkadagi manbasiga asoslangan holda fransuzlarning Libération nashri xabar tarqatgandi. Unga ko‘ra, Prigojin va XHK komandirlari Kremlga boshqa kuni, 1 iyulda tashrif buyurgan va Putindan tashqari, Rosgvardiya rahbari Viktor Zolotov hamda Tashqi razvedka xizmati rahbari Sergey Narishkin bilan uchrashishgan.

Prigojinning isyoni

23 iyun kuni Yevgeniy Prigojin u va uning yollanma jangchilari Rossiya harbiy rahbariyati almashtirilishiga erishish uchun «adolat marshi» boshlashi haqida e’lon qilgandi. Keyingi kuni tongda XHK bo‘linmalari Rostov-Donni egalladi, yollanma jangchilarning boshqa qismi esa Moskva tomon yo‘lga tushdi.

Ammo isyon qanday tez boshlangan bo‘lsa, shunday tez yakunlandi — 24 iyun kuni kechqurun Aleksandr Lukashenko bilan muzokaralardan keyin Prigojin uning yollanma jangchilari o‘z lageriga qaytayotganini aytdi, avvaliga xiyonat uchun qattiq jazolash bilan tahdid qilgan Kreml esa vagnerchilar bilan kelishuv tuzdi.

Bu kelishuv parametrlarini Dmitriy Peskov shunday so‘zlar bilan ochiqladi: Prigojin Belarusga «ketadi», isyon to‘g‘risida jinoiy ish yopiladi, uning ishtirokchilari harbiy xizmatlari (ya’ni Ukrainga bosqindagi ishtiroki) tufayli jazolanmaydi, ularning bir qismi — isyonda ishtirok etmaganlar — Rossiya mudofaa vazirligi bilan shartnoma imzolaydi.

Prigojin hozir qayerda?

27 iyun kuni Lukashenko «Vagner» XHK asoschisi Belarusga kelganini aytgandi, ammo 6 iyul kuni — isyondan qariyb ikki hafta o‘tganida — u Prigojin Belarusda emasligini aytdi.

«Mendagi ma’lumotlarga ko‘ra, [„Vagner“ XHK] jangchilari o‘z lagerida bo‘lib turibdi. Prigojinga kelsak, u Piterda. U Belarus hududida emas», — degandi u.

New York Times gazetasi Pentagondagi manbasiga asoslanib xabar berishicha, Prigojin isyondan keyin asosiy vaqtni Rossiyada o‘tkazgan, Moskva va Sankt-Peterburg o‘rtasida qatnagan. Bundan tashqari, u umuman Belarusga borgani ham oxirigacha aniq emas. Gazeta suhbatdoshining fikricha, Prigojin o‘z joylashuvini sir tutish uchun qiyofadoshlardan foydalangan bo‘lishi ham mumkin.

Prigojinning biznes-jeti Rossiyaning bir nuqtasidan boshqasiga ko‘chib yurgani haqida avvalroq «Verstka» nashri ham Flightradar servisi orqali parvozlarni kuzatgan holda yozgandi. Servis ma’lumotlari guvohlik berishicha, 6 iyul kuni tongda Prigojinning samolyoti ikki hafta ichida ikkinchi bor Sheremetevo aeroportidan Rostov oblastiga uchgan — u front bo‘yidagi hududlarga eng yaqin harbiy aerodrom joylashgan Millerovo shahri tomon burilgan.

Flightradar servisi ma’lumotlari Financial Times jurnalistlari tomonidan ham tahlil qilingan. Nashr e’lon qilgan xaritaga ko‘ra, 25 iyundan 6 iyulga qadar Prigojinning samolyoti bir necha bor Belarusga uchgan, ammo asosan Moskva va Peterburg o‘rtasida harakatlangan.

28 iyun kuni Peterburgdagi «Fontanka» gazetasi Prigojinga o‘xshash kishini uning ofisi joylashgani taxmin qilinadigan «Trezini» mehmonxonasida ko‘rishgani haqida yozgandi.

Avvalroq ushbu mehmonxona hovlisida vagnerchilar isyoni yuzasidan tintuv o‘tkazgan kuchishlatar tuzilmalar naqd pullar solingan qutilar bilan to‘ldirilgan «Gazel»ni topishgandi. «Fontanka»ning yozishicha, isyon bo‘yicha jinoiy ish yopilganidan keyin Peterburgdagi tintuv davomida musodara qilingan 10 mlrd rubl Prigojinga qaytarib berilgan.

6 iyul kuni Peskov «Vagner» XHK rahbarining u mamlakat hududi bo‘ylab harakatlanishda davom etayotgani borasida izoh so‘ralganida Kremldagilar uni kuzatish bilan shug‘ullanmasligini aytgandi. «Biz uning [Prigojinning] harakatlanishini kuzatmaymiz, bunga imkoniyatimiz ham, xohishimiz ham yo‘q», — degandi Putinning matbuot kotibi.


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » OAV Prigojin va Putin uchrashgani haqida xabar berdi
ePN