
Checheniston rahbari Ramzan Qodirov “Vagner” asoschisi Yevgeniy Prigojinning oila a’zolari va yaqinlariga hamdardlik bildirdi. U Telegram’dagi postiga Prigojin bilan tushgan suratini ilova qildi.
Qodirov Prigojinni “milliy miqyosdagi muhim shaxs” deb atadi.
Qodirov “Vagner” rahbarining urushdagi xizmatlarini eslab o‘tdi.
“Shubhasiz, u maxsus harbiy operatsiyaga katta hissa qo‘shdi. Bu xizmatlarini undan olib qo‘yib bo‘lmaydi. Uning o‘limi butun davlat uchun katta yo‘qotish bo‘ldi”, — deb yozdi Checheniston rahbari o‘z postida.
24-avgust kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin Tver viloyatida yuz bergan aviahalokatda “Vagner” rahbari Yevgeniy Prigojin o‘lganini tasdiqladi. U Prigojin “taqdiri murakkab, ammo iste’dodli odam” bo‘lganini aytdi.
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Prigojinning samolyoti qulab tushganiga munosabat bildirdi. Zelenskiy Prigojin samolyoti halokatiga Ukrainaning aloqadorligini rad etdi.
“Aviahalokatga kimning aloqasi borligini hamma tushunib turibdi”, — dedi Zelenskiy.