date
views 235

Buyuk Britaniyada Gulnora Karimovaning 25 mln dollarlik mulki musodara qilindi

Buyuk Britaniyada Gulnora Karimovaning 25 mln dollarlik mulki musodara qilindi

Buyuk Britaniyaning Katta miqdordagi firibgarlikka qarshi kurash byurosi Gulnora Karimovaning mamlakatdagi uchta hashamatli mulkini musodara qildi. Bular — Belgraviyadagi ikkita kvartira va Surrey grafligidagi shohona uy, deyiladi byuro ma’lumotlarida.

Firibgarlikka qarshi kurash byurosi 2018-yil oktabr oyida Karimovaning Britaniyadagi aktivlarini musodara qilish bo‘yicha sudga murojaat qilgan edi. 2023-yil 8-avgust kuni Buyuk Britaniya Oliy sudi bu da’voni qanoatlantirdi. Musodara qilingan mulkning qiymati 20 million funt sterlingdan (25,4 million dollar) ko‘proqqa baholangan.

“Biz bugungi kunda ushbu obyektlarni nazoratga olish uchun bir nechta offshor hisob va kompaniyalar bilan bog‘liq murakkab moliyaviy sxemani aniqladik.
Bu qaror Buyuk Britaniyadan “iflos” pullar olinishiga barham berish yo‘lida navbatdagi qadamdir”, — dedi Firibgarlikka qarshi kurash boshqarmasi direktori Liza Osofski.

Byuro maʼlumotlarida aytilishicha, Karimova 2004—2012-yillarda telekommunikatsiya kompaniyalarining O‘zbekiston bozoriga kirishi evaziga ulardan yuzlab million dollar pora olgan.

2020-yil mart oyida Toshkent shahar sudi Gulnora Karimovani jinoiy guruh tuzish, firibgarlik va davlat mablag‘larini o‘zlashtirishda ayblab, 13 yil-u 4 oyga ozodlikdan mahrum qilgan edi. Hozir Karimova koloniyada jazo o‘tamoqda.

Gulnora Karimovaning Shveysariya, Fransiya, AQSH va boshqa mamlakatlardagi aktivlarining umumiy miqdori qariyb 1,4 milliard dollarga baholanadi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Buyuk Britaniyada Gulnora Karimovaning 25 mln dollarlik mulki musodara qilindi
LiveInternet