Batutdagi oddiy sakrash 13 yoshli bolani insultga olib keldi

Batutdagi oddiy sakrash 13 yoshli bolani insultga olib keldi

Buyuk Britaniyada sodir bo‘lgan noodatiy holat ko‘plab ota-onalarni hushyor torttirdi. 13 yoshli o‘smir batutda sakrab yiqilganidan so‘ng insult va 19 marta mikroinsultni boshdan kechirdi. Shifokorlar bu og‘ir holatga bo‘yin qismidagi uyqu arteriyasining jarohatlanishi sabab bo‘lganini ma’lum qildi.

Ma’lum qilinishicha, o‘smir batutdan yiqilganidan keyin dastlab o‘zini yaxshi his qilgan. Biroq oradan bir hafta o‘tib, uning ota-onasi Endi va Shantal Shirz o‘g‘lini vannaxonada hushsiz holda topgan. Bolaning yuzining chap qismi osilib qolgan, tanasining chap tomoni harakatlanmay qolgan va nutqi ham buzilgan.

Ota-ona zudlik bilan tez yordam chaqirgan. Shifokorlar kompyuter tomografiyasi natijalariga asoslanib, bolaga insult tashxisini qo‘ygan. Tekshiruvlar davomida batutdan yiqilish vaqtida bo‘yindagi uyqu arteriyasi yorilgani va shu joyda tromb hosil bo‘lgani aniqlangan.

Shifoxonada davolanish jarayonida o‘smir yana 19 ta mikroinsultni boshdan kechirgan. Bu holat tromb bo‘laklarining miya qon tomirlariga borib qolishi oqibatida yuzaga kelgan.

Shifokorlar bolaning hayotini saqlab qolish uchun to‘rt soatlik murakkab jarrohlik amaliyotini o‘tkazdi. Amaliyot davomida ikki dona tromb olib tashlangan bo‘lib, ulardan biri 2,5 santimetr uzunlikda bo‘lgan.

Besh hafta davom etgan davolanishdan so‘ng o‘smir uyiga javob berildi. Shifokorlar yordami bilan u harakatlanish qobiliyatini deyarli to‘liq tiklagan. Biroq hozirgacha tez charchash va nutqning sekinlashishi kabi asoratlar saqlanib qolmoqda.

Bolaning otasi bu holatni haqiqiy mo‘jiza deb atadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, shifokorlar miyadagi qon aylanishi boshqa qon tomirlari orqali ta’minlangani tufayli o‘smirning hayoti saqlab qolinganini aytgan.

Mutaxassislar eslatishicha, batutda sakrash xavfsiz ko‘rinsa-da, noto‘g‘ri qo‘nish yoki bo‘yin qismiga kuchli zarba tushishi og‘ir oqibatlarga olib kelishi mumkin. Shu bois bolalar bunday attraksionlardan foydalanganda kattalar nazorati va xavfsizlik qoidalariga qat’iy amal qilinishi muhim hisoblanadi.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Zamin AI bilan muhokama qilingYangilikni tahlil qiling, foydali maslahatlar oling

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar