Bruklindagi otishmada og‘ir yaralangan 15 yoshli o‘zbekistonlik o‘smir vafot etdi. Bu haqda New York Post xabar berdi.
Marhum Faridun Mavlonov professional UFC jangchisi bo‘lishni orzu qilgan va Jeyms Medison o‘rta maktabi o‘quvchisi bo‘lgan. U 17-iyul kuni ko‘chada yuz bergan otishmada bel sohasidan yaralangan.

Nyu-York politsiya departamenti boshlig‘i Jeyms Essigning aytishicha, marhum shunchaki noto‘g‘ri vaqtda noto‘g‘ri joyda bo‘lgan.
17 yoshli otishmada gumonlangan o‘smir politsiya qidiruvida, hali ham qo‘lga olinmagan. U Franklin Delano Ruzvelt yuqori maktabida boshqa bir bola bilan janjallashgan va ikkalasi mushtlashishga kelishib olgan.

Otishma nishoni bo‘lgan o‘smir besh nafar bola, jumladan, Mavlonov bilan ketayotganida gumonlanuvchi ularga yetti marta o‘q uzgan. Politsiya ma’lumotiga ko‘ra, o‘q otishmachining raqibiga emas, Mavlonovga teggan.

O‘lim darajasida yaralangan Mavlonov zudlik bilan Maymonidlar tibbiyot markaziga yetkazilgan, u og‘ir ahvolda ro‘yxatga olingan. Biroq politsiya u 18-iyul kuni ertalab olgan jarohatlari oqibatida vafot etganini aytgan.
O‘zbekistonlik o‘smir UFC jangchisi bo‘lishni orzu qilgan va ko‘pincha ringda ham, munosabatlarda ham himoyaviy pozitsiyani egallagan, deydi uning do‘sti.

Mavlonov bilan bir xil dzyudo maktabiga borgan o‘smir uni shunday eslaydi:
O‘zini Mavlonov dadasining amakivachchasi deb tanishtirgan 39 yoshli Azat Jo‘rayev marhumni “juda mehribon va xotirjam bola” deb atadi.
Jo‘rayevning qo‘shimcha qilishicha, qarindoshining “dushmanlari bo‘lmagan” va doimo muammolardan chetda bo‘lgan, hech qachon janjallarga aralashmagan.
Jabrlanuvchining dadasi ishlaydigan sartaroshxona yonidagi yuk tashuvchi shirkat egasi, 37 yoshli Mansur Jahongirovning aytishicha, o‘ldirilgan o‘smir “doim otasining gapiga quloq solgan”.
15 yoshli marhum olti farzandning eng kattasidir: uning ikki ukasi va uch singlisi bor. U O‘zbekistonda tug‘ilgan va AQSHga 10 yil avval kelgan.