date
views 409

Qorabog‘ armanlari va Ozarboyjon vakillari uchrashuvida yakuniy kelishuvga erishilmadi

Qorabog‘ armanlari va Ozarboyjon vakillari uchrashuvida yakuniy kelishuvga erishilmadi

Foto: Reuters

Ozarboyjonning Yevlax shahrida Tog‘li Qorabog‘ armanlari vakillari va Ozarboyjon vakillari o‘rtasida uchrashuv o‘tkazildi. Muzokaralar yakunida armanlar vakili David Babayan Boku bilan yakuniy kelishuv yo‘q, tafsilotlarni kelishib olish kerakligini aytdi.

«Biz jangovar harakatlarni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishdik, ammo yakuniy kelishuvni kutmoqdamiz. Muzokaralar davom etmoqda», dedi Babayan.

Ozarboyjon prezidentining maxsus topshiriqlar bo‘yicha vakili Elchin Amirbekov, o‘z navbatida, uchrashuvda arman tomoniga tinchlik shartnomasi loyihasi topshirilganini aytdi.

«Armaniston bilan kelishuv xalqaro huquqqa asoslangan beshta banddan iborat. Xususan, har ikki davlat bir-birining ishiga aralashmaslik majburiyatini oladi. Tog‘li Qorabog‘ armanlari bilan alohida kelishuv shart emas. Endi bu Ozarboyjonning ichki ishi», dedi u.

19 sentyabr kuni Ozarboyjon Tog‘li Qorabog‘da «konstitutsiyaviy tuzumni tiklash» maqsadida «mahalliy xarakterdagi aksilterror choralari» boshlanganini e’lon qildi va tan olinmagan respublika hududini o‘qqa tuta boshladi. Ozarboyjon tomoni zarbalar faqat harbiy nishonlarga berilganini ta’kidladi.

20 sentyabr kuni tan olinmagan Qorabog‘ rasmiylari Rossiya tinchlikparvar kuchlari ishtirokida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishilganini ma’lum qildi. Shu bilan birga, tan olinmagan respublika hukumati Yevlax shahrida yig‘ilish o‘tkazish rejasini e’lon qildi. Unda «Ozarboyjon tomoni bilan reintegratsiya, Tog‘li Qorabog‘ armanlarining huquqlari va xavfsizligini ta’minlash, shuningdek Ozarboyjon Konstitutsiyasi doirasida Tog‘li Qorabog‘ aholisi hayotini ta’minlash» masalalari muhokama qilinishi haqida xabar bergan edi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Qorabog‘ armanlari va Ozarboyjon vakillari uchrashuvida yakuniy kelishuvga erishilmadi