Foto: Dunyo
Hindiston poytaxtida joylashgan Jamiya Milliya Islamiya (Jamia Millia Islamia - JMI) universiteti hududida mutafakkir va qomusiy olim Abu Rayhon Beruniy haykali o‘rnatiladi, deb xabar qilmoqda «Dunyo».
O‘zbekiston elchisi Dilshod Ahadov va universitet rektori, professor Najma Axtar o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda professor Abu Rayhon Beruniyning boy ilmiy merosiga yuqori baho berib, uning «Kitob ul-hind» asari Hindiston haqida yozilgan ilk noyob ilmiy asarlardan biri ekanini ta’kidladi.
Abu Rayhon Beruniy haykalini oliy bilim yurtining huquqshunoslik, xorijiy tillar departamenti, dizayn va innovatsiya departamenti, arab-hind madaniyat markazi va boshqa bo‘linmalari tutashgan gavjum maydonchada o‘rnatish rejalashtirilmoqda. Haykal universitetga O‘zbekiston tomonidan taqdim etiladi.
Avgust oyi oxirida davlat rahbarining «Abu Rayhon Beruniy nomidagi YUNЕSKO — O‘zbekiston xalqaro mukofotini ta’sis etishni qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi. 4-8 sentyabr kunlari Parij shahrida Abu Rayhon Beruniy tavalludining 1050 yilligini nishonlash doirasida xalqaro ko‘rgazma hamda tadbirlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!