19:09 / 14.07.2023
863

Qozog‘istonda 5 yashar qizcha vahshiylarcha o‘ldirildi

Foto: Qozog‘iston IIV

Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev Bosh prokuratura va Ichki ishlar vazirligiga Turkiston viloyatining Sariog‘ash tumanida besh yoshli qizchaning o‘ldirib ketilishi holatini sinchkovlik bilan o‘rganishni topshirdi. Bu haqda Akorda xabar bermoqda.

Qozog‘iston OAVlarining yozishicha, Sariog‘ash tumani Jibek joli qishlog‘ida qizchaning vahshiylarcha o‘ldirilgani haqida 13-iyulga o‘tar kechasi ijtimoiy tarmoqlardan ma’lum bo‘lgan. Aniqlik kiritilishicha, 2018-yilda tug‘ilgan qizaloqning jasadi qo‘shni uyda yashovchi erkakning uyidan topilgan, militsiya uni gumondor sifatida qo‘lga olgan. Ba’zi manbalar qurbon zo‘rlangani haqida xabar berdi.

Shu bilan birga, mahalliy aholi vakillari “samosud” qilish uchun erkakni ularga topshirishni so‘ragan. Biroq huquq-tartibot idoralari xodimlari o‘z vaqtida gumonlanuvchini tergov izolyatoriga olib borishga muvaffaq bo‘lgan.

Keyinroq Turkiston viloyati politsiya boshqarmasi xabar berishicha, 13-iyul kuni mahalliy politsiya bo‘limiga bir ayol murojaat qilib, bolasi yo‘qolib qolgani haqida xabar bergan. Huquq-tartibot idoralari xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari davomida mahalliy aholi vakili bo‘lgan erkakning uyidan tan jarohatlari bilan qizning jasadi topilgan.

“Mazkur fakt Jinoyat kodeksining 99-moddasi (Qotillik) bilan qayd etildi. Ekspertiza tayinlandi. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda. Gumonlanuvchi tergov izolyatoriga joylashtirildi. Tergov jarayoni Turkiston viloyati politsiya boshqarmasi rahbariyatining alohida nazorati ostida”, — deya politsiyadan iqtibos keltirgan KazTAG agentligi.

“Otyrar.kz” nashri gumonlanuvchining shaxsi haqidagi tafsilotlarni ma’lum qildi. U ilgari qotillik uchun o‘n yilga qamalgan 48 yoshli erkak bo‘lib chiqdi. Bundan tashqari, bu yil ham u sudlangan va qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish ishi bo‘yicha uch yilga ozodlikdan cheklangan. Qayd etilishicha, qozog‘istonlik probatsiya nazoratida bo‘lgan.

To‘qayev qotillik holatiga alohida e’tibor qaratdi.

“Davlat rahbari joriy yilda chiqarilgan hukmning qonuniyligini ko‘rib chiqish va shaxsga qarshi o‘ta xavfli jinoyatlar uchun jinoiy javobgarlikni kuchaytirishni muhim deb hisoblaydi”, — deyiladi Akorda xabarida.

“Ranking.kz” statistika maʼlumotlariga ko‘ra, 2023-yilning yanvar—may oylarida Qozog‘istonda voyaga yetmaganlar o‘rtasida 1 080 ta huquqbuzarlik qayd etilgan bo‘lib, bu o‘tgan yilning birinchi besh oyiga nisbatan 7,6 foizga ko‘pdir. Jinoyatlarning aksariyati – 364 tasi o‘rtacha og‘irlikdagi, 252 tasi og‘ir, 198 tasi o‘ta og‘ir va 194 tasi unchalik katta bo‘lmagan jinoyatlar toifasiga kiradi.


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Qozog‘istonda 5 yashar qizcha vahshiylarcha o‘ldirildi
ePN