date
views 474

Rossiyada IIV tuzilmalaridan 5000 xodim ishdan bo‘shab ketdi

Rossiyada IIV tuzilmalaridan 5000 xodim ishdan bo‘shab ketdi

Foto: Rossiyada IIV
Iyul oyida 5 ming xodim Rossiya IIV tuzilmalarini tark etdi, dedi Vladimir Kolokolsev. Rossiya ichki ishlar vaziri kadrlar sezilarli darajada yetishmayotganini ta’kidladi.

Rossiya ichki ishlar vaziri Vladimir Kolokolsev uning idorasida xodimlarning keskin tanqisligi kuzatilayotganini aytdi. «Kadrlar taqchilligi juda katta. Aytishim kerakki, bu keskin tus oldi. Oxirgi bir oy ichida besh ming xodim ichki ishlar organlarini tark etdi. Bu qiyin vaziyat», - dedi u 10 avgust, payshanba kuni Ichki ishlar vazirligining hududiy organlari yangi rahbarlarini tanishtirish marosimida.

Kolokolsev Sevastopol va Magadan viloyatida xodimlarning sezilarli darajada kamligi sharoitida «katta yuklama» borligini ta’kidladi va mahalliy ichki ishlar organlarini «buni minimallashtirish uchun hamma narsani qilishga» chaqirdi.

Vazir xuddi shu muammo haqida Ukraina urushi oldidan ham gapirgan

Kolokolsev ilgari ham xodimlar yetishmayotgani haqida ma’lum qilgan, ammo vaziyatni keskin deb atamagandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya Ichki ishlar vazirligining asosiy bo‘linmalarida faqat 2021 yilda ishdan bo‘shagan tergovchilar soni uchdan bir qismga ko‘paygan.

«Eng jiddiy muammo – yetishmovchilik. Xususan, 2021 yilda ichki ishlar organlaridan ketgan tergovchilar soni 2020 yilga nisbatan 34 foizga oshgan. Kadrlar yetishmovchiligi masalasi post-patrul xizmati, jinoyat qidiruv bo‘limi, giyohvandlik vositalari ustidan nazorat va iqtisodiy xavfsizlik bo‘linmalari uchun ham dolzarbdir. Ya’ni, barcha muhim sohalarda», — deya ma’lum qilgan Kolokolsev 2022 yil fevral oyi o‘rtalarida, Ukraina urushi boshlanishidan bir necha kun oldin.

Rossiya ichki ishlar vaziri o‘sha paytda ham, hozir ham xodimlar ommaviy ishdan bo‘shab ketishining asosiy sabablarini e’lon qilmadi.

Rossiya hukumati IIV xodimlari sonini bir millionga yetkazmoqchi

Rossiya prezidenti Vladimir Putinning 2022 yil dekabrdagi farmoniga muvofiq, Rossiyada Ichki ishlar vazirligi xodimlarining soni 2023 yilda 922 ming kishi bo‘lishi kerak. 2024 yilda uni 12 ming nafarga, 2025 yilda esa 938 ming nafarga oshirish rejalashtirilgan edi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Rossiyada IIV tuzilmalaridan 5000 xodim ishdan bo‘shab ketdi