Kim Chen In va Putin “Vostochniy” kosmodromida uchrashdi (video)

Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan Amur viloyatidagi “Vostochniy” kosmodromida uchrashdi.
KXDR yetakchisi 12 sentyabr kuni zirhli poezdda Rossiyaning “Xasan” stantsiyasiga yetib kelgandi, bugun esa uning poezdi “Vostochniy” kosmodromi temiryoʻl vokzaliga keldi.
Shimoliy Koreya markaziy telegraf agentligi xabariga koʻra, Kim Chen In Rossiyaga tashrifi “strategik” ahamiyatga ega ekanini aytgan.
Agentlik Kim Chen Inning Rossiyaga tashrifidan maqsadni “Shimoliy Koreya va Rossiya oʻrtasidagi doʻstlik va hamkorlik munosabatlarini yangi choʻqqilarga koʻtarish” deb atadi.
Kim va Putinning muzokara mavzularidan biri — KXDRdan Rossiyaga qurol yetkazib berish boʻlishi mumkin. Gʻarb razvedka xizmatlariga koʻra, Rossiya va Shimoliy Koreya Rossiya armiyasi Ukrainadagi urushda qoʻllashi mumkin boʻlgan qurol-yarogʻlarni yetkazib berish boʻyicha faol muzokaralar olib bormoqda. Iyul oyida Shoygu KXDRga rasmiy tashrif bilan bordi. AQSh razvedkasi ushbu safarni muzokaralarga tayyorgarlik sifatida baholadi.
Qoʻshma Shtatlar Shimoliy Koreya Rossiyaga qurol yetkazib berishga rozi boʻlsa, yangi sanktsiyalar qoʻllashga tayyorligini allaqachon ma'lum qilgan. Xabarlarga koʻra, Shimoliy Koreya qurol evaziga Rossiyadan oziq-ovqat va energiya resurslarini olishga umid qilmoqda.
Kim Chen In Rossiyaga avval ham – 2019 yilda tashrif buyurgan. Oʻshanda u Vladivostokdagi forumda qatnashgan.































Izohlar 0
…