Foto: AirportGenCus
Dehli shahridagi Indira Gandi nomidagi xalqaro aeroportda hindistonlik bojxonachilar oltin kontrabandasi bilan shug‘ullanishda gumonlanayotgan sakkiz nafar O‘zbekiston fuqarosini qo‘lga olgan. Operatsiya natijasida qiymati 2,92 million rupiyga (35 ming 150 dollar) teng tilla zanjirlar musodara qilingan. Bu haqda mamlakat Bojxona departamentiga tayanib, mahalliy nashr xabar berdi.
Qayd etilishicha, uch nafar ayol 15 avgust kuni Toshkentdan yetib kelgan va bojxona xodimlari tomonidan to‘xtatilgan. Ularning yuklari ko‘zdan kechirilganda, qo‘l yukining orqa qismiga mahkamlangan ichi bo‘sh metall qutiga yashirilgan, umumiy og‘irligi 5,3 kilogramm bo‘lgan 50 ta tilla zanjirlar topilgan. Tekshiruvdan so‘ng, sakkiz nafar yo‘lovchi zudlik bilan hibsga olingan. Ularning barchasi o‘zbekistonlik ekani aytilmoqda.
“Oltin kontrabandasi butun dunyo mamlakatlari, jumladan, Hindiston uchun ham asosiy muammo bo‘lib qolmoqda. Oltinga bo‘lgan yuqori talab va yuqori import bojlari uni kontrabanda uchun foydali tovarga aylantirdi. Bu voqea xalqaro kirish va chiqish nuqtalarida doimiy hushyorlik va qat’iy xavfsizlik choralari zarurligini yana bir bor kun tartibiga olib chiqdi. Tergov davom etar ekan, ushbu operatsiya ortidagi tarmoqni ochish ham juda muhim bo‘ladi. Bu nafaqat qo‘shimcha jinoyatchilarni aniqlashga yordam beradi, balki bunday operatsiyalar hajmini tushunishga va ularga qarshi samarali kurashish strategiyasini ishlab chiqishga imkon beradi”, deyiladi xabarda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!