date
views 436

To‘qayev: «Qozog‘iston Rossiyaga qo‘yilgan sanksiya rejimiga amal qiladi»

To‘qayev: «Qozog‘iston Rossiyaga qo‘yilgan sanksiya rejimiga amal qiladi»
Foto: akorda.kz

Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev Germaniya kansleri Olaf Shols bilan uchrashuvdan keyin o‘tkazilgan matbuot anjumanida jurnalistlarning savollariga javob qaytardi. To‘qayev, xususan, mamlakat Rossiyaga qarshi qo‘yilgan sanksiyalarga rioya qilishini ta’kidladi.

«Qozog‘iston, tabiiyki, Rossiyaga qarshi qo‘yilgan sanksiya rejimiga amal qiladi. Bu borada tegishli tashkilotlar bilan aloqada bo‘lib turibmiz. Shu bois, Germaniya tomonida Qozog‘iston sanksiya rejimini aylanib o‘tishda ishtirok etayotgani borasida gumon bo‘lmasligi kerak», dedi To‘qayev.

Qozog‘iston yetakchisi Ukrainadagi urushni to‘xtatish bo‘yicha ham o‘z taklifini bildirib, birinchi navbatda tomonlar harbiy harakatlarni to‘xtatishi va bir-birini ayblashni bas qilib, real harakatlar boshlashi kerakligini ta’kidladi.

«Ha, Qozog‘iston va Rossiya quruqlikda o‘zaro dunyodagi eng uzun chegaraga ega. Rossiya bilan hamkorlik qilamiz, savdo aloqalarimiz bor. 2013 yilda tuzilgan ittifoqchilik bo‘yicha kelishuvimiz ham mavjud. Ukrainadagi vaziyatga to‘xtaladigan bo‘lsam, avval harbiy harakatlarni to‘xtatish, BMT nizomiga muvofiq tinchlik bo‘yicha muzokaralarga kirishish lozim.

Janob kanslerga ham [Ukrainadagi] vaziyat aslida juda murakkab ekanini aytdim. Rossiya ham, Ukraina ham muzokaralarga tayyorligini aytmoqda, lekin bu uchun zarur platforma topilmayapti. Menimcha, dono diplomatiyaga navbat keldi deb o‘ylayman. Tomonlar bir-birini ayblashni bas qilishi va muzokaralar uchun har ikki tomonni qanoatlantiradigan asos topish ustida ishlashi kerak», dedi Qozog‘iston prezidenti.

To‘qayev Germaniyaga yetkazib beriladigan qozoq nefti hajmi oshirilishiga tayyorligini ham aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, yil boshidan buyon Qozog‘iston Germaniyaga «Do‘stlik» nefto‘tkazgichi orqali 500 ming tonna neft yetkazib bergan va bu ko‘rsatkichlarni oshirishga tayyor.

«Germaniyalik do‘stlarimizning so‘rovlariga ko‘ra neft yetkazib berish hajmini oshirishga va unga doimiy xarakter berishga tayyorligimizni aytdim», dedi To‘qayev.

Iyun oyida Qozog‘iston energetika vaziri Almasadam Satkaliyev mamlakat Germaniyaga har oy 100 ming tonna neft yetkazib berishga tayyorligini ma’lum qilgandi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » To‘qayev: «Qozog‘iston Rossiyaga qo‘yilgan sanksiya rejimiga amal qiladi»