date
views 329

Tramp sudga bordi, aybini tan olmadi va golf klubiga uchib ketdi

Tramp sudga bordi, aybini tan olmadi va golf klubiga uchib ketdi
Foto: Kyle Mazza/Keystone Press Agency/Global Look Press

Sud eshituvi belgilanganidan 15 daqiqa kechroq boshlandi. Bu vaqtda Tramp sud hujjatlari bilan tanishib, advokatlari bilan gaplashib oldi. Jarayon boshlangach, Tramp sudya talabi bilan qoidaga ko‘ra ismi, familiyasi, yoshini aytdi. Shuningdek, sobiq prezident hech qanday modda ta’sirida emasligini o‘z og‘zi bilan tasdiqlashga majbur bo‘ldi.

Prokurorlar Tramp sud majlisiga qadar hibsga olinmasligini aytishdi. Ammo undan ish faktlarini sir saqlash va Kolumbiya okrugi federal sudiga ko‘rsatma berish uchun borishi so‘raldi. Sudya bu talablarni bajarmaslik hibsga olish uchun asos bo‘lishi, sudga hurmatsizlik deb baholanishini eslatdi.

Tramp suddan chiqib Ronald Reygan aeroportiga bordi, u yerdan Nyu-Jyersidagi golf-klubiga uchib ketdi. Parvoz oldidan muxbirlarga kichik nutq bilan murojaat qilgan Tramp «Bugun Amerika uchun juda qayg‘uli kun ekani»ni aytdi. U o‘ziga qo‘yilgan ayblovlar «siyosiy raqibini ta’qib qilish ekani»ni iddao qildi.

Trampga qo‘yilayotgan uchinchi ayblov bo‘yicha navbatdagi yig‘ilish 28 avgustda o‘tkazilib, shu kuni sud jarayoni sanasi e’lon qilinadi. Trampning sud ishi bo‘yicha birinchi eshituvda kelib chiqishi hindistonlik bo‘lgan magistrat-sudya Mohila Upadhaya raislik qildi. Sud jarayonida esa Barak Obama davrida tayinlangan kelib chiqishi yamaykalik bo‘lgan sudya Tanya Chutkan sudyalik qiladi. Ma’lumot uchun, federal sudyalar orasida ishlar tasodifiy taqsimlanadi.

Bu galgi sud ishida Trampga nisbatan to‘rt banddan iborat ayblov ilgari surilgan. Ular orasida AQShni aldash uchun fitna uyushtirish, guvohlar ko‘rsatmasini soxtalashtirish va inson huquqlarini buzishga qaratilgan finta uyushtirish kabi ayblovlar ham bor.

Ishni o‘rganayotgan maxsus prokuror Jyek Smit sobiq prezident Trampni to‘g‘ridan to‘g‘ri Kapitoliyga hujumga ayblamayapti. Vaholanki hujumda go‘yoki saylovlar nohaq o‘tganidan norozi bo‘lgan Tramp tarafdorlari ishtirok etgan.

Prezidentlikdan ketganidan keyin Tramp Vashingtonga faqat bir marta borgandi. Sud zalidan chiqishida juda ko‘p tarafdorlari uni ko‘rish ishtiyoqida kutib turishgandi. Ayblov xulosasidan avval Tramp unga nisbatan ish ochilgani «Bayden davrida AQSh korrupsiyaga o‘ralashib tamom bo‘lganidan dalolat» ekanini aytdi.

Sud binosi atrofida Trampning ko‘p sonli tarafdorlari to‘plangandi

Yangi tartibsizliklar xavfi

Trampga nisbatan sud eshituvidan avval poytaxt Vashingtonda xavfsizlik choralari kuchaytirildi. Federal sud binosi atrofi temir to‘siqlar bilan o‘rab chiqildi. Jarayonda qatnashgan sudyalarning xavfsizligi ham oshirildi.

Eshituv kuni Trampni himoya qilgan maxsus xizmat Vashingtonda tirbandlik kuzatilishidan ogohlantirdi.

Sud binosi atrofida ko‘p sonli jurnalistlar ham o‘z texnikalari bilan navbatchilik qilishdi

Respublikachilarning Trampga nisbatan munosabati

Shuncha muammolar girdobida qolgan bo‘lsa-da, Tramp hamon respublikachilar orasida prezidentlikka nomzodini ilgari suradigan asosiy da’vogar bo‘lib turibdi. Shu sabab respublikachilar uning atrofida birlashishga majbur. Ular AQSh «bananli davlat»ga aylangani, Trampga qarshi ishlar ochiqchasiga prezidentlik saylovlariga aralashuv ekanini aytishmoqda.

Tramp davrida vitse-prezident bo‘lgan Mayk Pens ham kelasi prezidentlik saylovlarida o‘z nomzodini qo‘ymoqchi. Uning imkoniyatlari yaxshi emas, lekin Pens saylovoldi dasturlaridan birida Tramp haqida shov-shuvli gapni aytishga ulgurdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, 2021 yil 6 yanvar kuni (Kapitoliyga hujum vaqtida) Tramp va sheriklarining Baydenga ovoz bergan saylovchilar vakolatlarini qabul qilmaslik borasida bosimiga uchmaslik orqali siyosatchi sifatida o‘z burchini bajargan. Pens Tramp kabi odam ortiq prezident bo‘lmasligi kerakligini aytgandi.

«Afsuski prezident atrofini uning quloqlari eshitishni xohlagan gaplarni aytadigan ahmoq huquqshunoslar o‘rab olgandi. Prezident Konstitutsiyani emas, uni tanlashimni talab qilishda davom etdi», degandi Pens saylovchilar bilan uchrashuvda.

Yig‘ilganlarning barchasi ham - Trampning muxlislari emasdi. Uni qamoqqa munosib deb hisoblovchilar ham topiladi

Trampga nisbatan ilgari surilgan bu galgi 45 sahifalik ayblovga qisman Mayk Pens Kapitoliyga hujum kuni amalga oshirgan Tramp bilan yozishmalari ham asos bo‘lgan.

Bu Trampga nisbatan ochilgan uchinchi jinoiy ish hisoblanadi. Bungacha aprel oyida Trampga qarshi maxfiy ma’lumotlarni noqonuniy saqlash, pornoaktrisaga jim yurishi uchun pul to‘lash maqsadida moliyaviy hisoblarni soxtalashtirish ayblovlari bo‘yicha ish ochilgandi.

Shu oyda Jorjiya shtati prokuraturasi Trampga qarshi saylov natijalarini o‘zgartirishga urinish ayblovi bilan jinoiy ish ochishi mumkin. Bu prezidentlik saylovida ishtirok etishni rejalashtirgan Trampga qarshi ochilgan to‘rtinchi jinoiy ish bo‘ladi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Tramp sudga bordi, aybini tan olmadi va golf klubiga uchib ketdi