Foto: Kremlin
Rossiya prezidenti Vladimir Putin 29 iyun kuni “Vagner” bilan uchrashuvda kompaniya komandirlariga “ish bilan ta’minlashning bir qancha variantlarini” taklif qilganini aytdi. Bu haqda u “Kommersant” muxbiri Andrey Kolesnikovga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Uning tushuntirishicha, “Vagner” komandirlariga “barchasi bir joyda to‘planib, xizmatni davom ettirish” taklif qilingan va “ular uchun hech narsa o‘zgarmasligi” aytilgan.
Kolesnikov Putindan “Vagner” jangovar bo‘linma sifatida saqlanib qoladimi, deb so‘radi. Bunga javoban Rossiya prezidenti “Vagner” mavjud emasligi, chunki Rossiyada xususiy harbiy tashkilotlar to‘g‘risida qonun yo‘qligini aytdi.
Isyondan keyin Yevgeniy Prigojin va “Vagner” komandirlari Putin bilan uchrashgani haqida Fransiyaning Liberation gazetasi xabar bergandi. Keyinchalik bu ma’lumotni prezident matbuot kotibi Dmitriy Peskov tasdiqladi. Fransuz nashrining yozishicha, uchrashuvda Rossiya gvardiyasi rahbari Viktor Zolotov va Tashqi razvedka xizmati rahbari Sergey Narishkin ham ishtirok etgan.
Putinning Prigojin va “Vagner” bilan uchrashuvi kuni — 29 iyunda Peskov jurnalistlarga “Vagner” asoschisi qayerdaligini bilmasligini aytgandi.
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring